Bill Geyts Ctrl+Alt+Delete uchun uzr so‘radi va aybni IBM’ga to‘nkadi (+video)

  •   DiMaX
  •  2289
  •  22.09.2017 14:41

Bill Geyts Ctrl+Alt+Delete uchun uzr so‘radi va aybni IBM’ga to‘nkadi (+video)

Carlyle Group asoschisi va bosh direktori Devid Rubenshteyn Bloomberg Global Business Forum tadbiri davomida Microsoft muassisi Bill Geytsga murojaat etib, Windows operatsion tizimining eng g‘alati funksiyalaridan biri haqida savol berdi, deya xabar beradi Fudzilla sayti.

Ya’ni u, Windows’da tizimga kirish va bloklash uchun nega aynan Ctrl+Alt+Delete tugmachalari kombinatsiyasi qo‘llanishini va Geytsning o‘zi buni muvaffaqiyatli yechim, deb hisoblaydimi-yo‘qmi – shuni so‘ragan. Microsoft sobiq rahbari uzr so‘ragan va, «Bunga mas’ul mutaxassislar mazkur funksiyani boshqa tugmachaga o‘rnatishlari kerak edi», deya javob bergan. Rubenshteynni bu javob qoniqtirmagan va u suhbatdoshidan bu fikrini ochiqlab berishini so‘ragan.

Hali 2013 yildeyoq Bill Geyts aytgan ediki, avvaliga ular tizimga kirish funksiyasini alohida bitta tugmachaga o‘rnatmoqchi bo‘lishgan. Ammo IBM PC uchun klaviaturani loyihalashtirayotgan IBM muhandislari bu talabni bajarishdan bosh tortishgan. Buning o‘rniga IBM muhandisi Devid Bredli Ctrl+Alt+Delete tugmachalari kombinatsiyasini o‘ylab topgan. O‘shanda Microsoft’ning boshqa iloji bo‘lmaganligi sababli, IBM’ning mazkur yechimini qabul qilib qo‘yaqolishgan.

Devid Rubenshteynning savoliga qaytib, Microsoft asoschisi shunday dedi:

«Siz ortga qaytib, boshqa narsalar uchun xavf tug‘dirmagan holda o‘z hayotingizdagi mayda-chuydalarni o‘zgartira olmaysiz. Albatta, agarda menda ozroq o‘zgarish kiritish imkoni bo‘lganida, mazkur operatsiyani bitta tugmachani bosish orqali amalga oshiriladigan qilib qo‘yardim».

Garchi Ctrl+Alt+Delete kombinatsiyasi xato bo‘lganligini Bill Geyts hali bundan to‘rt yil avval tan olgan esa-da, negadir Microsoft hozirgacha buni bartaraf etmayapti.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!