Asus kichkina, lekin kuchli texnik xususiyatlarga ega mini kompyuteri chiqardi

Asus kichkina, lekin kuchli texnik xususiyatlarga ega mini kompyuteri chiqardi

Asus kompaniyasi o'zining yangi ExpertCenter PN53 deb nomlangan mini kompyuterini global bozorga taqdim qildi. Garchi "mini" bo'lsa ham, yangi kompyuter kapot ostida kuchli texnik xususiyatlarga ega.

Foto: Asus

ExpertCenter PN53 kompyuteri AMD Ryzen™ 6000H seriyasidagi protsessorlar (Ryzen 9 6900HX, Ryzen 7 6800H yoki Ryzen 5 6600H) va ularga integratsiyalashgan AMD Radeon™ 600M seriyasidagi grafikalar (Radeon Graphics 680M(R9/R7) yoki 660M(R5)) bilan jihozlangan. U 16GB dan ikkita, yoxud 32GB gacha bo'lgan DDR5 operativ xotirani qo'llab-quvvatlaydi va unda 1TB HDD uchun bitta va M.2 SSD'lari uchun ikkita joy mavjud.

Foto: Asus

Kompyuterda 7 ta: old tomonida USB 4 Type-C va ikkita USB 3.2 Gen 1 Type-A, orqasida esa quvvat yetkazib berish xususiyatiga ega USB 4 Type-C va yana uchta USB 3.2 Gen 1 Type-A portlari mavjud. Qo'shimchasiga, mikrofon & naushnik uyasi, 60 gertsli 4K monitorlarni qo'llab-quvvatlaydigan ikkita HDMI 2.1, ularning pastida monitor, printer, shtrix-kod skaneri yoki router/modem uchun sozlanishi mumkin bo'lgan bitta qo'shimcha port, 2.5Gbit tezlikka chiqa oladigan simli internet porti va DC quvvat portlari mavjud. Xavfsizlik uchun kompyuter orqasida qulf solish joyi va yon tomonida Kensington qulf uyasi ham bor.

Foto: Asus

Alohida ta'kidlash joizki, kompyuter Wi-Fi 6E texnologiyasi va USB 4 porti bilan 8K monitorni yoki to'rtta 4K monitorni qo'llab-quvvatlay oladi. Shu bilan birga, u radiatorlarni toza saqlash va chang va boshqalarni chiqarib tashlaydigan o'z-o'zini tozalash tizimiga ham ega. Uning o'lchami 120 x 130 x 58 mm bo'lib, og'irligi atigi 0.75 kilogrammni tashkil qiladi. Afsuski, kompyuterning qachon, qancha narxda chiqarilishi hozircha noma'lum.

O'QING: Acer kompaniyasi 16 dyuymli eng yengil noutbukni taqdim qildi