Batareyasi baquvvat smartfonlar

  •   DiMaX
  •  6745
  •  08.02.2017 12:22

Batareyasi baquvvat smartfonlar

Telefonga qo‘yiladigan talablardan biri (ayniqsa bizning sharoitda) – bu, albatta, batareyasining quvvati ko‘proq vaqtga yetishidir. Yaxshiyamki, texnologiyalar rivojlanib bormoqda va ishlab chiqaruvchilar yupqa korpus ostiga ham ko‘p quvvat saqlaydigan akkumulyatorlar o‘rnatishni o‘rganib olishgan. Endilikda 3000 mA/s sig‘imli batareyalar o‘rta va yuqori segmentdagi smartfonlar uchun unchalik ham katta ko‘rsatkich bo‘lmay qolgan.

4pda.ru sayti shu yo‘nalishdagi yetakchilar – akkumulyatori 4000 mA/s va undan yuqori bo‘lgan smartfonlar ro‘yxatini taqdim etgan.

Meizu M5 Note

 Meizu M5 Note ajoyib xususiyatlari bilan foydalanuvchilarni o‘ziga rom etadi: katta burchak ostida ham qarash mumkin bo‘lgan va Full HD-sifatda ko‘rsatadigan 5,5-dyuym o‘lchamli IPS-ekrani; MediaTek Helio P10 protsessori, 3 yoki 4 GB tezkor xotirasi, kengayuvchi ichki xotirasi, LTE standartini qo‘llab-quvvatlashi – xullasi kalom, shunday parametrlarga mos sig‘imdor batareya bo‘lmasa ham bo‘lmasdi-da! Ha, 4000 mA/s sig‘imli akkumulyatori smartfonning aloqa modullari faol holatida bir-bir yarim kun davomida ishlashiga imkon beradi. Uning o‘z jamlanmasidagi quvvatlash qurilmasi esa sarflangan foizlar o‘rnini tezda to‘ldirib bera oladi. Darvoqe, mehnat ta’tiliga chiqayotib, Meizu M5 Note’ni bemalol ish stolingizning tortmasiga tashlab ketishingiz mumkin – ikki haftadan so‘ng kelib, javobsiz qo‘ng‘iroqlarni ko‘zdan kechiraverasiz. Axir, bu vaqt oralig‘ida batareya quvvatining katta qismini yo‘qotadi, ammo qurilma o‘chib qolmaydi.

LeEco Le Pro 3

Mazkur ro‘yxatimizda ushbu gadjet ham eng zo‘r smartfonlar orasida faxr bilan o‘rin egallab turibdi. Qualcomm Snapdragon 821 protsessori va 4 yoki 6 GB tezkor xotirasi evaziga uning ishlash tezligi katta. 5,5-dyuymli Full HD-ekran ortida joylashgan 4070 mA/s quvvat sig‘imiga ega batareyasini esa USB Type-C porti orqali tezda to‘ldirish mumkin. Android 6.0 Marshmallow operatsion tizimi qurilmaning energiya sarfini qo‘shimcha tarzda optimallashtirishga yordam beradi. LeEco Le Pro 3 orqali uzluksiz internetda o‘tirib, messenjerlar orqali 6-7 soatlab muloqot qilish mumkin. Garchi har kuni quvvatlantirishga to‘g‘ri kelsa-da, bu xususiyatlar ko‘pchilik foydalanuvchilarni bemalol qoniqtiradi.

Xiaomi Redmi Note 4

Arzon narxlari va ajoyib parametrlari bilan bozorlarni zabt etayotgan ushbu kompaniya mahsulotlari har jihatdan, jumladan, akkumulyator quvvati bo‘yicha ham o‘zini oqlaydi. Xiaomi Redmi Note 4 modeliga e’tibor qaratish uchun sabablardan biri – ishlab chiqaruvchining aksariyat qurilmalarida ishlatiladigan 4100 mA/s sig‘imli an’anaviy batareyasidir. 5,5-dyuymli Full HD-ekrani va boshqa baquvvat qismlarining bemalol ishlashi holatida ham smartfon akkumulyatori bir sutkadan oshiq vaqtga turib bera oladi. Eng yuqori yorqinlik rejimida ham unda salkam 12 soat davomida uzluksiz video ko‘rish mumkin. Bularning bari qurilmadagi optimallashtirilgan, yadrolar faolligini boshqarish tizimiga ega Helio X20 ot MediaTek protsessori sharofati bilan amalga oshiriladi.

ZUK Z1

 Bu gadjet birmuncha eski rusumdagi, ammo baribir o‘z o‘rniga ega va ishlash tezligi kuchli Qualcomm Snapdragon 801 chipsetiga hamda 3 GB tezkor xotiraga ega. 5,5 dyuymli Full HD-ekrani ko‘p quvvat talab qilsa-da, smartfon batareyaning quvvatini tejab ishlata olishi bilan e’tiborga loyiq. Garchi sig‘imi 4100 mA/s bo‘lsa-da, avtonom ishlashi bo‘yicha u Xiaomi va Meizu mahsulotlaridan qolishmaydi. Sinovlarda aniqlanishicha, kuchli yorqinlik darajasida uzluksiz Full HD sifatli video ko‘rganda ham batareyasi 12 soatdan oshiq vaqtga chidab beradi. O‘yinlar o‘ynaganda esa uning quvvati besh soatga yetadi. Aralash rejimda – mobil internet, navigatsiya va kameradan faol foydalanganda ham smartfonni ikki kun davomida bemalol quvvatlantirmasdan ishlatish mumkin.

