Bugun Xiaomi Mi 5S va Mi 5S Plus rasman namoyish etildi

Bugun Xiaomi Mi 5S va Mi 5S Plus rasman namoyish etildi

Xitoyning Xiaomi kompaniyasi bugun Xiaomi Mi 5S va Xiaomi Mi 5S Plus smartfonlarini rasman taqdim etdi. Avvalroq saytimizda smartfonlarga oid ba’zi  tafsilotlarni e’lon qilgan edik.

Har ikkala model hozirda eng ilg‘or hisoblangan Qualcomm Snapdragon 821 protsessorida ishlaydi. Shu bilan birga yangi modellar Qualcomm Sense ID nomli ultratovushli barmoq izi skaneri bilan ta’minlangan bo‘lib, ushbu sensor yordamida nam va kirlangan barmoqlar bilan ham smartfonni ochish mumkin. Xiaomi Mi 5S va Xiaomi Mi 5S Plus metall korpusga va yangi USB Type-C portlariga ega.

Xiaomi Mi 5S modeliga 5,15 dyuymli Full HD ekran, 12 MP asosiy va 4 MP old kamera, Qualcomm Quick Charge 3.0 texnologiyasidagi 3200 mA/st sig‘imidagi batareya o‘rnatilgan. Model 3/4 GB tezkor va 64/128 GB doimiy xotiraga ega.

Xiaomi Mi 5s Plus esa 5,7 dyuymli Full HD ekran, 13 MPli qo‘sh kamera va 3800 mA/st sig‘imli batareya bilan jihozlangan. Xotira konfiguratsiyasi Xiaomi Mi 5s modelidan farq qilmaydi.

Smartfonlar MIUI 8 interfeysidagi Android 6.0 Marshmallow dasturida ishlaydi. Xiaomi Mi 5S va Xiaomi Mi 5S Plus 29 sentyabrda Xitoy va AQShda sotuvga chiqariladi. Xiaomi Mi 5S modelini xotira versiyasiga qarab 299 va 344 dollar, Xiaomi Mi 5S Plus’ni esa 344 va 389 dollar narxida xarid qilish mumkin.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.