Ayollar uchun maxsus to‘plam: virtual pardoz ilovalari

  •   DiMaX
  •  4173
  •  14.10.2017 14:35

Ayollar uchun maxsus to‘plam: virtual pardoz ilovalari

Texnologiyalar qanchalik yuksalmasin, baribir «dunyoni go‘zallik qutqaradi». Bu ikkisining uyg‘unligini esa bugungi ilovalar to‘plamida kuzatamiz.

Quyida keltirilayotgan mobil dasturlar ayol-qizlarimizga fotosuratlarini yanada go‘zalroq qilishga yordamlashadi. Ayrimlari esa hatto real hayotda to‘g‘ri pardoz qilish bo‘yicha tavsiyalar ham beradi.

1. Makeup Genius

Ushbu ilova suratda yuzingizni real vaqt rejimida makiyaj qilish imkonini beradi. Buning uchun smartfon kamerasi oldida qotib o‘tirish ham shartmas. Shunchaki, virtual ko‘zgu oldida bir ko‘rinish bersangiz, unga tabassum bilan qarab qo‘ysangiz yetarli. Raqamli pardozchining o‘zi chehrangizga kerakli tenlarni suradi, ko‘zingiz atroflariga pardoz beradi, lablaringizga labbo‘yoq suradi... Shuningdek, mazkur pardoz texnikalarini real hayotga qanday tatbiq etishni ham ilova orqali o‘rganib olish imkoni ham bor.

Bu ilovani iOS operatsion tizimi boshqaruvi ostidagi qurilmalar sohibalari mana bu, Android-qurilmalar egalari esa mana bu havola orqali o‘rnatib olishlari mumkin.

2. Perfect365

Mazkur dastur fotosuratdagi lab va ko‘z chegaralarini avtomatik tarzda aniqlaydi va tanlash uchun 28 ta tayyor uslubni taklif etadi. Shuningdek, makiyaj unsurlarini mustaqil tanlash ham mumkin: tenlarning rangini, cho‘tkachalarning qalinligini o‘zgartirish kabi imkoniyatlari bor. Bulardan tashqari, yuz shaklini ham o‘zgartirsa bo‘ladi: ilova yordamida iyakni noziklashtirish, buruncha shaklini yaxshilash va vizual ozish mumkin.

Perfect365 dasturini Apple qurilmalari foydalanuvchilari ushbu havola yordamida, Android tizimidagi devayslar sohibalari esa mana bu havola orqali yuklab oladilar.

3. InstaBeauty

InstaBeauty – foto va videotasvirdagi tashqi ko‘rinishni yaxshilovchi professional selfi-kamera. Unda makiyajning 50 ta uslubi, yuzdan ortiq filtrlar bor. Shular yordamida o‘z chehrangizning yanada go‘zal talqinini chiqarasiz.

iOS-qurilmalar uchun ushbu ilovani mana bu, Android-gadjetlar uchun esa mana bu havolalar orqali o‘rnatib olish mumkin.

4. MakeupPlus

Bu ilovada aniq brend mahsuloti bo‘lmish pardoz-andoz mahsulotlarini hamda makiyaj usullarini sinab ko‘rish mumkin. Unda yetakchi vizajistlar taqdim etgan namunalar asosida yaratilgan filtrlar va hatto o‘rgatuvchi videoroliklar ham bor.

MakeupPlus ilovasini iPhone hamda iPad egalari ushbu havola, Android bazasida ishlovchi gadjetlar sohibalari esa mana bu havola yordamida o‘rnatib olsalar bo‘ladi.

5. YouCam Makeup

Bitta makiyajda bir nechta ranglarni o‘zaro uyg‘unlashtirib qo‘llash uchun keng imkoniyatlar taqdim etuvchi ilova. Labbo‘yoqning bir necha tusini aralashtirish, tenlarning qorishmasidan betakror tus yaratishga erishish – bularning barchasini YouCam Makeup orqali uddalaysiz. U ajoyib selfi uchun yuzdagi kamchiliklarni yashirishi va biror mavzuga mos makiyaj variantlarini taklif etishi mumkin.

Bu ilovani iOS tizimidagi qurilmalar uchun mana bu, Android-devayslar uchun esa mana bu havolalar orqali ko‘chirib olib o‘rnatish imkoni mavjud.

6. Face Warp

Bu mobil dastur yuzning qismlarini kattaytirish va ixchamlashtirish imkonini beradi. Buning uchun qiyofani yirik planda suratga olish kifoya. Ilovaning o‘zi yuz chegaralarini tanib oladi, ko‘z, burun va lab chegaralarini aniqlaydi.

Face Warp ilovasi faqat Android tizimida ishlovchi smartfon va planshetlar uchun taqdim etilgan bo‘lib, uni mana bu havola yordamida o‘rnatib olish mumkin.

7. Plastik jarrohlik usullari Lite

Ushbu ilova plastik jarrohlik simulyatori bo‘lib, yuz qismlarining go‘yoki plastik operatsiya natijasida to‘g‘irlangan variantlarini taqdim etadi. Fotosuratlarni ijtimoiy tarmoqqa joylashdan oldin mazkur dastur yordamida yuzdagi kamchiliklarni osongina to‘g‘irlab yuborish mumkin.

U faqat iPhone hamda iPad sohibalari uchun ishlab chiqilgan bo‘lib, ushbu havola orqali o‘rnatiladi.

8. FaceFusion

Bu ilovaning funksiyalari sal o‘zgacharoq, ammo qiziqarli. U ikkita turli qiyofani o‘zaro birlashtirib, yangi chehra hosil qiladi. O‘z chehrangizni biror mashhur shaxsning yuzi bilan «chatishtirib», natijasini ko‘rishingiz mumkin. Uyog‘i o‘zingizga bog‘liq – bu «qo‘shma» qiyofani ijtimoiy tarmoqlarga joylaysizmi, yoki biror do‘stingizning yuzini shunaqa qayta ishlab, o‘ziga jo‘natasizmi...

Xullas, FaceFusion dasturini iOS-gadjetlarga mana bu havola orqali o‘rnatib olsangiz bo‘ladi.

9. Visage Lab

Visage Lab dasturi fotosuratda chehrangizni imkon qadar go‘zallashtirib beradi. U tishlarni oqartiradi, yuzning ko‘rinishini sog‘lomlashtiradi.

Ushbu ilovani iPhone va iPad sohibalari mana bu, Android tizimidagi smartfon va planshetlar foydalanuvchilari esa mana bu havolalar yordamida ko‘chirib olishlari mumkin.

10. FaceApp

Bu – allaqachon klassikaga aylanib bo‘lgan ilova. FaceApp yuzni yoshartiradi va keksaytiradi, tabassumli variantini chiqarib beradi... U hatto kishining qarama-qarshi jins vakili sifatidagi qiyofasini ham yaratib bera oladi.

Mazkur dasturni o‘rnatib olish uchun iTunes’ga mana bu, Google Play’ga esa mana bu havolalar orqali o‘tish lozim.

11. Spring

Ushbu ilova yuzni emas, balki qomatni suratda yaxshiroq chiqarishga xizmat qiladi. Spring qomatni butunligicha yoki uning ayrim qismlarini cho‘zadi; rasmdagi bosh o‘lchamini kattalashtiradi va kichraytiradi.

Bu ilova faqatgina iOS operatsion tizimi boshqaruvi ostidagi qurilmalar uchun ishlab chiqilgan, uni mana bu havola orqali yuklab olish imkoni bor.

Shuningdek, ayollar uchun eng zo‘r Telegram-kanallar to‘plamiga ham nazar solishingizni tavsiya etamiz.