Bu safar rostdan: Ilon Mask Twitter'ni sotib oladi

Bu safar rostdan: Ilon Mask Twitter'ni sotib oladi

Ilon Mask axiyri Twitter'ni sotib oladi. Milliarder bir necha kun oldin Qimmatli qog'ozlar va birjalar komissiyasiga topshirgan arizasida buni yana bir bor tasdiqladi. Arizadan ma'lum bo'lishicha, Ilon Twitter bilan kelishuvni yopishga majbur qilish uchun unga qarshi qo'zg'atilgan da'vo to'xtatilsa, u aprel oyida kelishilgan shartlar asosida Twitter'ni sotib olish bitimini yopishda davom etishini aytgan.

Ta'kidlash joizki, kecha, seshanba kuni kechqurun milliarder o'zining Twitter sahifasida ijtimoiy tarmoqqa egalik qilish g'oyasi bilan qiziqayotganligi haqida yana bir tvit qoldirgan: "Twitter'ni sotib olish, X - "hamma narsa" ilovasini yaratishni tezlashtiradi", deb yozadi u.

Shuningdek, Twitter'ning investorlar bilan aloqalar akkaunti "Biz Mask partiyalaridan ular SEC'ga topshirgan maktubni oldik. Kompaniyaning niyati bitimni har bir aksiya uchun 54,20 dollarga yopishdir", deydi o'zining sahifasida.

Aprel oyida Tesla rahbari, Ilon Mask, Twitter'ni sotib olishini rasman ma'lum qilgan edi. Biroq, keyinchalik milliarder va ijtimoiy tarmoq kompaniyasi o'rtasida muammolar kelib chiqdi: Ilon Twitter'ning foydalanuvchilar bazasi botlar bilan to'lganligi, kompaniya bu haqida yolg'on ma'lumotlar berganligini aytib, o'z fikridan qaytdi. Natijada Twitter uni sudga berdi. So'nggi sud jarayoni 17-oktyabrga belgilangan.

O'QING: Uzoq kutilgan funksiya: Twitter tvitlarni tahrirlash xususiyatini tarqatmoqda