Bu qiziq: Odamlar ishonmagan 7 ta buyuk ixtiro haqida

Bu qiziq: Odamlar ishonmagan 7 ta buyuk ixtiro haqida

Bugungi kunda ba’zi texnologiya va texnikalarsiz kundalik turmushimizni tasavvur qilish juda qiyin. Masalan, bularga televizor, telefon, avtomobil va boshqa shu kabi jihozlarni aytib o‘tish mumkin. Biroq mazkur innovatsiyalarni avvalida odamlar salbiy qabul qilgani, ularga tezda ishonch bildirmagani haqida ko‘pchilik bilmasa kerak. Ushbu materialda mana shunday 7 ta olamshumul ixtiro haqida so‘z yuritamiz.

Kino

“Kino – o‘tkinchi hodisa. Tomoshabinlar sahnadagi tirik aktyorlarni ko‘rishni istaydi”, – degan edi bir vaqtlar Charli Chaplin.

Insoniyat tarixidagi birinchi film hisoblangan aka-uka Lyumerlarning “Poyezdning La Sota vokzaliga qaytishi” kartinasi ilk marotaba namoyish etilganda, tomoshabinlar shunchalik qo‘rqib ketishganki, natijada hatto kinozalda sarosima boshlangan. Omma harakatlanayotgan poyezdning “jonli” tasvirini qabul qilishga tayyor bo‘lmagan.

Ammo, hozir kino va televideniye hayotimizning ajralmas qismiga aylanganini, albatta, hech kim inkor etolmaydi.

Telefon

“Barchaga yaxshi ma’lumki, ovozni simlar orqali uzatib bo‘lmaydi. Agar buning imkoni bo‘lgan taqdirda ham, bu narsa bizga hech qanday foyda keltirmaydi”, – deb yozilgan The Boston Post gazetasining 1865 yilda chiqarilgan sonida. Maqola telefonni yaratish uchun mablag‘ yiqqan odamning hibsga olinishi bilan bog‘liq edi.

Telefon tuzilmasining taraqqiyotiga Antonio Meuchchi va Aleksandr Bell katta hissa qo‘shganlar. Bellning telefon apparat 1875 yilda ommaga tanishtirilgan edi. Garchi bu ixtiro o‘sha paytdayoq shiddat bilan rivojlangan bo‘lsa-da, ba’zi katta yoshli odamlar tok urishidan qo‘rqib, ushbu “temir”dan uzoqroq yurishga harakat qilganlar. Shu bilan birga, odamlar telefon simlari orqali arvohlar yurishiga qattiq ishonganlar.

Televideniye

 “Televideniye tez orada ahamiyatini yo‘qotadi, chunki har oqshom yog‘och qutiga qarab o‘tirish odamlarning joniga tegadi”, – deb aytgan edi taniqli kinorejissyor, 20th Century Fox kompaniyasining rahbari Derril F. Zanuk.

1907 yilda rus olimi Boris Rozing tomonidan masofadan turib elektr orqali tasvirlarni uzatish texnologiyasi patentlanadi. 1923 yilda esa amerikalik olim Charlz Jenkins birinchilardan bo‘lib harakatli siluet tasvirini uzatishga muvaffaq bo‘ladi. Oradan bir necha yil o‘tib, Vladimir Zvorikin degan ixtirochi birinchi televizon quvur – ikonoskopni kashf etadi. Televideniye o‘sha vaqtda ommada katta qiziqish u    yg‘otgan bo‘lsa-da, ko‘pchilik uning kelajagiga shubha bilan qarar edi.

Raketa

Raketasozlik sohasining asoschilaridan biri Robert Goddardga tegishli reketa yordamida oyni zabt etish g‘oyasi The New York Times gazetasining muharriri tomonidan keskin qoralanadi.

Robert Goddard 1909 yilda ko‘p zinali raketa yaratish g‘oyasini ilgari suradi. Bu orqali raketani yanada uzoq masofalarga uchirish taklif qilinadi. Oradan biroz muddat o‘tib Goddard ushbu loyihani amalga oshiradi.

