FileCloud.uz – TAS-IX hududidagi «bulutli» servis

  •   DiMaX
  •  4846
  •  02.06.2017 09:45

FileCloud.uz – TAS-IX hududidagi «bulutli» servis

Nima o‘zi u?

Kerakli fayllarni axborot tashuvchi qurilmalar – disketa, kompakt-disk, fleshka va tashqi xard-disklardan tashqari, hozirda «bulutli» servislarda saqlash kengroq tarqalmoqda. Bu turdagi keng tarqalgan xizmatlar – Yandeks.Disk, Google Drive, Dropbox kabilardan xabaringiz bor. Bugun biz sizga xuddi shu turdagi xizmatlarni taklif etuvchi, ammo bir qancha qulayliklari bilan ajralib turuvchi FileCloud.uz servisi haqida ma’lumot beramiz.

Ushbu servis yaqindagina ishlab chiqilgan bo‘lib, foydalanuvchilarning fayllarini internetdagi «bulutli» saqlagichda saqlashni va foydalanuvchiga ular ustidan turli amallarni bajarish imkonini berishga mo‘ljallangan.

«Bulut, bulutli» deymiz, nima o‘zi u bulutli texnologiyalar? Bulutli texnologiyalar (ingliz tilida cloud services, cloud technologies) – hozirgi kunda keng qamrovli atama bo‘lib, uning asosiy mazmuni – biror bir dastur yoki dasturlar majmuasini foydalanuvchi qurilmasida emas, balki internet tarmog‘i orqali xizmat ko‘rsatuvchi qurilmasida ishlatgan holda ma’lum turdagi dasturiy xizmatlarni taqdim etish. Masalan: fayllarni saqlash, fayllarga ishlov berish, ma’lumotlarni tahlil qilish va hokozo. Bulutli servislarning eng keng tarqalgani bu Dropbox – fayllarni saqlash xizmati, GoogleDocs – ofis ilovalari, SalesForce – CRM hamda ERP tizimlaridir.

Bulutli servislardan foydalanish uchun ko‘p hollarda foydalanuvchida internet tarmog‘i va brauzer bo‘lsa bas, ba’zida esa foydalanuvchi qurilmasiga ushbu servisni ishlatishda qulay bo‘lishi uchun maxsus dastur ilovalar o‘rnatiladi. Masalan, Word, Excel dasturlarida qilinadigan ishlarni GoogleDocs orqali bemalol bajarishingiz mumkin, buning uchun kompyuteringizda ofis ilovalari bo‘lishi shart emas.

Bizning yurtimizda ham bulutli xizmatlarni taqdim etib kelayotgan mahalliy ishlab chiqaruvchilar ko‘payib borayotgani quvonarli holat. Ulardan biri FileCloud.uz bo‘lib, bu servis fayllarni, masalan, hujjatlar, rasm va videolar, elektron kitoblar, umuman olganda Sizga zarur bo‘lgan muhim fayllarni bulutli saqlagichda havfsiz va barqaror saqlash imkoniyatini taqdim etadi. Bu degani – endi zarur fayllarni fleshka yoki kompakt disklarda emas, ulardan hajmi ko‘p va imkoniyatlari keng bo‘lgan «bulutli» xotirada saqlashingiz mumkin.

Foydalanuvchilarga taqdim etiladigan asosiy imkoniyatlari: fayllarni ko‘rsatilgan «bulutli» saqlagichda saqlash, ularni o‘z qurilmalari aro sinxronlash, fayllarni turgan joyida ko‘rish, o‘zgartirish, o‘chirib tashlash, qayta tiklash, ularni uchinchi shaxslar ko‘rishiga va o‘zgartirishiga, izohlar yozishiga ruxsat berish kabilardan iboratdir.

Qanday foydalanamiz?

FileCloud.uz servisining to‘rt xil tarif rejasi mavjud.

Ulardan birinchisi «Bepul» («Besplatniy») deb atalgan va nomiga yarasha, mazkur tarifdagi foydalanuvchilarga hech bir to‘lovsiz xizmat ko‘rsatiladi. Shunchaki ro‘yxatdan o‘tasiz va foydalana boshlaysiz – ajoyib-a? Bunda foydalanuvchilarga FileCloud.uz servisi virtual makonidan jami 500 megabayt joy taqdim etiladi. Unga yuklanadigan bitta faylning hajmi 100 MBdan oshmasligi lozim. Biroq fayllaringiz 256 bitli AES usulida shifrlanib saqlanadi, SSL kanal orqali murojaat qilinadi, masofadan turib ularni o‘chirib yuborish kabi imkoniyatlar to‘liq taqdim etiladi.

