Endi Plus yoki Telegraph messenjerlarida to'g'ridan-to'g'ri akkaunt ocha olmaysiz

Endi Plus yoki Telegraph messenjerlarida to'g'ridan-to'g'ri akkaunt ocha olmaysiz

Telegram messenjeri ochiq kodli bo'lganligi uchun istalgan ilova yaratuvchilari uning API'i yordamida o'zlarining uchinchi tomon messenjerlarini yaratib olishlari mumkin. Masalan, O'zbekistonda Plus va Graph Messenger (Telegraph) nomli ana shunday messenjerlar rasmiy Telegram'ga qaraganda ko'proq funksionalligi bilan ancha ommalashgan. Biroq, tez kunda siz ularda yangi akkaunt ocha olmaysiz.

Telegram API foydalanuvchilari xizmatning navbatdagi yangilanishi haqidagi xabarni qabul qilishdi. Unga ko'ra joriy yilning 18-fevral sanasidan boshlab "tashqi ilovalarda akkauntiga kiradigan foydalanuvchilar login kodlarini faqat Telegram orqali qabul qila oladi" yoxud endi siz Telegram'ning kompyuter va veb ilovalarida bo'lgani kabi uchinchi tomon Telegram kliyentlarida ham akkauntingizga kirish uchun SMS-kod so'ray olmaysiz.

Hozirda Telegram faqat yangi akkaunt ochishda yoki avval ochilgan Telegram akkaunt hech qaysi qurilmada mavjud bo'lmaganida telefon raqamga SMS-kod yuborishi mumkin. So'nggi Telegram API yangilanishi esa siz Plus va Graph Messenger'larida to'g'ridan-to'g'ri yangi akkaunt ocha olmasligingizni anglatadi. Buning uchun siz avval rasmiy Telegram ilovasi orqali akkaunt ochishingiz, keyin esa uchinchi tomon ilovasiga "login" qilishingiz mumkin bo'ladi.

"Bu o'zgarishlar 18.02.2023 13:00 UTC da kuchga kirishidan oldin ularni aks ettirish uchun ilovangizning hisobga kirish va registratsiya interfeyslarini yangilashingizni so'raymiz", deydi Telegram o'zining API foydalanuvchilariga.

Telegram'ning qo'shimcha qilishicha, bu o'zgarish foydalanuvchilarga "sezilarli ta'sir qilmaydi", chunki uchinchi tomon Telegram kliyenti foydalanuvchilarining ko'pchiligi rasmiy Telegram ilovasidan ham foydalanadi. Kelgusi oylarda Telegram akkauntga kirish jarayonini soddalashtirishga yordam beradigan yangi xususiyatlarni taklif qilishi kutilmoqda.

O'QING: Twitter'da endi yanada ko‘proq so‘zlar bilan post yozish mumkin

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.