AuTuTu’da yangi rekord: dunyodagi eng qudratli smartfon endi iPhone X emas!

  •   DiMaX
  •  4752
  •  17.02.2018 15:49

AuTuTu’da yangi rekord: dunyodagi eng qudratli smartfon endi iPhone X emas!

Smartfonlar rasmiy namoyishidan avval turli benchmarklarda sinab ko‘rilishi odat tusiga kirgan. Benchmark bazasidagi ma’lumotlari orqali esa hali taqdim etilmagan qurilmalarning xususiyatlarini bilib olamiz.

O‘QING: Snapdragon 845'ga ega Galaxy S9 Plus AnTuTu'da imtihon topshirdi

Kecha – 2018 yilning 16 fevralida AuTuTu benchmark servisida Xitoyning ZTE kompaniyasi mahsuloti bo‘lmish Nubia Z19 smartfoni imtihon topshirdi. NX606J model raqami ostida testdan o‘tgan mazkur gadjet o‘zining quvvati bilan iPhone X hamda Samsung Galaxy S9’ni ham ortda qoldirdi. Android 8.0 Oreo operatsion tizim talqini boshqaruvi ostida ishlaydigan bu devays sinovda 271674 ball natija ko‘rsatib, rekord o‘rnatdi!

O‘QING: ZTE 10/256 GB xotirali fantastik smartfon tayyorlamoqda! (+video)

Nubia Z19 smartfonining «yuragi» – eng ilg‘or, 2,8 GGs takt chastotasidagi sakkizta yadroni o‘z ichiga olgan Qualcomm Snapdragon 845 protsessori bo‘lib, Adreno 630 grafik tezlatgichi uning quvvatini yanada oshirgan. Sinovdan o‘tkazilgan qurilmaning tezkor xotirasi 6, ichki xotirasi esa 32 gigabayt hajmga ega. Uning ekrani tomonlari o‘zaro 18:9 nisbatda bo‘lib, 2160x1080 pikselli, ya’ni Full HD+ formatida.

Aytish kerakki, mazkur gadjet Nubia Z19 smartfonining yakuniy varianti emas, balki prototipidir. Zero, testdan o‘tgan devaysning 6/32 gigabaytlik xotirasi shundan dalolat berib turibdi. ZTE esa, o‘z smartfonlarining turli xususiyatlarga ko‘ra eng yuqori, rekord ko‘rsatkichlarda bo‘lishiga intilib keladi. Masalan, mazkur kompaniyaning 2017 yilning yozida bozorga taqdim etilgan Nubia Z17 smartfoni ham 8 gigabayt tezkor xotiraga ega dunyodagi ilk mobil qurilma bo‘lgan edi.

O‘QING: ZTE’dan jiddiy flagman: Nubia Z17 taqdim qilindi

Tahlilchilarning fikricha, mazkur xitoylik kompaniya Nubia Z19 smartfonini 8/128 GB hamda 10/256 GB xotirali versiyalarda taqdim etadi. Hozirgacha «sizib chiqqan» ma’lumotlarga ko‘ra, uning romsiz ekrani tepasida, xuddi Essential Phone’dagi kabi, «o‘yiq» joy bo‘ladi. Orqa panelda esa modullari yonma-yon joylashgan asosiy kamera hamda barmoq izi skaneri o‘rin oladi.

Agarda o‘z hamyurti – OnePlus 6 flagmani o‘zib ketmasa, Nubia Z19 modeli dunyodagi eng qudratli smartfon sifatida maydonga tushadi.

O‘QING: Eng kuchli android-chipga ega barcha flagmanlar va ularning narxlari

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.