BATAFSIL QO‘LLANMA: Yangicha – 9 xonali tizimda telefon raqamining kodini qanday aniqlaymiz?

  •   DiMaX
  •  6346
  •  10.09.2018 13:30

BATAFSIL QO‘LLANMA: Yangicha – 9 xonali tizimda telefon raqamining kodini qanday aniqlaymiz?

Xabaringiz bor – 10 sentyabrdan boshlab O‘zbekistonda uyali aloqa operatorlari va shahar raqamlarini 9 xonali terish tartibi joriy qilindi. Endi biror raqamga qo‘ng‘iroq qilishda uning raqamini 7 xonali emas, balki undan oldingi ikki xonali kodini ham qo‘shgan holda, 9 xonali qilib terasiz.

O‘QING: DIQQAT! Telefon raqamlarimiz 9 raqamli bo‘lyapti

To‘g‘ri, hozirgi kunda aksariyat tanish-bilishlarimizning telefon raqamlarini o‘z telefonimizning xotirasida, to‘liq xalqaro kodli shaklda saqlab qo‘ymoqdamiz. Lekin turli sabablarga ko‘ra birovlarning raqamini kodsiz – 7 xonali raqam tarzida saqlab qo‘ygan bo‘lishingiz mumkin. Agar telefoningizdagi raqamlar kodsiz saqlangan bo‘lsa, ularning kodini aniqlash va to‘liq kodi bilan saqlab qo‘yishning yaxshi usulini tavsiya etmoqchimiz.

Bunda sizga O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazining rasmiy Telegram-boti ko‘makka keladi. Uning nikneymi @uztbmbot, manzili esa – https://t.me/uztbmbot. Shu botga ulanib, qaysi prefiks qaysi mobil operator va viloyatga tegishli ekanligini bilib olishingiz mumkin.

Deylik, tanishingizning «397» bilan boshlanuvchi telefon raqamini kodsiz yozib qo‘ygansiz va hamisha shu shaklda – 7 xonali raqam tarzida terib bog‘lanib kelgansiz. @uztbmbot’ga ulanib, tilni tanlaganingizdan so‘ng chatda uning funksiyalari yozilgan menyu tugmachalari chiqadi. Eng birinchi qatordagi «Telefon raqam orqali uyali aloqa operatorini aniqlash»ni bosasiz va bot sizga mana bu javobni yuboradi: «7 ta belgidan iborat telefon raqamini yoki boshidagi 3 raqamni kiriting, misol uchun: 1234567 yoki 123, Tekshiruv O‘zbekiston Respublikasidagi uyali telefon raqamlari orqali amalga oshiriladi.»

Endi unga «397» raqamini yozib jo‘natasiz. Mana, kelgan javobga qaraymiz:

Ko‘rib turibsizki, «397» bilan boshlanuvchi telefon raqami naq oltita hududdan biriga tegishli bo‘lishi mumkin ekan! Lekin, bot javobining so‘ngida ta’kidlanganidek, yulduzcha (*) bilan ko‘rsatilgan raqamlarga qo‘ng‘iroq qilish faqat kod orqali amalga oshiriladi. Siz esa shu paytgacha bu tanishingizning raqamini hamisha kodsiz terib bog‘lana olgansiz, demak, yulduzcha bilan ko‘rsatilgan uchta variantdan voz kechamiz.

Endi uchta variant qoldi va tanishingizning telefon raqami shulardan aniq bittasiga tegishli. Bunga aniqlik kiritish uchun endi o‘sha tanishingiz raqamni qayerdan olgan bo‘lishi mumkinligiga, yoki yaxshiroq usuli – siz o‘zingiz aynan qayerdan turib unga kodsiz terib tusha olganingizga e’tibor qaratasiz. Shunga ko‘ra, u Samarqand viloyatida bo‘lsa – 97 kodli UMS abonenti, Toshkent shahrida bo‘lsa – 93 kodli Ucell abonenti, Farg‘ona viloyatida bo‘lsa – 91 kodli Beeline abonenti ekanini aniqlaysiz.

Kodini aniqlagach, tanishingizning telefon raqamini +998 9X 397XXXX tarzida saqlab qo‘yishni esdan chiqarmang!

O‘QING: Mobil operatorlar bizdan nimani yashirmoqda?

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!