Erkaklar tasmasi telefonni zaryadlaydi

Erkaklar tasmasi telefonni zaryadlaydi

Hamisha yonimizda olib yuruvchi qurilmalarimiz qo‘ng‘iroq qilishdan tortib, internetgacha muhayyo qilmoqda. Ammo quvvatining tez tamom bo‘lishi, hozircha, uning zaif tomonidir. Kun kelib uzoq oylar (yoki yillar) davomida zaryadlashga ehtiyoj sezmaydigan batareyalar yaratilgungacha “hamroh”imizni tez fursatda zaryadlashning turli yo‘llarini izlaymiz. Masalan, kattakon akkumulyatorlar bor, ammo ularni ko‘tarib yurishning o‘zi bo‘lmaydi.

“Hech qanday beso‘naqay akkumulyator va zaryadlovchi moslamaning hojati yo‘q, shimingizni kiyib yurishni unutmasangiz bo‘lgani”, demoqda ION BELT loyihasi jamoasi. Ular akkumulyatorni erkaklar oddiy charm tasmasining astariga joyladi.

ION BELT loyihasi juda oddiy: tasmaning astariga sig‘imi 3000 mA s bo‘lgan akkumulyatorchalarni joylab, USB ulagich ham o‘rnatiladi. Tasma to‘qasi yonida zaryad darajasini ko‘rsatuvchi indikator va tokni uzib ulagich bor.

 

Yangilik yaratuvchilari hatto akkumulyatorning o‘zining ham xavfsizligini ta’minlab Encapsulpak texnologiyasini patentladilar. Bu akkumulyator uchun ikki xil metalldan tayyorlangan g‘ilofdir. U batareyani zarbdan himoya qiladi, tasma yeyilganda zarar yetkazmaydi.

Hozirda ushbu yangilikni amaliyotga joriy etish yo‘lida investorlar bilan kelishuv ishlari ketyapti.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!