Elektron chiqindini qayerga topshirish kerak?

Elektron chiqindini qayerga topshirish kerak?

Ma’lumki, elektron qurilmalarning apparat qismida inson va atrof-muhit uchun xavfli bo‘lgan komponentlar mavjud bo‘lgani bois, ishlab chiqaruvchilar ularni oddiy kundalik chiqindilar bilan birga tashlab yubormaslikni bot-bot ta’kidlaydilar. Xo‘sh, unda savol tug‘iladi, o‘z vaqtini o‘tab bo‘lgan va nosoz elektron qurilmalarni qayerga topshirsh kerak?

Turli elektron jihozlarning xarid qilinishi natijasida vaqt o‘tgan sari mamlakatimizda elektron chiqindilarning hajmi ham ortib bormoqda. Gazeta.uz nashrining yozishicha, dunyoda bo‘yicha ishlash muddati tugagan yoki yaroqsiz holga kelgan elektron qurilmalar umumiy qattiq maishiy chiqindilarning 5 foizini tashkil etadi.

O‘zbekistonda ayni kunda elektron chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha faqatgina bitta vakolatli organ faoliyat ko‘rsatadi. “Toshrangmetzavod” korxonasi aholidan shu kungacha turli miqdordagi va toifadagi elektron chiqindilarni qabul qilib kelmoqda. Korxona vakili Jonibek Berdiyevning aytishicha, 2015 yil davomida tashkilot 160 tonnaga yaqin elektron chiqindilarni aholidan yig‘ib olgan.

58CRww14772522348488_b

“Toshrangmetzavod” mamlakatimiz bo‘ylab elektron chiqindilarni qabul qilish va yig‘ishga mo‘ljallangan 24 ta filialga ega. 2020 yilgacha ularning soni 100 tagacha oshirilishi rejalangan. Elektron chiqindilarni faqatgina tegishli korxonalarning yig‘ish punktlariga topshirish lozim. Chunki oddiy mobil telefonning o‘zida 500 tadan 1000 tagacha zaharli kimyoviy moddalarni o‘z ichiga olgan turli komponentlar mavjud bo‘ladi.

Shuningdek, korxona aholidan elektron chiqindilarni tezroq yig‘ish va atrof-muhitni zararlanishdan saqlash maqsadida bozor va supermarketlarda maxsus to‘plovchi konteynerlarni ham o‘rnatadi.

Inson salomatligini asrash va tabiatni zararlanishdan saqlash uchun elektron chiqindilarni maxsus yig‘ish punktlariga topshirish zarur. Buning uchun “Toshrangmetzavod” korxonasiga murojaat qilishingiz mumkin.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!