Barchaning aql-hushini o‘g‘irlagan Pokemon GO qanaqa o‘yin?

Barchaning aql-hushini o‘g‘irlagan Pokemon GO qanaqa o‘yin?

Shu yilning 6 iyunida yaponlarning Nintendo kompaniyasi Pokemon GO o‘yinini omma e’tiboriga havola qildi. Bir yarim hafta o‘tar-o‘tmas kompaniyaning qimmatli qog‘ozlari narxi 1,5 barobarga ortib ketdi. Dunyo esa bir zumda Pokemon Go vasvasasiga uchradi. Hozirda, AQSh va Yevropadan tortib Xitoy va Rossiya aholisigacha pokemonchiga aylandi. Bosniyada ashaddiy o‘yinchilar pokemon qidirib urush davrida minalangan binoga kirib ketdi, hattoki, suriyaliklar “pokemon”ga kasal bo‘ldi.

  1. Bu qanday o‘yin?

Nintendo kompaniyasi tomonidan ishlangan o‘yinni Android va iOS tizimli smartfon va planshetlarda o‘ynash mumkin. O‘yinchi ko‘chalar va tashkilotlarda, xiyobonlarda pokemon tutadi.

  1. O‘ynash tartibi qanday?

Juda oddiy: pokemonlarni tutasiz va mashq qildirasiz. O‘yinchi smartfonining kamerasi orqali atrofga qaraydi, o‘yin dasturi esa manzaraga virtual ob’yektlarni joylaydi.

Pokemonlar manzaraning qayerida paydo bo‘lishi dasturchi tuzgan mezonlargagina bog‘liqdir. Pokestop bu pokemonni tutish uchun soqqa va boshqa foydali buyumlar olinadigan joy. Ma’lum darajaga erishgandan keyin pokemonlarni maxsus maydonchalarda mashq qildiriladi.

Yotib olib bamaylixotir o‘ynay olmaysiz. Tunda arvoh pokemon, istirohat bog‘larida o‘rmon pokemonlari, suv havzalari bo‘yida suv pokemonlarini uchratasiz.

  1. O‘yinning zavqi nimada?

Pokemon tutib va ularni mashq qildirib, shuningdek, boshqa o‘yinchilar bilan hamisha muloqotda bo‘lib, vaqtni chog‘ o‘tkazasiz. Aytgancha, pokemon tutish oson ish emas. Hozircha, ko‘plar 150tachasini tutishmoqda, o‘yin dasturida esa 751ta pokemon bor.

  1. Pokemon qanday tutiladi?

Pokemonni uchratganingiz zahoti kamerani unga to‘g‘rilab qizil-oq soqqa bilan nishonga olasiz. Adashsangiz, qochib ketadi. Boshqa o‘yinchilar bilan raqobatga kirishish imkoni yo‘q, ammo beshinchi darajaga yetishgandan so‘ng pokemonlarni maxsus maydonchada mashq qildirsa bo‘ladi.

  1. O‘yin haqiqatan dunyoga mashhurmi?

Mashhur bo‘lganda-chi? O‘n kunning nari-berisida Nintendoning qimmatbaho qog‘ozlari narxi bir yarim barobarga oshgani sizga buni anglatmayaptimi? Yuz minglab odamlar kuniga 45 daqiqa vaqtini o‘yinga sarflaydi. Pokemon tutish ashyolari savdosidan Nintendo bir sutkada 1,5 mln dollar ishlamoqda.

  1. Pokemon GO muvaffaqiyatining siri nimada?

Avvalo, Pokemon GO dangasalarning emas harakatchanlarning o‘yinidir. Ha, pokemonlarni tutish uchun jismoniy harakatlanish talab etiladi, ekranga tikilib o‘tirmaysiz. Ikkinchidan esa o‘yin shunchalik mashhurligiga qaramasdan, bepuldir. Zaruriy ashyolar pokestopda paydo bo‘ladi. Ularga tezroq ega bo‘lishni istasangiz, xarid qilasiz, vassalom.

  1. Qayerdan yuklab olay?

Shoshmang. Google Playda qalbaki versiyalari bor, undan ehtiyot bo‘ling. Allaqachon, Pokemon Go Ultimate dasturini 50 mingdan ortiq e’tiborsiz foydalanuvchilar yuklab olishdi va ekranni to‘sib qo‘yuvchi, behayo saytlarga yo‘naltiruvchi holatlar kuzatildi.

Yuklab oling: iOS uchun, Android uchun

  1. Pokemon o‘zi nima?

Pokemon g‘aroyib qobiliyatga ega yumaloqqina kichik maxluqchadir. Uni 1997 yilda Nintendo kompaniyasi o‘ylab topgan hamda u haqda ko‘p qismdan iborat o‘yin va multfilmlar chiqargan.

  1. Pokemonlarning virtual olamida nima bor?

Pokemonlarning virtual dunyosi yuzlab turdagi maxluqchalari bilan, ularni tutuvchi va mashq qildiruvchi murabbiylari bilan biznikidan farqlanadi. Ular o‘z pokemonlarini boshqa murabbiyning pokemonlariga qarshi qo‘yishadi. Asosiy maqsad barcha pokemonlarni to‘plash yoki eng yaxshi murabbiylik maqomiga erishishdir.

Pokemonlar haqidagi hikoyamizni yakunlaymiz. Darvoqe, maqolani tayyorlash jarayonida amerikaliklar pokemon qidirib istirohat bog‘iga yopirilishgani va yo‘ldagi harakatni to‘xtatib qo‘yishgan haqida xabar topdik. Tomosha qiling.

Saudiya Arabistoni Ulamolar kengashi Pokemon o‘yini xususida qat’iy fikr bildirdi. Pokemon masalasini Rossiya Dumasi deputatlari ham muhokama qilmoqda.

Shunga qaramay, Pokemon GO dunyo bo‘ylab shiddat bilan tarqalishda davom etmoqda. Toshkent ko‘chalarida pokemon qidirib yurganlarni uchratish noyob hol bo‘lmay qoldi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!