Galaxy A7 (2016): Flagmandan ilhom olgan ommabop smartfon

Galaxy A7 (2016): Flagmandan ilhom olgan ommabop smartfon

Qisqacha texnik tavsif:

Operatsion tizim: Android v5.1.1 (Lollipop), v6.0.1 (Marshmallow)ga yangilash mumkin.

Ekran: 5.5 dyuym, 1080x1920 piksel (401 ppi), SuperAMOLED, Corning Gorilla Glass 4, 2.5D bezak shishasi.

Xotira: 3 GB operativ xotira, 16 GB doimiy ichki xotira (10.7 GB foydalanuvchi uchun), microSD qo‘shimcha xotira bo‘lmachasi (128 GB.gacha).

Protsessor: 8 yadroli va chastota tezligi 1.6 GGs bo‘lgan Exynos 7580 protsessori, Mali T720 yordamchi grafik-tasvir protsessori.

Akkumulyator: Li-Pol, 3300 mA soat, tezkor quvvatlash, 110 minutda 100 foiz quvvat oladi. To‘la quvvat bilan 15 soat video ko‘rish, 3G yoki LTE aloqa tarmog‘ida 14 soat suhbat qurish, erkin muloqot rejimida 17 soat foydalanish mumkin.

Kamera: 5 megapikselli old kamera (f/1.9), bosh kamera 13 megapikselli (f/1.9).

Sim-karta: 2 ta nanoSIM-karta, ularning biriga qo‘shimcha xotira kartasini o‘rnatish mumkin.

Qo‘shimcha: Barmoq izlari skaneri, akselerometr, geomagnit datchigi, Xoll datchigi, oraliq-masofa datchigi, tashqi yorug‘lik datchigi.

Korpus talqinlari: tilla, qora, oq ranglar.

O‘lchamlari: 151.5 x 74.1 x 7.3 mm, og‘irligi – 172 gramm.

Smartfon komplektida telefon, quvvatlash qurilmasi, SIM-karta bo‘lmachasini ochish uchun skrepka,  simli stereogarnitura, qo‘llanma mavjud bo‘ladi.

Galaxy A7 2016: Tanishuv

2016 yilning A-turkum geleksilari haqida avvalgi A5 haqidagi tavsifimizda ham ma’lumot bergan edik. A7 unga nisbatan kattaroq va ilg‘or jihatlarga ega.

2016 yilga mansub A-seriyasida ishlab chiqarilayotgan smartfonlarning nafis va o‘ziga xos dizayni Samsung Galaxy S6 falgmaniga o‘xshab ketadi. Imkoniyatlari ham nisbatan flagmanga yaqin. Yirik ekran diagonali, dizayn sabab u kompaniyaning asosiy qurilmalari qatoridan joy egallamoqda.

O‘z navbatida A-turkumi orasida A7 mobil telefonlar oilasi “bayroqdor”, ya’ni eng yaxshisi hisoblanadi. U asosan arzon va sifatli smartfonni ma’qul ko‘rayotgan Osiyo mobil qurilmalari bozori uchun ishlab chiqarilmoqda. A5 dan farqli jihatlari qatoriga yirik ekran, tezkor xotira va boshqa jihatlarni qo‘shish mumkin.

5.5 dyuym diagonalli ekranga ega smartfon xaridorni diqqatini o‘g‘irlab oladi. A7 ekrani o‘z o‘lchamiga nisbatan maksimal darajada sifatli. Uning fabletga xos o‘lchami o‘z navbatida ko‘pchilikning kafti uchun kattalik qilish mumkin. Uzoq vaqt “turib beradigan” akkumulyator esa uning yana bir ustun jihati. 2016 yilgi Samsung Galaxy A7 O‘zbekiston smartfon bozorida o‘rtacha 300 AQSh dollaridan sotilmoqda.

Jozibador dizayn, samarali faoliyatga ega, flagmandan bor-yo‘g‘i bir qadam orqada bo‘lgan hamyonbop fabletlarning eng yaxshisini qidirib yurganlar uchun Galaxy A7 (2016) ayni muddao.

