Endi CLICK’dan Telegram orqali to‘lovlarni amalga oshirish mumkin! (qo‘llanma)

  •   DiMaX
  •  2778
  •  01.06.2017 10:17

Endi CLICK’dan Telegram orqali to‘lovlarni amalga oshirish mumkin! (qo‘llanma)

CLICK mobil banking tizimi kompaniyasi o‘z mijozlariga yanada qulaylik yaratish maqsadida, Telegram messenjeri orqali to‘lovlarni amalga oshirish xizmatini yo‘lga qo‘ydi. Bunda mijozlarga ilovadagi @clickuzbot boti yordam beradi, deyiladi kompaniya xabarida.

Qanday ishlatamiz?

Undan foydalanish uchun Telegram’da @clickuzbot botini topib, unga xabar yozish kerak, shundan keyingi jarayonlar tushunarli dialog tarzida kechadi. Dastlab til (o‘zbekcha yoki ruscha) tanlanadi, keyin esa botga CLICK tizimiga bog‘langan o‘z telefon raqamingizni yuborishingiz kerak bo‘ladi. Agar Telegram profilingiz ham shu raqamning o‘ziga ochilgan bo‘lsa, kontaktingizni yuborish uchun dialog oynasi ostidagi shu kontaktni yuborish tugmachasini bosishingiz mumkin. Agarda CLICK tizimiga bog‘langan telefon raqamingiz boshqa bo‘lsa, uni xalqaro formatda yozib, botga jo‘natasiz.

Keyin CLICK boti sizning ko‘rsatilgan telefon raqamingizga maxsus kodni SMS-xabar tarzida yuboradi. Shu kodni Telegram’da botga yozib jo‘natganingizdan keyin uning xizmatlaridan bemalol foydalanishingiz mumkin bo‘ladi.

So‘ng dialog oynasi ostidan kerakli bo‘limni tanlashingiz taklif etiladi. U yerda «To‘lov», «Balans», «Sozlanmalar» va «Biz bilan aloqa» bo‘limlari tugmacha shaklida aks etgan. Endi kerakli bo‘limni tanlab, zarur harakatlarni amalga oshirishingiz mumkin bo‘ladi.

Ha, darvoqe…

Aytish kerakki, @clickuzbot boti yordamida hozircha uyali aloqa, internet-provayderlar, televideniye va telefoniya xizmatlari uchun haq to‘lash mumkin. Kompaniyaning xabarida, Telegram’dagi bot orqali haq to‘lanadigan xizmatlar ro‘yxati kengaytirilmoqda.

Shuningdek, xavfsizlikni ta’minlash masalasi ham e’tibordan chetda qolayotgani yo‘q, deya ta’kidlanadi saytda. Kompaniyaning @clickuzbot boti bilan ishlash jarayonida bank plastik kartasi ma’lumotlarining maxfiyligi saqlanishi uchun xavfsizlik standartlarining barcha talablariga amal qilinadi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.