DisplayMate jahondagi eng yaxshi displeyli smartfonni aytdi

DisplayMate jahondagi eng yaxshi displeyli smartfonni aytdi

Displeylarning rang uzatish aniqligi va boshqa parametrlarini sinovdan o‘tkazishga ixtisoslashgan DisplayMate korporatsiyasi yaqindagina taqdim qilingan Samsung Galaxy S8 hamda Galaxy S8+ flagman smartfonlari displeylarini imtihondan o‘tkazib ko‘rdi. Infinity Display, ya’ni “tuganmas displey” nomini olgan gadjet ekrani DisplayMate tomonidan yuqori baholandi. Natijalarga ko‘ra, Galaxy S8 devayslari ayni paytda jahonning eng yaxshi ekraniga ega smartfonlardir.

Samsung Galaxy S8’ning Super AMOLED matritsali displeyining sig‘imi deyarli 3K, ya’ni 2960x1440 pikselni qamrab oladi. Uning yorug‘lik darajasi 1000 nit (yorug‘lik o‘lchovi)ga teng. Taqqoslash uchun aytamiz, odatiy kompyuterlar displeyining yorug‘ligi 200 dan 350 nitgacha bo‘ladi.

Samsung Galaxy S8 ekranidagi ranglar mutanosibligi, ya’ni DCI-P3 texnik standartida ranglar gammasining aks etish darajasi 113%ga teng. sRGB / Rec.709 rang uzatish standartlarida esa bu 142%gacha ko‘tarilgan. Ya’ni, sodda tilda aytadigan bo‘lsak, hatto quyosh nuri ostida ham ekrandagi tasvir va matn aniq-tiniq ko‘rinadi.

Shu bilan birga, Samsung Galaxy S8 mobil aloqa vositasi UHD Alliance xalqaro assotsiatsiyasining Mobile HDR Premium sertifikatini olgan jahondagi ilk smartfon. Hozirgacha bunday sertifikat faqat yuqori sifatli televizor ekranlariga berilar edi.

HDR, ya’ni «High Dynamic Range», aniqrog‘i kengaytirilgan dinamik diapazon. Bu o‘rinda «kengaytirilgan» so‘zi ekrandagi ravshanlikning yanada oshgani va ekranning o‘zi ham rangni aniq ifoda etishga urinishini ifodalaydi. Buni quyidagi 2 xil, ya’ni chap tomondagi HDR, o‘ng tomondagi oddiy Full HD sig‘imli ekranlardagi tasvir misolida taqqoslang.

Samsung Galaxy S8 displeyida ekran yorug‘ligini belgilaydigan 2 ta sensorning o‘rnatilgani bu tizimning samarali ishlashiga xizmat qiladi. DisplayMate mutaxassislarining fikricha, smartfon ekrani 4 rejimda ishlaydi. Ekrandagi Always On Display funksiyasi, ya’ni displeyning doimiy faol qismi uchun alohida mikrosxemaning o‘rnatilgani ekranning energiya sarflash miqdorini qisqartiradi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.