Eksklyuziv: iPhone SE 2018 ilk «jonli» suratda!

  •   DiMaX
  •  3849
  •  13.01.2018 13:44

Eksklyuziv: iPhone SE 2018 ilk «jonli» suratda!

Apple o‘zining ixcham iPhone SE smartfonini yanada takomillashtirib, yangicha talqinda chiqarayotgani haqidagi xabarlar 2017 yildayoq paydo bo‘la boshlagandi. Hozirgacha uning taxminiy xususiyatlari, render suratlari chiqqan, ammo birorta rasmiy ma’lumot yoki qurilmaning haqiqiy rasmi ko‘rinmagan edi.

O‘QING: Qoyilmaqom iPhone SE 2018 suratlari tarqaldi – romsiz klassika!

Bugun esa internetda ajoyib iPhone SE 2018 modelining haqiqiy «jonli» fotosurati tarqaldi. Unda «olmali» korporatsiyaning mazkur ixcham mobil qurilmasi orqa tomonidan aks ettirilgan. Avval taxmin qilinganidek, uning orqa qopqog‘i chindan ham butkul shishadan ishlangan ekan. Bu esa smartfonga, turli yangi innovatsiyalar qatori, simsiz quvvatlash texnologiyasi ham joriy etilayotganidan darak beradi.

iPhone SE 2018 orqa paneli butkul shishadan bo‘lgani bois, telefon o‘zgacha dizayn kasb etishi mumkin. 2016 yili ishlab chiqarilgan birinchi avlod iPhone SE orqasi metalldan edi, bunisi esa shishadan ishlangani bois birmuncha mo‘rt ham bo‘lishi tabiiy. Shu bois Apple muhandislari uning nafaqat tashqi ko‘rinishini, balki ichki tuzilishini ham o‘zgartirishsa kerak. Masalan, iPhone X’ning qismlarini birlashtirib turuvchi ichidagi romi alyuminiydan emas, balki ancha mustahkam jarrohlik po‘latidan yasalgani uning turli sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tishiga yordam bergan.

O‘QING: Eksklyuziv video: iPhone X’ni 300 metrlik balandlikdan tashlasa nima bo‘ladi?

Hozirgacha tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2018 yilgi iPhone SE smartfoni diagonali 4 yoki 4,2 dyuymga teng IPS-ekranga ega bo‘ladi. Uning «yuragi» sifatida 4 yadroli Apple A10 Fusion protsessori xizmat qiladi. Ayfon, 2 GB tezkor xotira va 32/128 GB doimiy flesh-xotiraga ega talqinlarda ishlab chiqariladi. Asosiy kamerasi 12, old kamerasi esa 5 megapikselli datchikka ega.

Yangi ayfon ham Apple’ning an’anaviy Lightning portiga ega, 1700 mA/soat sig‘imli akkumulyatorini esa simsiz quvvatlash mumkin. Shuningdek, bu batareya MacBook’ning maxsus adapteri yordamida tezkor quvvatlash texnologiyasini ham qo‘llab-quvvatlaydi.

«Tishlangan olmali» ixcham smartfon 400 AQSh dollari atrofida baholanishi taxmin qilinmoqda. Biroq uning taqdimot sanasi kabi, narxi ham hozircha aniq emas. Hozirgacha savdoga chiqarilgan boshqa ayfonlar esa O‘zbekiston bozorlariga ham yetib kelgan.

O‘QING: iPhone X va boshqa ayfonlarning so‘mdagi narxlari (2018 yil 13 yanvar)

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!