Galaxy A7 2016: Dizayn, o‘lcham, boshqaruv elementlari

Barcha A-turkumidagi mobil telefonlarning korpusi bir xil materialdan, ya’ni alyuminiy metall hamda plastik xomashyosidan tayyorlangan. Ularning dizayn yechimi bir xil – Galaxy S6’ga xos, korpus ranglari ham bir xil. Faqatgina o‘lchamlarida – ekran diagonali, korpus qalinligida farq qilishi mumkin.

Metall korpus, ekrandan iborat old panel, alyuminiy sinchning ham old va orqa tomonida foydalanilgan bezak shisha va 2.5D shaklidagi himoya shisha smartfonning old va orqa tomon ko‘rinishiga alohida nafislik bag‘ishlagan. Ekranda Corning Gorilla Glass 4 himoya shishasi tatbiq etilgan.

Telefon apparati imkon qadar kengroq auditoriyani qamrab olishi uchun uni birato‘la uch rangli, ya’ni tilla, qora va oq rang korpus talqinlari ishlab chiqarilmoqda. Ularning har biri metall misol tovlanadi. Ayniqsa, quyoshda smartfon korpusining jozibasi yanada yaqqol namoyon bo‘ladi.

Orqa panel barmoq izlariga o‘chroq. Xususan, ichki sharoitda ular yaqqol ko‘zga tashlanadi. Qurilma korpusidagi ergonomika, ya’ni korpusning qirradorligi, shakldorligi, nishablik va nozik qiyaliklar uning kaftda mustahkam o‘rnashishiga xizmat qiladi.

Korpusning yuqori va quyi qismlaridan mikrofonlar o‘rin olgan, shuningdek tashqi shovqinni kamaytirish tizimi ham mavjud. U shovqin paytida yaxshi ish beradi.

15

Galaxy A7 2016 2 ta alohida ovozni boshqarish tugmalari korpusning chap yonidan o‘rin olgan.

O‘chirish / Yoqish tugmasi esa o‘ng yonda joylashgan.

09

Shuningdek. bu yerda 2 ta SIM-karta (nano) bo‘lmachasi mavjud. Ulardan birini qo‘shimcha xotira kartasi uchun ham ishlatish mumkin.

Galaxy A7 2016 gadjetining orqa panelida, korpusning yuqori qismida 13 megapikselli kamera mavjud. Uning qatorida esa svetodiodli fotochaqnoq o‘rnashgan.

Korpusning quyi qismida 3.5 mm naushnik garniturasi uchun konnektorga, shuningdek ovoz uzatkichga joy berilgan.

Galaxy A7 2016 ekranining yuqori qismida masofa-oraliq hamda yorug‘lik datchiklari mavjud.

Ekranning quyi qismida esa “Home” moddiy klavishi, uning yon tomonlarida 2 ta sensor klavishlar mavjud. Ular ko‘k tusli klavishosti chiroqlariga ega. Markaziy “Home” tugmasida esa barmoq izlari skaneri mavjud. Uning barmoq izini sezish tezligi va aniqligi juda yaxshi. Ammo, skaner nam barmoqlarni o‘qimaydi.

Galaxy A7 2016 smartfoniga xos yana bir e’tirozli jihat – bu avval tatbiq qilingan svetodiodli  indikatorning yo‘qligi. U qorong‘u vaziyatlarda juda yaxshi ish bergan. Biroq, bu u qadar ham katta muammo emas.

Galaxy A7 2016: Displey, ekran

5.5 dyuymli SuperAMOLED matritsasida faoliyat ko‘rsatadigan ekrannig piksel sig‘imi 1080x1920 (424 ppi) belgiga teng. U Corning Gorilla Glass 4 himoya shishasidan ishlangan. Aytganimizdek, ekran hoshiyasida 2.5D shaklidagi himoya shishasi yotqizilgan.

Eslatib o‘tish kerakki, 2015 smartfon bozorining barcha kompaniyalari flagman telefonlarida AMOLED matritsani o‘rnata boshladilar. Ya’ni, Samsung texnologiyasi juda ommalashdi.