1919 yilda ixtirochi Oyga uchish fikri bilan bo‘lishadi. Garchi u bu borada bir qator ilmiy ishlar yozgan bo‘lsa-da, ko‘pchilik uning amalga oshirilishiga shubha qiladi. Misol uchun, The New York Times gazetasi muharriri buning uchun Goddardning ustidan kulib, uning bilimlarini o‘ta sayoz deb aytadi.

Suyuq yonilg‘ili ilk raketa 1926 yilda AQShning Massachusetts shatatida osmonga uchiriladi. 1969 yilda esa insoniyat Oyga qadam qo‘yadi. Ushbu voqeadan keyin The New York Times 1920 yilda yozilgan yuqoridagi maqola uchun afsus bildiradi.

 Samolyot

“Havodan og‘ir uchar mashinalarni yaratishning imkoni yo‘q!”, – deb aytgan edi mashhur fizik Lord Kelvin 1895 yilda.

Ha, agar aka-uka Raytlar Kelvinning ushbu nazariyasiga amal qilganda, hozir hech kim samolyotlarda uchmagan bo‘lar edi. Orvil Rayt 1903 yilda boshqariladigan samolyotda birinchi parvozni amalga oshiradi. Garchi uning ukasi tomonidan yaratilgan samolyot havoda 12 soniyagina ucha olgan bo‘lsa-da, ushbu voqea aviatsiya sohasida katta burilish yasaydi. 1901 yilda aerodinamik quvur kashf etiladi, shu bilan birga ular propellerni ham ixtiro etishadi.

1905 yilda yaratilgan yangi modifikatsiya esa havoda qariyb 30 daqiqa parvoz qilishga muvaffaq bo‘ladi.

Uyali telefon

“Men hayotim davomida juda ko‘p skeptiklarga duch kelganman. Ularning aksariyati nega men shuncha mablag‘ni mazkur ixtiroga sarflashim bilan qiziqardi va bundan nimadir chiqishiga shubha bilan qarar edi”, – deb xotirlaydi Martin Kuper, uyali telefon ixtirochisi.

Yuqoridagi gaplarda biroz jon borday tuyuladi hatto. Birinchi uyali telefonni taqdim qilgan Motorola kompaniyasi ushbu apparatni ishlab chiqish uchun 10 yil vaqt va 100 mln dollar mablag‘ sarflagan.

1947 yilda Bell Laboratories xodimlari (AT&T tadqiqot laboratoriyasi) mobil tarmoq uchun “uya” sxemasidan foydalanishni taklif qilishadi. 1973 yilda esa Motorola haqiqiy uyali telefonning birinchi prototipini tayyorlaydi. Ushbu apparat qariyb bir kg yuk bosib, yarim metr uzunlikda bo‘lgan.

1983 yilda ilk uyali telefonlar sotuvga chiqariladi. Martin Kuper tomonidan yaratilgan DynaTAC 8000X modeli svetodiodli displey bilan jihozlangan bo‘lib, so‘zlashuv rejimida 1 soatgacha ishlay olgan. Unga ko‘pi bilan 30 ta kontakt saqlash mumkin edi. Garchi qurilma juda qimmat narzda ($4000) sotilgan bo‘lsa-da, sotuvlarning ilk kunida uni xarid qilish uchun odamlar navbatga turgan.

Martin Kuper o‘z hamkasbi Joel Engelga qo‘ng‘iroq qilgan 1983 yil 3 aprel sanasi mobil telefon yaratilgan kun hisoblanadi.

Personal kompyuter

“Hech kimda o‘z uyida kompyuterdan foydalanish ehtiyoji tug‘ilmaydi”, – deb aytgan edi 1977 yilda Ken Olson, Digital Equipment Corp. asoschisi.

Kompyuter sanoatining asoschilaridan biri Ken Olson 1957 yilda hamkasbi bilan birgalikda Digital Equipment Corp kompaniyasini tashkil etadi. Ilk kompyuterlarni programmable data processor nomi bilan yuritishgan. Bunga o‘sha paytda kompyuterlar juda bahaybat, qimmat va muntazam servisni talab qiladi degan stereotip sabab bo‘lgan.

Rusbase materiallari asosida tayyorlandi.