Keyingi tarif rejasi «Talaba» («Student») bo‘lib, unda sizga yuqoridagi tarifda taqdim etiladiganidan ko‘ra ko‘proq imkoniyatlar mavjud. Jumladan, bu tarif rejasi foydalanuvchilariga jami 5 gigabayt joy ajratiladi. Yuklanadigan bitta fayl hajmi esa 1 gigabaytgacha bo‘lishi mumkin. Mazkur tarif rejasida bo‘lsangiz, saqlagichdagi o‘z faylingizni o‘zingiz o‘chirib yuborganingizdan keyingi 30 kun ichida uni tiklashingiz imkoni ham bo‘ladi. Shuningdek, fayllaringiz ustida oxirgi 30 kun muddatda amalga oshirilgan harakatlar tarixini ko‘rishingiz mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, obuna muddatingiz tugaganidan keyin ham 10 kun mobaynida fayllaringiz «bulutli» joyida saqlanib turadi. Shu muddat davomida yana obunani davom ettirsangiz, avvalgi fayllaringizdan ham yana foydalanaverasiz. Agar biror do‘stingiz, hamkasbingiz yo hamkoringiz uchun faylingizga kirish ruxsati berishga to‘g‘ri kelib qolsa, buning uchun parollangan hamda ma’lum muddatdagina amal qilish imkoniyati bilan ularga havolalar taqdim etishingiz mumkin. «Talaba» tarif rejasida oylik obuna 10000 so‘mni tashkil etadi, lekin agarda bir yillik obuna bo‘ladigan bo‘lsangiz, chegirma tarzida har oy uchun 7000 so‘m to‘lashingiz ham mumkin bo‘ladi.

Navbatdagi – «Frilanser» («Freelancer») tarif rejasida esa, yuqoridagilardan tashqari, yanada ko‘proq imtiyozlar beriladi. Jumladan, unda fayllaringizni saqlash uchun 10 gigabayt joy beriladi. Bu makonga bittasining hajmi 2 gigabaytgacha bo‘lgan fayllaringizni yuklay olasiz. U yerdan o‘chirib yuborgan fayllaringizni esa keyingi 60 kun ichida qayta tiklash imkoniyatiga ega bo‘lasiz. Shuningdek, «bulutli» makondagi fayllaringiz ustida oxirgi 60 kun ichida bajarilgan amallar tarixini ko‘ra olasiz. Bulardan tashqari, «Frilanser» tarif rejasidagi obunangiz tugaganidan keyingi 20 kun ichida fayllaringiz o‘chirib yubormasdan saqlanadi, shu muddat mobaynida servisdan foydalanishni «kelgan joyidan» yana davom ettirsangiz, o‘sha fayllaringiz ham o‘zingiz qoldirgan holida turgan bo‘ladi. Shu imkoniyatlariga yarasha, «Frilanser» tarif rejasi uchun obuna narxi oyiga 15000 so‘mni tashkil etadi. Birato‘la yillik obunani rasmiylashtirsangiz, chegirma bilan har oyiga 10000 so‘m to‘laysiz.

Va nihoyat, «Oila» («Semya») tarif rejasida bo‘lsa, yuqorida sanab o‘tilgan barcha tariflardagi imkoniyatlar yanada kengaytirilgan tarzda taqdim etiladi. Ya’ni, siz bunda servisning virtual makonidan 50 gigabayt joyga ega bo‘lasiz, yuklanadigan har bir faylning o‘lchami esa 10 gigabaytgacha bo‘lishiga ruxsat etiladi. Servisdan o‘chirilgan fayllaringizni qayta tiklash hamda fayllarning o‘zgartirilish tarixini ko‘rish uchun muddatlar ham mazkur tarif rejasida 90 kunga yetkazilgan. Tarif uchun oylik to‘lov 40000 so‘m hajmida belgilangan, biroq yillik obuna bo‘lsangiz, oyiga 30000 so‘m qilib chegirma beriladi.

Xullasi kalom, o‘zingizning talab va ehtiyojlaringizdan kelib chiqqan holda, yuqoridagi tariflardan birini tanlashingiz mumkin.

Afzalliklari nimalardan iborat?

Endi FileCloud.uz servisining afzal jihatlari xususida to‘xtalib o‘tsak.

