Eksklyuziv video: iPhone’ning barcha 15 ta modelini o‘zaro taqqoslashdi!

  •   DiMaX
  •  2603
  •  13.04.2017 10:55

Eksklyuziv video: iPhone’ning barcha 15 ta modelini o‘zaro taqqoslashdi!

Apple smartfonlarining turli avlod vakillarini solishtirish – hamisha qiziqarli tomosha. Yaqinda YouTube’dagi EverythingApplePro kanalida uning barcha – 15 ta smartfoni o‘zaro qiyoslangan video joylandi. Unda 2G dan to iPhone 7 Plus’gacha bo‘lgan barcha Apple smartfonlari turli mezonlarga ko‘ra o‘zaro taqqoslab ko‘rilgan.

iPhone 7 chiqqanida, Apple mazkur smartfon o‘zining atigi to‘qqiz yil avval chiqqan ilk ajdodiga nisbatan 120 marta tezroq ishlashini g‘ururlanib e’lon qilgan edi. Ammo, mazkur video muallifining ta’kidlashicha, «biz hozirda shunday nuqtada turibmizki, unda yangi telefonlarning tezkorligi pasaya boshlaydi».

Ha, rostdanam shunaqa. Test davomida muallif barcha 15 ta iPhone’ni port-xabga bir vaqtning o‘zida uladi va iOS tizimining yuklanishi ularda qanday ketma-ketlikda amalga oshishini kuzatdi. Bunda iPhone 7 birinchi bo‘ldi, iPhone 7 Plus esa atigi sakkizinchi o‘rinni qayd etdi. Bu jihatdan iPhone 4s eng oxirgi o‘rinda ekanligi ko‘rindi.

Rolikda smartfonlarning kamerasi yoqilish tezkorligi ham solishtirilgan. Hayratlanarlisi shundaki, mazkur ilovaning ishga tushirilishi bo‘yicha ham iPhone 7 va iPhone 7 Plus eng oldingi safda emas ekan. To‘g‘ri, bu ikki modelda kamera sifati avvalgi versiyalarga nisbatan eng yuqori.

Dinamiklarning ovoz balandligi bo‘yicha test o‘tkazilganida, iPhone 7 va iPhone 7 Plus eng yaxshi ko‘rsatkichlarni namoyon etishdi.

Bulardan tashqari, videolavha muallifi smartfonlar chiqarayotgan haroratni ham solishtirma tarzda o‘lchab ko‘rdi. Aniqlanishicha, yangi modellar eng yaxshi sovutish tizimiga ega ekan. Bunda Plus modellari ko‘proq issiqlik ajratishi ham ma’lum bo‘ldi.

Touch ID ish tezligini tekshirishda esa birinchi o‘rinni iPhone 6s modeli egalladi.

Va nihoyat, videoda Apple taraqqiyoti ko‘rsatib berilgan. Marhamat, tomosha qiling va zavqlaning:

Darvoqe, Apple ishqibozlariga atalgan eksklyuziv maqolamizga ham nazar solishingiz mumkin. Shuningdek, iPhone 7 va Samsung Galaxy S8’ni mustahkamlik bo‘yicha sinash uchun betonga tashlab ko‘rishgani va uning natijalari mana bu maqolamizdagi videoda aks etgan.