Fitbit Ionic Watch innovatsion soati taqdim qilindi

Fitbit Ionic Watch innovatsion soati taqdim qilindi

Fitnes va sport trekerlari bilan yaxshi tanilgan Fitbit kompaniyasi Ionic Watch "aqlli soat"ini taqdim qildi. Ishlab chiqaruvchining fikriga ko‘ra, bu ayni paytda jahonning keng imkoniyatli "1-raqamli" smartvochi. U kontaktsiz to‘lovlarni amalga oshira olishi, qon tarkibini tahlil qila olishi bilan o‘ziga xos. 

Fitbit Ionic Watch gadjeti akselerometr, harakat datchigi, PurePulse yurak ritmining optik monitori, GPS, NFC (kontaktsiz tranzaksiyalar uchun) chipi va qonning kislorodga to‘yinganini aniqlaydigan SpO2 datchiklari bilan ta’minlangan.

Soatdagi NFC moduli va Fitbit Pay ilovasi yordamida to‘lovlarni kontaktsiz amalga oshirish mumkin. Charm bandli soatning korpusi suvdan himoyalangani uchun soatdagi monitor suvdagi mashg‘ulotlarni nazorat qilishda ham qo‘l keladi. U bilan birga 50 metrgacha chuqurlikdagi suv tubiga tushish mumkin. Fitbit Ionic Watch'da musiqa uchun 2.5 gigabaytli xotira ham bor.

Shuningdek, "aqlli soat" Pandora musiqiy xizmati, Accuweather ob-havo ma’lumotlari, Starbucks kabi ilovalar, FitStar shaxsiy treneri kabi mashq qilishga mo‘ljallangan ilovalar bilan ta’minlangan.

Gadjetning to‘liq quvvati faol foydalanganda 4 kundan 7 kungacha  yetishi mumkin. Uning jihatlari bilan tanishing:

Rangli displey: 1.42 dyuym, 348 x 250 pikselli, Sapphire Glass shishasi bilan himoyalangan;

Mosligi: Android va iOS tizimidagi qurilmalar bilan ishlaydi;

Aloqa imkoniyatlari: WiFi, Bluetooth 4.0, NFC, GLONASS, GPS;

Sensorlari: 3 o‘qli giroskop, 3 o‘qli akselerometr, yurakni nazorat qilish trekeri, qondagi kislorodni nazorat qiluvchi treker, altimetr, yorug‘lik datchigi, vibratsiya sensori.

Narx - navo

Oktyabrdan boshlab sotuvga chiqadigan Fitbit Ionic Watch'ning 299.95 AQSh dollaridan sotuvga chiqarilishi ma’lum qilingan. Shuningdek, almashtirib taqishga mo‘ljallangan bandlarni 30-60 AQSh dollaridan xarid qilish mumkin.