Galaxy J5 (2016): ilg‘or kamera va yorqin displeyli hamyonbop samsung

Galaxy J5 (2016): ilg‘or kamera va yorqin displeyli hamyonbop samsung

2016 yilning aprelida Samsung kompaniyasi o‘zining Galaxy turkumiga kiruvchi J5 smartfonini takomillashgan talqinda namoyish qildi. Yangilangan smartfonning 250 AQSh dollaridan sotuvga chiqarilganidan ko‘rinib turibdiki, J5 “o‘rta darajali” gadjet va asosan hali mustaqil byudjetiga ega bo‘lmagan yoshlar qatlamini, yoxud hamyonbop, ammo brend hisoblangan smartfon ishlatish orzusida bo‘lganlarni “nishonga” oladi.

Osiyo mintaqasida Samsung Galaxy J5’ning “SM-J510F” modeli, Yevropa hamda Rossiyada “SM-J510FN” modeli savdoga chiqarilmoqda. Quyida sizga Samsung Galaxy J5 (2016) gadjetining LTE (Yevropa talqini) aloqa tarmog‘ida faoliyat ko‘rsatishga mo‘ljallangan talqini haqida ma’lumot beramiz.

Samsung Galaxy J5 (2016): Tanishuv

Ilk marotaba 2015 yilning yozida namoyish etilgan Galaxy J5 smartfonining yangi talqini metall korpusga ega bo‘lib, texnik imkoniyatlari yanada kengaytirilgan. Yangi talqindagi Galaxy J5 (2016) 5,2 dyuymli kengaytirilgan, Super AMOLED-displey bilan ta’minlandi. Smartfon 16 GB doimiy flesh-xotiraga ega. Shuningdek, unda xotirani kengaytirish bo‘lmachasi ham mavjud.

Samsung Galaxy J5 (2016): Dizayn

Smartfon korpusi to‘liq metall korpusga ega. J5 zamonaviy uslub va Samsung qurilmalariga xos salobatga ega.

“Aqlli telefon”ning old, ya’ni shisha paneli 5,2 dyuymli ekrandan iborat. Old paneldan 2 sensor va 1 dona mexanik (Bosh menyu) tugma, kamera, fotochaqnoq, datchiklar o‘rin olgan.

Smartfon orqa panelida dinamik, kamera, fotochaqnoq uchun joy ajratilgan.

Qurilmaning orqa panelini olib, akkumulyator bilan yonma-yon 2 ta kichik hajmli sim-karta bo‘lmachasi hamda 1 dona MicroSD qo‘shimcha xotira bo‘lmachasini ko‘rish mumkin. Gadjetga sim-kartani joylashtirish uchun akkumulyatorni olib turish kerak bo‘ladi.

Galaxy J5 (2016) korpusining o‘ng tomon biqinida smartfonni ishga tushirish va blokirovka qilish tugmalari, chap biqinida esa ovozni boshqarish tugmasi o‘rnatilgan. Korpusning quyi qismida mikrofon, audio konnektor, MicroUSB porti uchun joy ajratilgan.

Smartfon o‘lchamlari bo‘yiga 14,58 sm, eniga – 7,23 sm, qalinligi esa – 8,1 mm. Galaxy J5 gadjeti 159 gramm tosh bosadi, ya’ni 5,2 dyuymli smartfonlarga qaraganda bir ozgina og‘irroq. Umuman olganda qurilma o‘lchami an’anaviy, old romlar u qadar katta emas, displey old panelning 70 % qismini egallab turibdi.

Smartfon oq, qora, tillarang, och-pushti rangli talqindagi korpuslarda ishlab chiqarilmoqda.

Samsung Galaxy J5 (2016): Protsessor va samaradorlik

Samsung Galaxy J5 devaysi Qualcomm kompaniyasining Snapdragon 410 protsessorida ishlaydi. Bu – Cortex A-53 yadrosiga ega 4 yadroli “elektron yurak”dir. Uning chastota tezligi 1,2 GGs.ni tashkil qiladi. 2015 yilgi J5 gadjetida ham shu turdagi protsessordan foydalanilgan. Shuningdek, ZTE Blade A813 ($128), ASUS Zenfone 2 Laser ZE500KL ($170) kabi hamyonbop bo‘lgan o‘nlab smartfonlar ham shu protsessorda faoliyat ko‘rsatadi.

Smartfonda grafik-tasvirni qayta ishlaydigan Adreno 306 yordamchi protsessori ham mavjud. Ma’lumki, ko‘pchilik fikricha, Adreno 306 “o‘rta darajada”gi gadjetlarga o‘rnatiladi va u ba’zi zamonaviy video o‘yinlarni qayta ishlashda bir oz qiynaladi.

Samsung Galaxy J5 (2016): Operatsion tizim

Samsung Galaxy J5 (2016) avvaliga Android 5.1 Lollipop operatsion tizimida faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa ham, hozirda unda Android 6.0.1 (Marshmallow) tizimining moslashtirilgan TouchWiz talqinini joriy qilish imkoniyati ham yaratilgan. Umuman olganda, Samsung bu borada yetakchi va tizimning ishlash darajasi yuqori.

