Firefox’da endi ovoz va videoning avtomatik yangrashini o‘chirib qo‘ya olasiz

  •   DiMaX
  •  1604
  •  26.07.2018 13:51

Firefox’da endi ovoz va videoning avtomatik yangrashini o‘chirib qo‘ya olasiz

Ayrim saytlarga joylangan ovozli va video fayllar o‘z-o‘zidan ijro etilib ketishi foydalanuvchilarga hamishayam ma’qul kelavermaydi. Ularni cheklab qo‘yish funksiyasi Chrome hamda Safari kabi brauzerlarda bor edi, endi ommabop Firefox brauzeriga ham tatbiq etilmoqda.

O‘QING: Chrome, Opera va Firefox’da saytlarning qalqib chiquvchi bildirishnomalarini o‘chiramiz

Hozircha ushbu funksiya brauzerning sinov talqini – Firefox Nightly dasturida ishlamoqda, uni mana bu yerdan yuklab olishingiz mumkin. Mozilla kompaniyasining va’da berishicha, barqaror Firefox’ga mazkur imkoniyat oktyabrda joriy etiladi.

Firefox Nightly orqali biror saytni ochganda, undagi ovozli videolavhalar avtomatik ijro etilishi mumkinligi haqida brauzer darhol foydalanuvchidan so‘raydi. Shuningdek, brauzer sozlamalariga kirib, audio va video fayllarning avtomatik yangrashini barcha saytlar uchun biryo‘la cheklab qo‘yish ham mumkin.

Tabiiyki, avtomatik ijroning bloklanishi foydalanuvchilar uchun internetdan foydalanishni qulaylashtiradi. Ammo tashrifchilarga reklamani ko‘rsatish evaziga daromad oladigan saytlar uchun bu yangilik aslo manfaatli bo‘lmaydi.

O‘QING: Kompyuterda reklamalardan birato‘la qutulish yo‘llari