Axborot texnologiyalari vazirligi ayrim davlat saytlariga hujum uyushtirilganini ma’lum qildi

Axborot texnologiyalari vazirligi ayrim davlat saytlariga hujum uyushtirilganini ma’lum qildi

2017 yilning 20 noyabr kuni O‘zbekistondagi bir qator muassasalarning axborot resurslariga kiber hujumlar amalga oshirildi. Bu to‘g‘rida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi xabar bermoqda.

Jahon miqyosida ommaviy uyushtirilgan virtual hujumlar oqibatida turli mamlakatlarda 60 mingdan ziyod resurslar zararlangan. Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlashga ko‘maklashish markazi tomonidan amalga oshirilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida, tegishli tashkilotlarning veb-saytlarining faoliyati qayta tiklandi.

UZINFOCOM Markazi hamda Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlashga ko‘maklashish markazlari hamkorligida hujum manbasini aniqlash hamda keyinchalik bu turdagi hujumlardan himoyalanish maqsadida, zararlangan resurslarning zahira nusxalarini yaratish yuzasidan ishlar amalga oshirildi.

Ayni paytda mazkur hujum oqibatlari to‘liq bartaraf etilgan, hozirda zararlangan axborot resurslari to‘laqonli rejimda ishlamoqda. Shuningdek, istiqbolda himoya choralarini ishlab chiqish uchun ushbu kiber hujumlarning uyushtirilishi sabablari hamda usullari yaqindan tadqiq qilinmoqda.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!