Flagman emas, lekin flagmanlardek texnik xususiyatlarga ega: Redmi Note 12 Turbo bilan tanishing!

Flagman emas, lekin flagmanlardek texnik xususiyatlarga ega: Redmi Note 12 Turbo bilan tanishing!

Xiaomi'ning Redmi brendi bugun o'zining Note 12 seriyasidagi smartfonlari qatoriga yana bir modelni qo'shdi. Garchi o'rta sinf smartfonlar oilasiga mansub bo'lsa ham, yangi smartfon flagmanlardek yuqori texnik xususiyatlarga ega. Quyida Redmi Note 12 Turbo smartfoni bilan batafsil tanishishingiz mumkin.

Redmi Note 12 Turbo smartfoni Qualcomm yaqinda taqdim qilgan 4 nanometrli Snapdragon 7+ Gen 2 chipsetida ishlaydigan ilk smartfon bo'lib, u 8, 12 va 16 GB gacha bo'lgan LPDDR5 operativ va 256, 512 GB va 1 TB gacha UFS 3.1 doimiy xotira konfiguratsiyalarida taklif qilinadi. Qurilma 5000 mA/soat batareya bilan ta'minlangan va uni 67 Vt tezlikda quvvatlash mumkin. Albatta, operatsion tizim MIUI 14 versiyasida.

Yangi Turbo smartfon 6.67 dyuymli OLED ekran bilan jihozlangan. Uning rezolyutsiyasi 2400×1080 bo'lib, u 1000 nit maksimal yorug'likka chiqa oladi, shu bilan birga, Dolby Vision, HDR10+ ni qo'llab-quvvatlaydi va 120 gerts yangilanish tezligiga ega. Hech qanday egilishlarsiz tekis ekran juda ingichka qora ramka bilan o'ralgan va bu smartfonning o'ziga xos xususiyatlaridan biri hisoblanadi: yon tomonlari 1.42 mm, yuqori qismi 1.95 mm, pastki jag'i esa 2.22 mm qalinlikda. Ekran yuqori markazida 16 megapikselli HD portret kamera joylashgan va u bilan siz sekundiga 30/60 kadr tezlikda 1080p formatidagi videolarni olish imkoniga egasiz.

Kameralar mavzusidan uzoqlashmagan holda smartfon orqa tomoniga o'tamiz. U yerda siz Redmi Note 12 seriyasidagi smartfonlarga xos stilda joylashtirilgan uchlik kamera tizimini ko'rishingiz mumkin. Ularning asosiysi 64 MP va u tasvirni optik barqarorlashtirish (OIS) xususiyatiga ega. Ikkinchi kamera 8 MP ultra-keng sensor bo'lsa, uchinchisi 2 megapikselli makro linzadir. Ushbu kamera tizimi sizga 4K formatida 30 fps videolar olish imkonini beradi.

Aloqa va ulanish borasida smartfon 5G, Wi-Fi 6e va Bluetooth 5.3 texnologiyalarini qo'llab-quvvatlaydi. Qo'shimchasiga smartfon yaxshilangan VC sovutish tizimi, X o'q chiziqli motor, ikkilik ovoz kuchaytirgichlar (Hi-Res Audio, Hi-Res Wireless, Dolby Atmos) va mikrofonlar, infraqizil nur uzatuvchi va 3.5 millimetrli simli naushnik uyasiga ham ega. Kontaktsiz to'lovlar uchun NFC funksiyasi ham mavjud. Barmoq izi skaneri yon tomondagi smartfonni yoqish tugmasiga birlashtirilgan. Smartfon bo'yiga 161.11×74.95×7.9 mm o'lchamda bo'lib, uning og'irligi 181 grammni tashkil qiladi.

Redmi Note 12 Turbo smartfoni havorang, qora va oq ranglarda taqdim qilingan. Sotuvlar Xitoyda 31-martdan boshlanishi kutilmoqda. Narxlar quyidagicha:

  • 8 GB + 256 GB = 1999 yuan (≈290 dollar)
  • 12 GB + 256 GB = 2199 yuan (≈320 dollar)
  • 12 GB + 512 GB = 2399 yuan (≈349 dollar)
  • 16 GB + 1 TB = 2799 yuan (≈407 dollar)

Redmi, shuningdek, o'zining Note 12 Turbo smartfonini "Garri Potter" filmlaridan ilhomlanib tayyorlangan maxsus variantini ham namoyish qildi. Ta'kidlash joizki, bu "Harry Potter" va smartfon brendi o'rtasidagi ilk hamkorlik hisoblanadi.

Redmi Note 12 Turbo Harry Potter Edition orqa tomonining soyali naqshlari ustiga Hogvarts sehrgarlar maktabining katta logotipi tushirilgan. Shuningdek, kameralar chap yon tomondan qaraganda Garri Potter ko'zoynagini eslatib yuboradigan dizaynga ega bo'lgan. Hatto ularning yuqorisida Garri Potterning chaqmoqli chandig'ini ham ko'rishingiz mumkin. Kameralarning yonida esa "Harry Potter" logosi ham bor. Albatta, maxsus smartfon maxsus qutida o'ziga xos qo'shimcha aksessuarlar bilan keladi.

Ushbu variantdagi Redmi Note 12 faqat 12+256 GB xotira konfiguratsiyasida taklif qilinadi va uning narxi 2399 yuan yoxud ≈349 dollar narxni tashkil qiladi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!