A7 2016 ekrani sifati xususida ortiqcha biror e’tirozga o‘rin yo‘q. Matn, video, tasvir bo‘ladimi, ekran ularni ichki sharoitda yoki quyosh nurlari ostida sifatli namoyish etadi.

14 (1) 15 (1)

An’anaga ko‘ra ekranda ranglarni aks ettirishning turli rejimlaridan foydalanish mumkin. Misol uchun,  “Moslashtirilgan ekran”, “Film AMOLED”, “Foto AMOLED”, “Bosh”. Kimki tabiiy rang tarafdori bo‘lsa, yoki bir oz yorqinlikni yoqtirsa, o‘z xohishiga mos rejimni tanlaydi.

Galaxy A7 2016 ekran yorug‘ligini avtomatik sozlash rejimi kam-ko‘stsiz ishlaydi. Foydalanish jarayonida bu borada biror nosozlik kuzatilmadi. Buning yaxshi tomoni sifatida ko‘chada ham ekranning o‘qish uchun sozlanishini aytish joiz.

Nazariy jihatdan olganda smartfon o‘lchamidagi displeyning FullHD sig‘imli bo‘lishi – bu maksimal daraja hisoblanadi. Flagmanlarda joriy etilayotgan QHD sig‘imli ekranlar va Galaxy A7 2016 displeyidagi tasvirlarni solishtirib ko‘rsak, farq sezilmaydi.

Shu bilan birga, ko‘pchilik AMOLED ekranni qizib ketishda ayblaydi. Ehtimol, bir necha yil avvalgi smartfonlarda bu holat kuzatilgandir. Lekin, Galaxy A7 2016 smartfonini ishlatib ko‘rish, kun davomida 3-4 soatlik foydalanish jarayonida bu borada biror muammo yuzaga kelmadi.

Ekran to‘g‘risidagi xulosani aytish mumkinki, Galaxy A7 2016 smartfon bozoridagi eng yaxshi ekran texnologiyasiga ega gadjetlardan biri. U sizga uzoq vaqt xizmat qilishi mumkin.

Galaxy A7 2016: Akkumulyator

Smartfonda tatbiq etilgan, elektr sig‘imi 3300 mA soat bo‘lgan Li-Pol akkumulyatori Xitoy smartfonlaridagi 4000-5000 metr Amper soat sig‘imli “quvvat tosh”lariga qaraganda uzog‘roq ishlaydi. Boisi, Samsung muntazam ravishda tizimni energotejamkorlik jihatlari bilan uyg‘unlashtirib keladi.

Misol uchun, AVI, FullHD, MX Player kabi sig‘imli videolar maksimal yorug‘likda qo‘yilganida bu testda 3000 mA soat quvvatga ega ko‘plab xitoylik shovvoz smartfonlar 5-7 soatdan so‘ng “sinib” qoladi. yarkost). A7 2016 esa to‘la quvvat bilan 15 soatgacha videoni o‘qiy oladi.

Kompaniyaning aytishicha, to‘la quvvat 3G tarmog‘ida 17 soat muloqot uchun, musifa tinglaganda 78 soatga yetar ekan.

Internet tarmog‘i, messenjer va tarmoqlardan foydalanganda, kundalik o‘rtacha muloqot qilganda A7 telefonining to‘la quvvati foydalanuvchiga 2-3 kunga yetadi. Biroq, ovozli qo‘ng‘iroq va SMS xizmatidan foydalanilmasa, internet uzoq qolib ketilmasa, to‘la quvvat telefon apparatiga 3.5 kungacha ishlashiga yetadi. Bu yomon natija emas, albatta. Nisbatan faol foydalanuvchilar bo‘lsa, ular smartfonni to‘la quvvatlab, undan 2 kun foydalanishlari mumkin. Bu kundalik 3 soatlik faol ekran, 1 soatlik muloqot qilishni anglatadi.

