Deyarli barcha iPhone egalari yo‘l qo‘yadigan asosiy xato nimada?

  •   DiMaX
  •  2439
  •  08.11.2017 18:35

Deyarli barcha iPhone egalari yo‘l qo‘yadigan asosiy xato nimada?

Android-smartfon ishlatib yurib, keyinchalik iOS-qurilma tuta boshlaganlarning aksariyati, bu ikki mobil operatsion tizim o‘zaro «ichkaridan» katta farq qilishini uncha tushunavermaydi. Shu sababli ham ularning aksariyati bitta asosiy xatoga yo‘l qo‘yishadi, deb yozadi AKKet nashri.

To‘g‘ri, bu xato unchalik vahimali emas, ammo baribir ishga tushirilgan ilovalarning ish tezligini sezilarli darajada pasaytiradi va qimmatbaho vaqtingizni oladi.

O‘QING: Smartfonni "o‘ldiruvchi" xatolaringiz

Gap shundaki, Android operatsion tizimida biror dastur foydalanuvchi tomonidan ishga tushirilgach, yopib qo‘yilsa ham fon rejimida ishlab turaveradi. Agarda qurilmaning tezkor xotirasi yetarli bo‘lsa, bu ilova juda uzoq vaqt fon rejimida qoladi va akkumulyatorning quvvatini sarflab turadi. To‘g‘ri, keyingi paytlarda Google o‘zining operatsion tizimiga buning oldini oluvchi turli algoritmlarni kiritmoqda. Ammo baribir Android-gadjetlar egalari fondagi ilovalarni tezkor xotiradan o‘chirib chiqish odatlarini tezda tark eta olmasalar kerak.

Istalgan bir iPhone’da esa hammasi umuman boshqacha: iOS operatsion tizimining barcha talqinlari fon rejimidagi ilovalarning faolligini avtomatik tarzda nazorat qilib boradi. Ya’ni, «olmali devays»larda biror dastur yoki o‘yin yopib qo‘yilganidan keyin, uni operatsion tizim xotirasidan ham o‘chirib chiqish shart emas. Android tizimli gadjetlardan farqli ravishda, iOS-qurilmalarda fondagi ilovalarni o‘chirish batareyaning quvvat sarfiga mutlaqo ta’sir etmaydi. Hatto ba’zi hollarda aksincha – biror ilova fon rejimida turgan bo‘lsa, uni qayta ishga tushirish ancha tez amalga oshadi, bu esa operatsion tizimning umumiy tezkorligiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

O‘QING: Apple iPhone quvvatini uzaytirish yo‘lini topdi

Xullasi kalom, Android’dan iOS’ga «ko‘chib o‘tgan» yoki endigina iPhone tuta boshlaganlarning deyarli barchasi yo‘l qo‘yadigan xato shundan iborat – ular tizim tezligini oshirish va akkumulyator quvvatini tejash maqsadida fon rejimidagi ilovalarni o‘chirib yuradilar. Aslida esa, yuqorida ta’kidlaganimizdek, buning umuman foydasi yo‘q.

Faqat bittagina istisno bor va bu GPS bilan ishlovchi, ya’ni, qurilmaning joylashuv o‘rnini muntazam hisoblab boruvchi ilovalar bilan bog‘liq. Bunday dasturlar har qanday operatsion tizimli qurilmalarda, jumladan, iPhone’larda ham batareyaning quvvati tezroq sarflanishiga olib keladi. Shu bois mazkur ilovalardan foydalanib bo‘lgach, ularni yopib va tezkor xotiradan ham o‘chirib turish tavsiya etiladi.

O‘QING: iPhone yoki iPad keshi va xotirasini tozalaymiz

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.