Beeline 20 ta shaharda 4G xizmatini joriy qiladi

Beeline 20 ta shaharda 4G xizmatini joriy qiladi

O‘zbekistonning yirik mobil operatori bo‘lmish Beeline 2017 yilning oxiriga qadar O‘zbekistondagi 20 ta shaharda, jumladan Angren, Andijon, Bekobod, Buxoro, G‘ijduvon, Guliston, Jizzax, Zarafshon, Qarshi, Qo‘qon, Marg‘ilon, Navoiy, Namangan, Nukus, Samarqand, Termiz, Urganch, Farg‘ona, Xiva hamda Chirchiq shaharlarida mobil aloqaning eng so‘nggi — 4G tarmog‘ini joriy qiladi. Bu to‘g‘rida 12 aprel kuni kompaniya tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilingan.

Operatorning ma’lum qilishicha, bugungi kunda kompaniya abonentlariga 4G tarmog‘ida xizmat ko‘rsatish uchun ijaraga olingan xalqaro aloqa kanalining sig‘imi 8 Gbit/sek,ni tashkil qiladi. O‘zbekistondagi boshqa mobil operatorlarning bu yo‘nalishdagi xalqaro aloqa kanallari bilan solishtirib ko‘rganda, bu — eng katta ko‘rsatkich va ushbu sig‘im so‘nggi mobil aloqa tarmog‘i abonentlari ko‘paygani sayin kattalashib boradi.

Beeline 2016 yilda O‘zbekistonda mobil aloqani rivojlantirish uchun 533 mlrd. so‘m sarflagan. Bu mablag‘ning asosiy qismi LTE tarmog‘ini rivojlantirish uchun ishlatilgan.

Beeline matbuot anjumanida «hayot uchun 4G» dasturini e’lon qildi. Endi kompaniyaning abonentlari qaysi tarifda bo‘lishlaridan qat’i nazar, bonusli tizimda bepul 4G tarmog‘idan foydalana oladilar.

“Bizning falsafamiz oddiy: «Hayot uchun bepul 4G. Bu Beeline abonentlariga ko‘rsatadigan muhim xizmatga aylanadi. Buning uchun deyarli barcha tarif turkumlarida bir-biridan qiziqarli bonus tizimlari joriy qilingan”, deydi Unitel MChJning Tijorat direktori Maksim Yefremov.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.