Galaxy A7 2016 akkumulyatori o‘zining “ukasi” A5’dan 15-20 foiz ko‘proqqa yetadi. Ustiga ustak, tezkor quvvatlash tizimi mavjud bo‘lsa.

Galaxy A7 2016 telefoni 110 daqiqada to‘liq quvvat olish imkoniga ega. Yarim soatda esa quvvatini yarimdan oshira oladi.

Shu bilan birga, foydalanuvchiga quvvatni tejash bo‘yicha bir qator tasiyalar taklif qilinadi. Xususan, ekranosti chirog‘ini o‘chirish, protsessor chastotasini kamaytirish orqali foydalanish vaqtini 20 foizga oshirish mumkin. Maksimal darajada quvvatni tejash rejimida ekranda kulrang egalik qiladi va apparat juda ozgina quvvat bilan ham 1 soat ishlab bera oladi.

Galaxy A7 2016: Ichki platforma, xotira, operativ xotira, samaradorlik

Exynos 7580 protsessoridan foydalanishga o‘tish A7 2016 samaradorligini sezilarli ravishda oshishiga olib keldi. 28 nanometrli jarayonda ishlasa ham, protsessor og‘ir yuklashlar paytida ham deyarli qizib ketmaydi. Bu qizish faqatgina  LTE tarmog‘ida ma’lumot almashganda kamera atrofida bir oz seziladi.

Galaxy A7 2016’da 16 GB (10.7 GB foydalanuvchi uchun) doimiy ichki xotira mavjud. Shuningdek, qo‘shimcha xotira kartasini ham o‘rnatish mumkin. Shu jihati bilan ham u Samsung flagmanlarini eslatadi. A7 ma’lumot sig‘imi 128 GB bo‘lgan qo‘shimcha fleshkani qo‘llab-quvvatlaydi.

Operativ xotira esa — 3 GB! Bu unga barcha vazifa hamda amallarni bajarishi uchun bemalol yetadi. Protsessor, dasturiy ta’minot va tezkor xotira o‘rtasidagi muvofiqlik apparatga tez ishlashi, qizib ketmasligi, qotib qolmasligiga xizmat qiladi.

Galaxy A7 2016: Kommunikatsiya imkoniyatlari.

Galaxy A7 2016 smartfoni aloqa tarmog‘ining GSM / HSPA / LTE (LTE Advanced Cat.6.) tarmoqlarida faoliyat ko‘rsatishga mo‘ljallangan. Unda simsiz aloqaning Wi-Fi 802.11 a/b/g/n, dual-band, WiFi Direct, Bluetooth v4.1, A2DP, EDR, LE, GPS      , A-GPS, GLONASS/ BDS (mintaqaga ko‘ra), USB, NFC (LTE’ga mo‘ljallangan modellari uchun), FM-radio kabi texnologiyalaridan foydalanish mumkin. Shuningdek, korpusda USB microUSB v2.0 konnektori o‘rnatilgan.

Shuningdek, mobil telefon apparatida akselerometr, tashqi yorug‘lik datchigi, oraliq-mo‘ljal datchigi, oraliq-masofa datchigi, Xoll datchigi, optik barqarorlashtirgich, raqamli kompas kabi sensorlar mavjud.

Galaxy A7 2016: Kamera

Galaxy A7 2016 smartfonining old kamerasida 5 MP yorug‘lik qamrovi yuqori — f/1.9 diafragmali bo‘lgan modul tatbiq etilgan. Unda 1080p sig‘imli video tasivrga olish mumkin.

Telefonning bosh kamerasi 13 megapikselli bo‘lib, uning imkoniyatlari 2015 yilning Samsung flagmanlariniki bilan bir xil. Sifatli va aniq suratlari bilan foydalanuvchiga ma’qul keladi. Uning avvalgi modelidagi kameradan yana bir farqli jihati — yorug‘lik past sharoitda ham yaxshi suratga olishidir. Bosh kamerada optik barqarorlashtirish tizimi, avtofokus, LED chiroq, surat sifatini tekshirish tizimi, manzilni belgilash, fokusni belgilash, yuzni aniqlash tizimlari, shuningdek “panorama”, “HDR” (8 megapikselgacha) rejimlari mavjud.

