«Flagmanlar kushandasi» – OnePlus 6 taqdimotidan avval uning jihatlari va hatto narxini ham Amazon «sotib qo‘ydi»

  •   DiMaX
  •  2458
  •  14.05.2018 17:53

«Flagmanlar kushandasi» – OnePlus 6 taqdimotidan avval uning jihatlari va hatto narxini ham Amazon «sotib qo‘ydi»

O‘tgan yilning eng kuchli flagman smartfonini namoyish etgan xitoylik kompaniya endi OnePlus 6 modelini tayyorlayotganidan xabaringiz bor. Kuzatuvchilar ushbu modelning ham «flagmanlar kushandasi» bo‘lishini taxmin qilishayotir.

O‘QING: «Aslo qotmaydigan» OnePlus 6 flagmanini yoqiq holida «jonli» ko‘rsatishdi

Ushbu smartfon 16 may kuni, London shahrida tashkillashtirilayotgan matbuot anjumanida rasman namoyish etilishi rejalashtirilgan. Garchi uning ko‘plab xususiyatlari haqidagi ma’lumotlar, hatto smartfonning «jonli» suratlari va videotasvirlarigacha internetda tarqalgan bo‘lsa-da, OnePlus kompaniyasi ularni rasman tasdiqlagan emas.

Ammo kutilmaganda Amazon onlayn marketining Germaniyadagi bo‘limi saytiga OnePlus 6 modelining render suratlari va hatto narxi ham chiqib ketgan. Sayt mas’ullari mazkur xatolikni payqab qolib, tezda bu ma’lumotlarni yashirishgan, ammo shungacha ham ulardan olingan skrinshotlar tarmoqlarga tarqalib ulgurgan.

Shunday qilib, Amazon bexosdan oshkor etgan ma’lumotga ko‘ra, OnePlus 6 smartfoni korpusi ikki xil – jilokor va jilosiz qora ranglarda taqdim etiladi. Suratlarda gadjet ekranining tepa qismidagi «o‘yiq», shuningdek, orqa paneldagi qo‘shaloq kamera hamda daktiloskopik datchik yaqqol ko‘rinib turibdi.

OnePlus 6 smartfoni joriy yilning 22 may kunidan savdoga chiqariladi. Uning 64 gigabaytlik doimiy xotiraga ega varianti 519 yevro, 128 gigabaytlik talqini esa 569 yevro narxida sotiladi.

Ushbu smartfonning turli xususiyatlari haqida avvalgi xabarlarimizda ma’lumotlar berganmiz.

O‘QING: Orziqib kutilayotgan OnePlus 6'ning rasmiy nomi ma’lum bo‘ldi

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!