Durov Telegram'ga taqiq bekor qilinganini rasman tasdiqladi

Durov Telegram'ga taqiq bekor qilinganini rasman tasdiqladi

Telegram asoschisi Pavel Durov Telegram'ning Rossiyada rasman razblokirovka qilinishi haqida quyidagicha munosabat bildirdi:

«2018 yilning aprelida Rossiyada telekommunikatsiyalar bo‘yicha nazoratchi tashkilot Roskomnadzor Telegram'ni mamlakat hududida bloklab qo‘ygandi. Bu holat sodir bo‘lishini biz oldin bilgandik va shuning uchun, blokirovka amalga oshirilishidan oldin Telegram ilovalarini yangilab, proksi serverlarni qo‘llab-quvvatlaydigan qilganmiz hamda trafikni yashiruvchi va boshqa anti-senzuraviy uskunalarni yangilaganmiz. Bu borada bizga minglab rus muhandislari qo‘shilgan va «Raqamli qarshilik» nomli markazlashmagan harakatga asos solingan. Muhandislar Telegram foydalanuvchilari uchun proksilar yaratib bergan.

Blokirovkaning dastlabki haftasi qiyin kechgan, Rossiyadagi foydalanuvchilarimizning aksariyatida ilovadan foydalanishda muammolar yuzaga kelgan. Foydalanuvchilar Telegram'ga ulana olmasligi uchun Roskomnadzor millionlab IP manzillarni qora ro‘yxatga kiritgan. Ammo «Raqamli qarshilik» sabab 2018 yilning may oyidan boshlab Rossiyada Telegram'dan yana keng ko‘lamda foydalanish imkoni paydo bo‘lgan.

Shunday qilib, Telegram'ning Rossiyadagi foydalanuvchilari soni kamaygani yo‘q, balkim 2018 yildan buyon ikki barobarga ko‘paydi. 2020 yil may oyi holatiga ko‘ra, Telegram'ning oylik faol 400 million foydalnuvchilaridan kamida 30 millioni rossiyalik. Bu esa ilovamiz boshqa mamlakatlarda qanchalar ommalashgan bo‘lsa, Rossiyada ham xuddi shunday ommalashdi deganidir. Oddiy qilib aytsak, blokirovkaning amaliy ta’siri bo‘lmadi.

Ikki oy oldin boshqaruvi yangi direktor tayinlangan Roskomnadzor o‘tgan hafta Telegram'ning Rossiyadagi blokini olib tashlashga qaror qildi va blokirovka ishlamayotgani haqidagi asl haqiqatni tan oldi. E’londa tashkilot mening blokirovka nega ishlamasligi haqidagi 4 iyundagi xabarimga havola qilgan.

Bu o‘zgarishni iliq qabul qilishimiz kerak va umid qilamanki, hozirgi holat davomiy bo‘ladi. Agar vaziyat yana avvalgi holatga qaytsa, buning foydalanuvchilarimizga bo‘lgan ta’siri juda kam bo‘ladi, deb umid qilamiz.

Oxirgi ikki yildan buyon senzurani yengib o‘tish uchun razblokirovkalovchi texnologiyalarimizni doimiy ravishda yangilab borishimizga to‘g‘ri keldi. Erishganlarimizdan faxrlanaman — muvaffaqiyatimiz ijtimoiy tarmoq ilovalari orasida misli ko‘rilmagan holatdir.

Ammo biz razblokirovkalovchi texnologiyamiz keraksiz bo‘lib qolishini xohlamaymiz. Shuning uchun, ulardan Telegram hali ham hukumat tomonidan bloklangan boshqa mamlakatlar, jumladan, Eron va Xitoyda anti-senzuraviy manba sifatida foydalanishga qaror qildik. Rus foydalanuvchilari uchun proksi serverlar ishlab chiqqan ma’murlarimizdan o‘z sa’y-harakatlarini endilikda ushbu davlatlarga qaratishini so‘raymiz. Ular ayni damda yangi muammolarga tayyor turishi kerak, sababi butun dunyodagi siyosiy vaziyat beqaror bo‘lib borishi bilan boshqa hukumatlar ham Telegram kabi maxfiylikka e’tibor qaratuvchi ilovalarni bloklashi mumkin.

«Raqamli qarshilik» harakati o‘tgan hafta Rossiyada erishilgan muvaffaqiyat bilan to‘xtab qolmaydi. Aksincha, harakat endi boshlanmoqda va global miqyosga yoyilmoqda».

O‘QING: Nihoyat, Roskomnadzor rasman Telegram’ni blokdan chiqardi!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!