Atigi 170 dollarlik, ammo metall korpus va «aqlli» kameraga ega Xiaomi Mi Pad 4 taqdim etildi

  •   DiMaX
  •  1568
  •  26.06.2018 09:17

Atigi 170 dollarlik, ammo metall korpus va «aqlli» kameraga ega Xiaomi Mi Pad 4 taqdim etildi

Kecha – 25 iyun kuni Xiaomi kompaniyasi o‘zining Mi Pad 4 planshetini taqdim etdi. Mazkur qurilma Snapdragon 660 protsessoridagi ilk planshet bo‘ldi.

O‘QING: Xiaomi hatto Apple’ni ham dog‘da qoldirdi: 3D-skanerli ilk planshetning «jonli» rasmlari, xususiyatlari va narxlari!

Yangi devays o‘z «ajdod»i – Xiaomi Mi Pad 3 modelidan 9,4 foizga ixcham bo‘lib, ishlatishga qulay. Ya’ni, Mi Pad 4 o‘lchamlari 200,2x120,3x7,9 millimetrga, vazni esa 242,5 grammga teng. Diagonaliga 8 dyuymlik ekrani esa tomonlari o‘zaro 16:10 nisbatda ishlangan. Displeyining tasvir aniqligi 1920x1200 pikselli, ya’ni u Full HD+ formatida.

Planshetning orqa panelida OV13855 sensoriga asoslangan 13 megapikselli kamera mavjud, uning maksimal diafragmasi f/2,0’ga teng. Selfilar uchun esa Samsung S5K5E8 datchigiga ega, f/2,0 maksimal diafragmali, 5 megapikselli old kamera o‘rnatilgan.

Xiaomi bu planshetining «elektron yuragi» sifatida Qualcomm Snapdragon 660 protsessorini tanlagan. Ushbu chip 2,2 gigagersgacha chastotada ishlay oluvchi sakkizta Kryo 260 yadrosini hamda Adreno 512 grafik kontrollerini o‘z ichiga olgan.

Xiaomi Mi Pad 4 gadjeti Wi-Fi 802.11ac (2,4 / 5 GGs) va Bluetooth 5 simsiz aloqa adapterlari, shuningdek, GPS/GLONASS navigatsion tizimlari priyomnigi bilan jihozlangan. Planshetning «quvvat toshi» 6000 mA/soatlik akkumulyator bo‘lib, u zamonaviy – simmetrik USB Type-C porti orqali quvvatlanadi.

Planshet Android 8.1 Oreo operatsion tizimi bazasidagi MIUI grafik qobig‘i ostida ishlaydi. U barmoq izi skaneridan mahrum etilgan – uning o‘rniga foydalanuvchini qiyofasi orqali tanish – AI Face Unlock funksiyasi joriy qilingan.

O‘QING: Qaysi Xiaomi’lar birinchilar qatorida MIUI 10’gacha yangilanadi?

Narx masalasiga kelsak, «xitoycha Apple» o‘zining Mi Pad 4 planshetini, tezkor va doimiy xotira hajmiga ko‘ra quyidagi versiyalarda taqdim etadi:

  • 3/32 gigabaytlik talqin – 170 dollar;
  • 4/64 gigabaytlik versiya – 215 dollar;
  • 4/64 gigabaytlik va LTE tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlovchi variant – 230 dollar.

Mi Pad 4 plansheti metall korpusli bo‘lib, qora va tillarang tuslarda, 27 iyundan Xitoy bozoriga chiqariladi. Uning O‘zbekiston bozorlariga qachon yetib kelishi hozircha noma’lum, bu boradagi yangiliklarni biz bilan birga kuzating. Xiaomi’ning bir qator planshetlari esa yurtimizda ham rasmiy kafolat bilan sotilib kelmoqda.

O‘QING: 820 000 so‘mdan boshlangan Xiaomi smartfonlari narxlari (2018 yil 11 iyun) – Terashop.uz’dagi xaridingiz O‘zbekiston bo‘yicha yetkazib beriladi!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.