Kamera haqida umumiy qilib uning surat borasida nozikta’b insonlarga ham ma’qul bo‘lishini aytish mumkin.

Quyida Galaxy A7 2016 kamerasida olingan suratlarga o‘zingiz baho bering:

Galaxy A7 2016: Dasturiy ta’minot va operatsion tizim

Ushbu model bozorga Android 5.1.1 operatsion tizimi bilan chiqqan bo‘lsa ham, keyinchalik uni  Android 6 tizimiga yangilab olish mumkin bo‘ldi. Opreatsion tizimning kompaniya ishlab chiqqan TouchWiz moslashtirilgan talqini jahonning eng yaxshi mobil tizim boshqaruvchilaridan biridir. Muvaffaqiyatli Samsung S6 ham mazkur OTda faoliyat ko‘rsatadi.

Eng ilg‘or Samsung telefon apparatlaridan farqli ravishda ushbu smartfonda FM-radio aloqa tizimi o‘rnatilgan.

Galaxy A7 2016 orqali Samsung App Store do‘konidan S Health, bolalar rejimi va boshqa foydali ilova-dasturlarni yuklab olish mumkin.

Samsung Knox yechimi himoyalangan yuklab olish tizimi platforma xavfsizligini ta’minlaydi. Shuningdek, uning yordamida biror ilovani 2 nusxada o‘rnatish mumkin. Bu – bir telefon apparatida 2 ta WhatsApp messenjeri bo‘ladi va ularning har birini 2 ta SIM kartada alohida ishlatish mumkin. Boshqa dasturlardan xuddi shunday foydalanish mumkin. Hali Galaxy A7 2016 bergan bu imkoniyatni boshqa biror mobil apparat tizimi foydalanuvchilarga taqdim qilmagan edi.

Galaxy A7 2016: Taassurot va xulosa  

Galaxy A7 2016’da aloqa sifati a’lo darajada, ovoz uzatish va tovush tizimi ko‘ngildagidek, qo‘ng‘iroq ovozi o‘rtadan yuqori va unda ham biror kamchilik mavjud emas – uni sumka yoki cho‘ntak ichida ham eshitish mumkin, Titroq-qo‘ng‘iroq ham o‘rta darajali, shovqinni kamaytirish tizimi yaxshi ishlaydi, unga ham biror e’tiroz yo‘q.

Galaxy A7 2016 korpusi yaxshi materiallardan tayyorlangan, ekran shishasi odatdagi baxtsiz tasodiflarga ancha chidamli.

Galaxy A7 2016 modelining dizayni va ko‘rinish ham nafis, jozibador, flagmanlar nafasi va hashami ufurib turadi.  U uncha-muncha fabletlikka havasmand qurilmalardan salobatli tuyiladi. Samaradorlik jihatidan ham Galaxy A7 2016 ancha ilg‘or. Hozirga qadar platforma va operatsion tizim yuzasidan jiddiy va ommaviy e’tirozlar kuzatilmagan.

Galaxy A7 2016 modelining SuperAMOLED platformasida ishlaydigan displeyga ega bo‘lishi o‘z sinfida uning peshqadamligini ta’minlaydi, raqiblaridan ustun kelishiga yordam beradi. Smartfonning quvvat tizimi ham o‘z egasini quvontiradi. Yuqorida qayd etganimizdek, Galaxy A7 2016 O‘zbekiston smartfon bozorida o‘rtacha 300 AQSh dollaridan sotilmoqda.

Bu sizga Galaxy A7 2016 to‘g‘risida aytmoqchi bo‘lgan texno-jihatlar va zarur ma’lumotlar. Doimgidek, tanlash ixtiyori o‘zingizda qoladi. Bozoringizni bersin!

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

asaxiy.uz 2,342,400 сўм Sotib olish
www.olx.uz $250-300 Sotib olish

 Afzalligi

 Kamchiligi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!