BusinessInsider: "Bizni unutishlaridan qo‘rqib yashayapmiz"!

BusinessInsider:

BusinessInsider nashri telefonga keladigan xabarlarning inson salomatligiga zarari bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlarning natijalarini e’lon qildi. Ma’lum bo‘lishicha, ijtimoiy tarmoq, mobil qurilma va elektron pochta bo‘lmagan davrlarda odamlar hozirgidan ancha xotirjam yashagan ekanlar.

Bugungi hayot esa murakkablashib ketdi. Har bir smartfonda kamida 2 tadan messenjer mavjud. Misol uchun, Telegram, Vatsap, Vayber. Shu bilan birga ijtimoiy tarmoq ilovalari ham yetarli — Feysbuk, VKontakte, Tvitter, Instagram.

Bugun odamlarda "smartfon xayoli" sindromi kuzatilmoqda. Bu ruhiy xastalikka yo‘liqqanlarning xayolida hadeb ularga qo‘ng‘iroq bo‘layotgandek tuyilaveradi. Messenjer va ijtimoiy tarmoq ommalashgan bugungi kunda smartfon foydalanuvchilarning 90 foizi ana shunday bezovtalikka yo‘liqqanlar.

Gap shundaki, biz smartfonni qo‘lga olishimiz bilan kimdandir bizga xabar kelishini kutadigan odat chiqardik. Kimdir bizga nimanidir albatta yozadi. Biz bizni unutishlaridan qo‘rqib shunday xayolga boramiz va kutamiz. Shu bois, har gal telefonni qo‘lga olganda undagi ilova hamda messenjerlarga ko‘z yugurtiramiz. Kichik hodisani ham o‘tkazib yubormaslik uchun esa qo‘limizga "aqlli soat"lar taqib, fitnes-brasletlardan foydalanamiz.

Shu bilan birga, so‘nggi tadqiqotlarga ko‘ra, odamlar bugunga kelib qo‘ng‘iroqlarga bir necha yillar avvalgidek, ya’ni telefonlar ommalasha boshlagan ilk yillardagi kabi zavq-shavq bilan javob bermayaptilar. Ya’ni, qo‘ng‘iroqlar endi hayotimizga xalaqit bera boshladi.

Shuningdek, ruhshunoslarning guvohlik berishlaricha, smartfonga qaramlik darajasini tamakiga bo‘lgan tobelikka o‘xshatish mumkin.