Facebook va Messenger ilovalari haddan ortiq ko‘p quvvat sarflashi aniqlandi

Facebook va Messenger ilovalari haddan ortiq ko‘p quvvat sarflashi aniqlandi

Shubhasiz, Facebook jahondagi eng yirik ijtimoiy tarmoq hisoblanadi. So‘nggi tadqiqotlarga asosan, mazkur tarmoqdan dunyo bo‘ylab qariyb 1,7 mlrd odam foydalanadi. Kompaniyaning oxirgi chorakdagi sof daromadi esa 1,5 mlrd dollarni tashkil qilgan.

Shunga qaramay, Facebook o‘ziga tegishli ilovalarni optimallashtirishning uddasidan chiqa olmayapti. Facebook ilovalarining haddan ortiq batareya quvvatini sarflashi haqida 2013 yilda turli resurslarda xabar berilgan.

Tech World Zone saytining yozishicha, ushbu muammo haligacha butunlay hal etilmagan. Nashr mutaxassislari Nexus 6P modelida o‘tkazgan sinov natijalariga binoan, Facebook va Messenger ilovalarini smartfondan o‘chirib yuborish uning ishlash vaqtini 20%ga uzaytirar ekan.

Eng qizig‘i, Facebook dasturiy ta’minoti garchi fon rejimida ortiqcha faollik ko‘rsatsa-da, uning o‘zi ko‘p quvvat sarflamaydi. Biroq smartfonga Facebook ilovalarining o‘rnatilishi Android Framework va Android OS dasturlarining quvvat iste’molini keskin oshiradi.

Hozirda Facebook mazkur muammoni hal etish ustida ish olib bormoqda.