Canon 120 mln pikselli kamera imkoniyatlarini namoyish qildi

Canon 120 mln pikselli kamera imkoniyatlarini namoyish qildi

So‘nggi bir necha yillardan beri Canon 120 million pikselli, ya’ni 120 megapikselli kamerasi ustida izlanishlar olib borayotgan edi. Nihoyat, kamera tayyor va tez orada sotuvga chiqariladi. Kamera jahonda hali biror muqobil yoki munosib raqibga ega emas. Kompaniya kecha bu kamera nimalarga qodir ekanini namoyish qildi.

Gadjetdagi 120MXS CMOS sensori 13,280 x 9,184 piksel sig‘imi aniqligidagi suratlar oladi. Ya’ni, bu biz bilgan Full HD sig‘imidan 60 karra sig‘imliroq degani. Bunday texnologik innovatsiya bir necha o‘n marta raqamli yaqinlashtirish orqali ham yaxshi suratlar olish imkonini beradi.

Canon YouTube video tarmog‘ida 120 megapikselli matritsada olingan tasvirni e’lon qildi. Quyidagi videoda yangi kameraning imkoniyatini tomosha qiling:

Matritsaning hajmi — 29 ga 20 mm; surat olish tezligi — sekundiga 9,4 ta kadr.120MXS datchigining tasvirni yuqori sig‘imda muhrlashi natijasida surat detallarga boy.

Hatto eng zo‘r DSLR -- professional kameralar ham 120MXS modelining oldida ip esha olishmaydi. Hozircha bunday texnologiya smartfonlardagi kameralar uchun misoli shirin tush. Mutaxassislarning fikricha, bunday yuqori texnologiya tez orada smartfon sanoati tomonidan ham o‘zlashtiriladi va yaqin yillarda kuchli kamerafonlar ishlab chiqariladi.

Canon vakillariga ko‘ra, bunday kuchli kameralar suratga olishdan tashqari, xavfsizlikni ta’minlash va kuzatuv xizmatlarida foydalanilishi mumkin.

Ekspertlarning fikricha, kamera sotuvga chiqqani bilan uning bahosi juda yuqori bo‘ladi. Canon narx borasida ikkilanib va ayab o‘tirmaydi. Misol uchun, kompaniya shu vaqtga qadar sotuvga chiqargan kameralar orasida eng qimmati Diamond Canon IXUS modeli bo‘lgan. Uning narxi 2006 yillarda $32,574.71 bo‘lgan. To‘g‘ri, qimmatbaho toshlar bilan bezalgani bois ham kamera qimmatga tushgan.

2017 yilning eng qimmat fotokameralari orasida ham bu brendning mahsuloti bor. Jumladan, Canon 5D Mark IV $3,499.00 dollardan sotilmoqda.