  1. Mustahkam muhofaza. Servisga joylanadigan barcha fayllar 256 bitlik shifrlash uslubida himoyalanadi. Demak, ularga buzib kirish, fayllaringizni ruxsatingizsiz o‘zgartirish holatlaridan xavotir olmasangiz ham bo‘ladi.
  2. TAS-IX – yuqori tezlik va bepul trafik. Ha, hozirda deyarli barcha internet-provayderlar o‘z abonentlari uchun TAS-IX hududidagi resurslarga bepul kirishni ta’minlab berganlarini inobatga olgan holda, FileCloud.uz servisi ayni shu hududda joylangan. Tabiiyki, tezlik ham tashqi internetga nisbatan ancha yuqori – demak, fayllarni yuklash, ko‘chirib olish va o‘zgartirishda muammo tug‘ilmaydi.
  3. Milliy valyutada to‘lov. Servis uchun to‘lovlarning so‘mda amalga oshirilishi – foydalanuvchilar uchun yaxshi qulaylikdir. Zero, ayrim xizmatlarning haqlari chet el valyutasida hisoblanib, kurs bo‘yicha so‘mda amalga oshirilishi birmuncha noqulayliklar keltirib chiqarayotganligiga guvohmiz.
  4. Katta hajmli fayllarni yuklash va ko‘chirib olish. Tabiiyki, «bulutli» makonga yuklaydigan faylingiz turiga bog‘liq holda, uning hajmi ham turlicha bo‘lishi mumkin. Shundan kelib chiqqan hamda servisning texnik jihatlarini ham inobatga olgan holda, turli tariflarda tegishlicha o‘lchamgacha bo‘lgan fayllarni yuklash imkoniyatlari joriy etilgan.
  5. Ulashish opsiyalarining qulayligi. Yuqorida ham aytib o‘tganimizdek, FileCloud.uz servisida saqlanayotgan fayllaringizni ko‘rishlari, o‘zgartirishlari, ko‘chirib olishlari uchun hamkorlaringiz, hamkasblaringiz yo do‘stlaringizga ruxsat berishingiz mumkin. Bunda maxfiylik saqlanishi hisobga olingan va, faylga ruxsat uchun har kimga yuboriladigan havola unikal (betakror) bo‘lib, siz belgilaydigan parolga ega hamda ma’lum muddatgagina amal qiladi.
  6. Jild ustida bir vaqtning o‘zida bir nechta foydalanuvchi ishlashi mumkin. Bitta umumiy jild ustida sheriklaringiz bilan birga – turli joylardan turib ham umumiy ishlay olasiz. Bu esa vaqtdan yutishga, real vaqt rejimida bir-birovni yaxshi tushungan holda muloqot qilib ishlashga imkon beradi.
  7. MS Office fayllariga o‘zgartirish kiritish. FileCloud.uz servisida saqlanayotgan Ofis fayllaringizni kompyuteringizga ko‘chirib olmasdan turib, turgan joyida o‘zgartirishingiz mumkin. Bu, ayniqsa, ishingiz tig‘iz payti yo‘lda yo boshqa noqulayroq sharoitda bo‘lib qolgan payti qo‘l keladi – yo‘l-yo‘lakay smartfoningiz orqali servisga kirib, fayllaringizga kerakli o‘zgartirishlarni kiritib ketaverishingiz mumkin.

  1. MS Office fayllari ustida Collaboration usulida ishlash. Biror hujjat fayliga bir vaqtning o‘zida bir nechta kishi o‘zgartirish kiritishi mumkinligi – ajoyib imkoniyat. Siz fayllaringizga kirishga ruxsat bergan hamkoringiz bilan bir vaqtning o‘zida, ammo turli joylardan kirib ham onlayn tarzda birga ishlashingiz – o‘sha hujjatingiz matnini birga tayyorlashingiz mumkin.
  2. Audio/video/surat fayllarini turgan joyida qarab chiqish. Servisga yuklab qo‘yilgan audioovoz, videolavha yoki biror surat faylini ko‘chirib olmasdan turib ham dastlabki ko‘rishni amalga oshirish mumkin. Bu esa adashib boshqa faylni ko‘chirib olib, vaqt va trafikni behuda sarflashning oldini oladi.