Ulefone Tiger

Garchi yuqorida sanab o‘tilgan «yurtdosh»lari – Xitoy telefonlari kabi har tomonlama yuqori xarakteristikalari bilan maqtana olmasa-da, Ulefone Tiger – nomiga munosib qurilma. Mustahkam metall korpus bilan himoyalangan smartfonning 5,5 dyuymli, katta aniqlikka ega ekrani va MediaTek MT6737 protsessori bor. Ichidagi 4200 mA/s sig‘imga ega batareya bo‘lsa smartfondan 3G tarmoqlarda faol foydalanishda to‘liq ish kuni mobaynida, kutish rejimida esa bir necha hafta davomida o‘chib qolmasligini kafolatlaydi.

Vphone M3

Vphone M3 ko‘proq ekstremal hordiq chiqarish ishqibozlariga mos keladi. Uning IP68 standarti bo‘yicha himoyalangan korpusi ostida 4500 mA/s sig‘imli batareya joylashgan. 5 dyuymli ekrani evaziga korpus nisbatan kamtarroq o‘lchamlarini saqlab qolgan. Kutish rejimida 10 kundan oshiq muddatga bu smartfonning quvvati tugab qolmaydi, so‘zlashuv rejimida esa – 15 soat. Avtonom tarzda uzoq ishlash bo‘yicha afzalligidan tashqari, Vphone M3 modelida pulsometr va audiometr funksiyalari ham mavjud. Ikkita SIM-karta qo‘yish mumkinligi va qo‘llab-quvvatlanadigan mobil aloqa chastotalar diapazoni kengligi bilan qurilma har qanday joyda ham aloqani ta’minlab tura oladi.

ZTE Blade A2 Plus

ZTE kompaniyasi Blade A2 Plus smartfonining 9,8 mm qalinlikdagi korpusi ostidagi batareyasi naq 4900 mA/s sig‘imga ega. Smartfon kutish rejimida salkam uch hafta, 3G tarmoqlarda so‘zlashuvda esa 22 soat davomida quvvatlantirishsiz ishlay oladi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, gadjetning akkumulyatori aralash rejimda uch kun yoki video ko‘rish rejimida 12 soatga yetadi. Unga sakkiz yadroli MediaTek MT6750T protsessori o‘rnatilgan, old yuzasining katta qismini esa 5,5 dyuymli Full HD-ekran egallagan.

ASUS ZenFone Max

Tez ishlashi bo‘yicha yetakchi bo‘lmasa-da, bu smartfonning Qualcomm Snapdragon 410 protsessori va 2 GB tezkor xotirasi ham foydalanuvchilar uchun uzoq muddatli veb-syorfing, ijtimoiy tarmoqlarda muloqot uchun yetarlicha imkoniyat taqdim etadi. Metall emas, balki plastikadan foydalanilgani uchun ham ASUS ZenFone Max korpusi birmuncha qalin – 10,55 mm. Endi, shunaqa qalin korpusga ega qurilmaga katta sig‘imli batareya o‘rnatmasa ham hayf bo‘lardi-da, nima dedingiz? Ha, naq 5000 mA/s sig‘imli akkumulyatori gadjetning shu segmentdagi aksariyat raqobatchilari oldida yaqqol ustunligini ta’minlagan. Axir, kutish rejimida 38 kun, uzluksiz so‘zlashuvda esa bir yarim kun mobaynida ishlashga yana qaysi smartfon batareyasi turib bera oladi!? Lekin buyam hali hammasi emas – ZenFone Max’dan boshqa qurilmalarni quvvatlantiruvchi zaryad saqlagich sifatida ham foydalansa bo‘ladi! Yana LTE tarmog‘ida ishlay olishini ham inobatga olsak, sig‘imdor batareyaning ahamiyati yanada yuqori ekanini payqash qiyin emas.

Blackview BV6000S

Ushbu qurilmaning old yuzasiga uning himoya standartini aks ettiruvchi «IP68» yozuvi faxr bilan yozib qo‘yilgani bekor emas. Smartfonni sinovlarda suvga cho‘ktirib ko‘rishgan, yuqoridan tashlab ko‘rishgan, hatto yondirishga ham urinishgan, ammo bularning birortasi uning ish faoliyatiga aslo salbiy ta’sir ko‘rsata olmagan! Albatta, bunaqa baquvvat, chidamli qurilmaning akkumulyatori ham boshqa parametrlariga mos – 5000 mA/s. Himoyalangan korpus ostiga yashirilgan bu akkumulyator gadjetning turli rejimlarda uzoq vaqt ishlashini ta’minlashdan tashqari, tezda quvvat oladi ham. 4,7 dyuymli HD-ekran va MediaTek MT6735A protsessori ham Blackview BV6000S’ning bitta quvvatlantirish bilan ko‘p vaqt bemalol ishlashini ta’minlaydi.

