Deputat plastik kartochkadagi pulni naqdlashtirishdagi 1 foizlik to‘lov masalasini ko‘tardi

  •   DiMaX
  •  972
  •  25.11.2020 15:41

Deputat plastik kartochkadagi pulni naqdlashtirishdagi 1 foizlik to‘lov masalasini ko‘tardi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida deputatlar «2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida»gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqishdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi hukumat vakillari ham ishtirok etgan muhokamalar jarayonida «Adolat» SDP fraksiyasi a’zosi Shuhrat Polvonov hukumat a’zolari e’tiborini fuqarolar oylik maoshlari hamda unga tenglashtirilgan to‘lovlarni bankomatlar orqali naqdlashtirganda 1 foiz hisobida bank xizmati to‘lovi ushlab qolinayotgani bilan bog‘liq masalaga qaratgan.

O‘QING: Ichki ishlar vazirligi: Telegram’da pul ishlayman deb, bor pulingizdan ham ayrilmang! (+video)

Deputat bugungi kunda aholining ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar deyarli to‘liq hajmda plastik kartochkalarga o‘tkazib berilayotgani, normativ-huquqiy hujjatlarda esa, plastik kartochkalardagi pul mablag‘lari naqd pul shakliga tenglashtirilgani, lekin tijorat banklari tomonidan aholining plastik kartochkalarini bankomatlar orqali naqdlashtirishda 1 foiz miqdorida komissiya to‘lovi ushlab qolinayotgani haqida gapirgan.

Agar aholining 10 foizi bir oyda bankomatlar orqali o‘rtacha 1 million so‘mdan pul mablag‘larini naqdlashtirsa, oyiga 30 mlrd so‘m, yiliga esa 350 mlrd so‘mdan ortiq pul mablag‘lari banklar hisobiga ushlab qolinishi misol tariqasida keltirib o‘tilgan.

«Vaholanki, banklar faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilikka binoan, plastik kartalardagi pullarni naqdlashtirish jarayonida maksimal darajada 1 foizgacha bank xizmati ushlab qolish belgilangan. Nega aynan bugungi kunda maksimal darajadagi 1 foiz ushlab qolinmoqda?» deya savol bilan yuzlangan deputat.

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmatov bunga javoban mazkur amaliyot tijorat banklarining aholiga bankomat xizmatlarini ko‘rsatishdagi xarajatlarini qoplash uchun joriy etilganini ma’lum qilib, deputatning e’tirozi Markaziy bank hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan o‘rganib chiqilishini aytgan.

Shuningdek, deputat tomonidan ko‘tarilgan masalaga bosh vazir Abdulla Aripov ham o‘z munosabatini bildirgan. U mazkur masala qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida ko‘rib chiqilishi hamda 1 foizlik ustama to‘laqonli olib tashlanmagan taqdirda ham yengillashtirish masalasi ko‘rib chiqilishini ma’lum qilgan.

O‘QING: Yo‘qolgan yo o‘g‘irlangan plastik kartangizni qanday bloklab qo‘yishni bilasizmi?

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!