  1. O‘chirilgan fayllarni qayta tiklash. Mazkur funksiya FileCloud.uz servisining uchta tarifida ko‘zda tutilgan bo‘lib, bexosdan biror kerakli faylni «bulutli» saqlagichdan o‘chirib yuborganingizda, yoki o‘zingiz o‘chirganingizdan keyin o‘sha fayldagi biror ma’lumot kerak bo‘lib qolganida rosa asqotadi. O‘chirilgan fayllarni qayta tiklash imkoniyati uchta tarif rejasi foydalanuvchilariga, tegishlicha tarzda 10, 20 yoki 30 kun muddat bilan taqdim etilgan.
  2. Qulay interfeys. Servis sayti ko‘rinishi sodda – ortiqcha unsurlarsiz, foydalanishga qulay qilib ishlangan. Undagi barcha kerakli funksiyalar shundoqqina ko‘zingiz oldida, xuddi kaftdagidek ko‘rinib turishi ishingizni, yangi foydalanuvchilar uchun esa – servisdan foydalanishni o‘rganishni ancha yengillashtiradi.

 

  1. Boshqa foydalanuvchilarning fayl va jildlariga izohlar yozish. Agar FileCloud.uz servisining boshqa foydalanuvchisi sizga o‘z fayl va jildlariga ruxsat ochib bergan bo‘lsa, uning servisda saqlanayotgan jildlari va fayllariga o‘z izohlaringizni yozishingiz mumkin. Bu, xususan, sheriklar bilan hamkorlikda ishlaganda naf beradigan funksiya.
  2. Kichik va o‘rta biznes uchun zo‘r imkoniyatlar. FileCloud.uz servisidan foydalanish kichik va o‘rta biznes sub’yektlari, shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ko‘plab imkoniyatlar taqdim etadi. IT-texnologiyalar bilan ishlayotgan firmalar mazkur servis orqali fayllarni oson almashishlari mumkin. Zero, hozirda biror faylni hamkoriga yetkazish uchun fleshkada olib yurish kamida bitta xodimning qimmatli vaqtini oladi va qo‘shimcha yo‘l xarajatlarini talab etadi. Biznes sub’yektlari o‘zaro almashadigan fayllar hajmi yirikligi sababli ularni elektron pochta orqali jo‘natib ham bo‘lmaydi. Shunaqa vaziyatlarda tadbirkorlarga FileCloud.uz servisi ko‘makka keladi – frilanser, dizayner, modeler, animator va boshqalar katta hajmli fayllarni TAS-IX orqali bemalol almashishlari, ulashishlari (share) va saqlab qo‘yishlari (backup) mumkin.

Yuqoridagilardan tashqari, yaqin kunlarda FileCloud.uz servisiga yana bir imkoniyat qo‘shilmoqda. Unda siz Yandeks.Disk, Google Drive, Dropbox kabi «bulutli» saqlagichlardagi akkauntingizni FileCloud.uz servisidagi akkauntingiz bilan sinxronlay oladigan bo‘lasiz. Ya’ni, fayllaringizni TAS-IX hududidagi saqlagichga yuklaysiz, ular FileCloud.uz orqali tashqi servislarga yuboriladi, ya’ni sizning ishtirokingizsiz va trafik xarajatlarisiz sinxronizatsiya amalga oshiriladi.

Xulosa: FileCloud – sizning TAS-IX’dagi «bulutli» makoningiz

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, hayotingiz uchun muhim bo‘lgan fayllaringizni «bulutli» servisda saqlash uchun FileCloud.uz servisi juda maqbul tanlov.

Undan foydalanar ekansiz, avvalo, muhim ma’lumotlaringizning xavfsizligidan xavotir olmaysiz. Qolaversa, TAS-IX hududida faoliyat ko‘rsatgani sababli, tezlik va trafik miqdori masalasida ham muammo bo‘lmaydi.

Servis jamoasi mijozlarning talab va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, uning imkoniyatlari doirasini muntazam kengaytirib borishmoqda. Shu bilan birga, mijozlar va qiziquvchilar bilan muntazam tarzda muloqotda bo‘lib turish uchun mazkur servisning Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasi faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan. O‘zingizni qiziqtirgan savollar bilan shu sahifa orqali murojaat etib, kerakli javoblarni va maslahatlarni olishingiz mumkin.

Shunday ekan, siz ham hayotingiz uchun eng muhim bo‘lgan fayllaringizni saqlash, ulashish va uzatishda TAS-IX hududidagi «bulutli» saqlagich – FileCloud.uz servisi xizmatlaridan foydalaning!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!