Nomu S10

Tashqi himoyasi kuchli va katta sig‘imli akkumulyatorga ega smartfonlardan yana biri. Umuman olganda, «ekstremal» gadjetlar uchun sig‘imdor batareya – o‘ta muhim tarkibiy qismdir; axir, cheksiz sahro o‘rtasida yoki tog‘ning tepasida bo‘lsangiz, telefoningiz zarbadan va namlikdan himoyalangan bo‘lsa-yu, lekin zaryadi tugab qolaversa, undan nima naf!? Nomu S10 modeliga 5 dyuymli, 1280x720 pikselli sifatli IGZO-panel o‘rnatilgan. To‘rt yadroli MT6737T protsessori va 2 GB tezkor xotirasi, yana 5000 mA/s sig‘imli akkumulyatori bor. U 11,5 soat davomida eng yuqori yorqinlikda video ko‘rishga yetarli. O‘zining jamlanmasidagi adapteri orqali smartfonning batareyasini ikki soatga yaqin vaqtda to‘ldirish mumkin, lekin bu ko‘rsatkichni nisbatan kuchliroq boshqa quvvatlagich bilan pasaytirish mumkin. Lekin turli vaziyatlarda bu smartfonni so‘zlashuv rejimida bir yarim kun, kutish rejimida esa 24 kun mobaynida quvvatlantirmasdan ishlatishingiz imkoni mavjud.

Doogee T6 Pro

Korpusi oq yoki qora plastikdan ishlangan, bir qaraganda ko‘rimsizgina Doogee T6 Pro ichiga uncha-munchani yo‘lda qoldiradigan 6250 mA/s sig‘imli batareya o‘rnatilgan. Nisbatan yangi MediaTek MT6753 protsessori va MediaTek Pump Express Plus texnologiyasi evaziga batareya atigi ikki soatda to‘la quvvatlanib ulguradi. Lekin shu quvvati bilan u kutish rejimida 39 kun, 3G tarmog‘idagi muloqotda 40 soat, aralash rejimda esa uch kun ishlab beradi! Sinovlarda aniqlanishicha, ekranning eng yuksak yorqinlik darajasida qurilma 20 soatu 37 daqiqa video ko‘rsata olgan. Bir soatlik Real Racing 3 o‘yinida esa uning quvvati atigi 15% kamaygan. Darvoqe, video va o‘yinlar uchun bu qurilmaning 5,5 dyuymlik HD-ekrani juda qulay.

HomTom HT6

Garchi bu qurilma tezkorligi bilan e’tiborni torta olmasa-da, odatiy so‘zlashuvlar va kundalik zaruriy ilovalardan foydalanishga juda qulay. Ishlab chiqaruvchilar unga naq 6250 mA/s sig‘imli batareya o‘rnatishganligi ham smartfonning «ish uchun» yaratilganligidan dalolat. Axir, u o‘rtacha ishlatilganda yetti kunga, uzluksiz so‘zlashuv rejimida esa uch kunga chidaydi! MediaTek texnologiyalari tufayli uning batareyasi atigi 30 daqiqada 75% gacha quvvat oladi. Boshqa parametrlari bilan birga, uning 5,5 dyuymli, 1280x720 pikselli va Gorilla Glass oynasi bilan himoyalangan displeyini ham ta’kidlab o‘tsak arziydi. Android 5.1 Lollipop operatsion tizimida ishlaydigan mazkur qurilma 4G standartini qo‘llab-quvvatlaydi va unga qo‘shimcha xotira kartasi qo‘yish mumkin.

Oukitel K10000

Nihoyat, ro‘yxatimiz yetakchisi – 10000 mA/s sig‘imli batareyaga ega smartfon! Bunqalik baquvvat akkumulyatorni joylashtirish uchun ham Oukitel K10000 modelining mustahkam korpusini 13,8 mm qalinlikda qilishgandir balki. Batareyani noldan boshlab to‘liq quvvatlantirish uchun «atigi» 3 soatu 47 daqiqa vaqt ketadi. Ammo unda ekranning eng yuqori yorqinligi rejimida deyarli 21,5 soat video ko‘rish mumkin. Smartfonda bir soat o‘yin o‘ynagan taqdirda ham batareyaning atigi 3% quvvati ketadi. 1280x720 pikselli ekranining o‘lchami diagonaliga 5,5 dyuym. Qurilmaning yaxshi ishlashini MediaTek MT6735P chipi ta’minlab beradi. Bir so‘z bilan aytganda, gadjetning tashqi ko‘rinishi ham chakki emas: burchaklarga boy dizayn, yon tomonidagi tugmachalari bo‘rtib turganligi esa uni boshqarishda qulaylik yaratadi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.