CES 2018: Dell ilg‘or noutbuk taqdim qildi

CES 2018: Dell ilg‘or noutbuk taqdim qildi

Las-Vegasda davom etayotgan xalqaro elektronika ko‘rgazmasida taniqli Dell kompaniyasi o‘zining o‘yinlar uchun apparat ta’minoti ishlab chiqaruvchi Alienware kompaniyasi bilan 15 dyuymli XPS noutbukini taqdim qildi.

Kompaniyaning vitse prezidenti Jeff Klark taqdim etgan bu laptop "2 tasi 1 da" tamoyili asosida ishlab chiqarilgan. Qayd etilishicha, bu xuddi shu turga mansub laptoplar ichida eng yupqasi ekan.

Ishlab chiqaruvchining ma’lum qilishicha, XPS 15 noutbuk-transformerida o‘yin o‘ynash yoki kontent ishlab chiqarishga mo‘ljallangan "og‘ir" ilovalarda ishlash mumkin. 15,6 dyuymli displey InfinityEdge uslubida, yupqa romlardan iborat.

XPS 15 ekranidagi piksel sig‘imi Full HD (1920×1080), sRGB rang makonini 100% qamrab oladi. U Corning Gorilla Glass 4 himoya shishasi bilan qoplangan va yorug‘lik darajasi 400 nit. Ekran Active Pen nomli raqamli qalamni qo‘llab-quvvatlaydi. Buning uchun $99 dollar sarflash kerak bo‘ladi.

Gadjet "yurakchasi" uchun Intel'ning 4 yadroli 8-avlod protsessori tanlangani diqqatga sazovor. Xaridor Core i7-8705G yoki Core i5-8305G chiplaridan birini tanlashi mumkin. Noutbukdagi grafik-tasvirlarni ishlashga mas’ul Radeon RX Vega M GL videokartasi mustaqil faoliyat ko‘rsatadi.

XPS 15 tizimida DDR4 rususmiga mansub 8 yoki 16 GB sig‘imli tezkor va 128 GB yoki 1 TB sig‘imli doimiy xotira o‘rnatilgan.

Devays klaviaturasi ostki yoritish tizimiga ega bo‘lgan. Shu bilan birga, bu yerda barmoq izi skaneri ham bor. Noutbukda giroskop, akselerometr, raqamli kompas kabi datchiklar, 2 ta Thunderbolt 3 porti, 2 ta USB-C 3.1 porti, qo‘shimcha xotira uchun microSD bo‘lmachasi, stereo dinamiklar, 4 ta mikrofon, HD veb-kamera, Windows Hello -- yuz-qiyofani tekshirish uchun infra-qizil kamera mavjud.

Qurilma o‘lchamlari: 354x235x9-16 mm hamda vazni 1,97 kg. Devays Windows 10 operatsion tizimi boshqaruvida ishlaydi. Noutbukdagi akkumulyatorning tok sig‘imi 75 Vt·soat hamda to‘liq quvvat bilan 15 soat ishlashga yetadi.

2018 yilning aprelidan bozorga chiqariladigan XPS 15 $1300 dollardan boshlab sotiladi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!