Samsung Galaxy J5 (2016): Xotira

Galaxy J5’ning tezkor xotira sig‘imi 2 gigabaytni tashkil qiladi. Aytish mumkinki, bu “o‘rta daraja” uchun yuqori natija. Nihoyat, Samsungning avvalgi talqinda tatbiq etilgan 256 va  512 Mb sig‘imli RAM’lardan voz kechgani quvonarli. Shu sababli, smartfonda ilovalarning ishlash tezligi ham yomon emas.

Foydalanuvchi 16 Gb  bo‘lgan doimiy ichki xotiraning 11 gigabaytidan foydalana oladi. Shu bilan birga, qo‘shimcha xotira bo‘lmachasi orqali xotira sig‘imini 128 Gb.gacha oshirish mumkin. Quvonarli tomoni shundaki, MicroSD bo‘lmachasi qaysidir sim-karta bo‘lmachasi bilan gibrid shaklida emas, uning uchun alohida joy ajratilgan.

Samsung Galaxy J5 (2016): Akkumulyator

Samsung Galaxy J5 2016’ning kuch-quvvati uchun elektr toki sig‘imi 3100 mA soat bo‘lgan akkumulyator javobgar bo‘ladi. Bu mazkur smartfon uchun juda katta yutuqdir. Energotejamkorlik funksiyalarini hisobga olsak, koreyalik ishlab chiqaruvchining mahsuloti  foydalanuvchini xursand qiladi. Uni to‘la quvvatlab 5 soat o‘yin o‘nash, 10 soat video tomosha qilish, 3 kun o‘rta rejimda foydalanish mumkin. Smartfonda favqulodda quvatni tejash rejimi joriy qilingan bo‘lib, unda faqatgina aloqa qilish va SMS kabi muhim funksiyalar faoliyat ko‘rsatadi.

Gadjetni to‘liq quvvatlash 2 soat, kompyuter orqali 6 soat davom etadi. Qurilma komplektida vilkali 1,55 A turidagi quvvatlash qurilmasi ham taqdim etilgan.

Samsung Galaxy J5 (2016): Kameralar

Bosh kamera 13 MP bo‘lib, piksel o‘lchami standart, ya’ni 1,12 mkm optik formatida. Undagi f/1,9 yorug‘likni o‘tkazuvchi diafragma sifat bo‘yicha raqib smartfonlar bilan solishtirib ko‘rilganida hayratlanarli natijalar qayd etgan. Bosh kamera LED fotochaqnoq, avtofokus tizimiga ega bo‘lib, soniyasiga 30 kadrli FullHD video yozadi.

Samsung Galaxy J5’ning old kamera “selfisevarlar” uchun ayni muddao. 5 MP sig‘imli surat oluvchi bu kamera ham LED fotochaqnoq bilan ta’minlangan. Uning diafragmasi ham bosh kamrea kabi “kuchli”, ya’ni f/1,9.

Namunalardan ko‘rinib turganidek, Xiaomi kamerasi selfi olishda koreyalik raqiblariga qaraganda yorug‘lik balansini ko‘proq bergan. LG va J5 olgan suratda esa vaziyat o‘z holicha muhrlangan.

Bu suratlarda esa LG va Samsung’ning bosh kameralari kuch sinashadi. Guvohi bo‘lganingizdek, Galaxy J5’ning ranglarni berish qobiliyati tengsiz. Uning suratga olishi “o‘rta darajali” smartfonlardan ancha ustun.

Bosh kameraning FullHD video tasvir olish imkoniyatiga baho bering:

Samsung Galaxy J5 (2016): Ekran

Galaxy J5 gadjeti 5,2 dyuymli displeyining piksellar sig‘imi 1280x720 belgiga teng (282 piksel har dyuymda), ya’ni HD. Ekran SuperAMOLED texnologiyasi asosida ishlab chiqarilgan, multitach sensor funksiyasi 10 tagacha urinishni qo‘llab-quvvatlaydi. Yorqinlik matritsaga organik svetodiodlar orqali yetkaziladi va juda yuqori. Ekran silliq va nafis, yorqin hamda sifatli tasvir uzatish ko‘nikmasiga ega.

Samsung Galaxy J5 (2016): Kommunikatsiya

Mobil aloqa xizmati uchun smartfonda 2 ta MicroSIM bo‘lmachalari mavjud. Galaxy J5’ning “SM-J510F” modeli 2G, 3G va LTE aloqa texnologiyalarida faoliyat ko‘rsatishga mo‘ljallangan. Yevropa uchun mo‘ljallangan talqin esa 4G texnologiyasida ham ishlaydi. Shu bilan birga, gadjetda Wi-Fi (faqat 2, 4, 5 GGs.ni qo‘llab-quvvatlaymaydi) va Bluetooth 4.1., Bluetooth va GPS navigatsiya aloqa texnologiyalari ham tatbiq etilgan.

Yangi talqindagi Galaxy J5’ning yana bir muhim jihati shundaki, unda yaqni masofada aloqa o‘rnatish – NFC texnologiyasi ham joriy qilingan.

Samsung Galaxy J5 (2016): Ovoz imkoniyatlari

Multimedia va ovoz imkoniyatlari jihatidan smartfon yomon emas. Muloqot dinamigi toza va baland ovoz uzatadi. Musiqiy karnaylar ham yaxshi ishlaydi. Sifatli audio quloqchin bo‘lsa, foydalanuvchi huzurlanib audio tinglashi mumkin.  FM radioning borligi ham maqsadga muvofiq.

Samsung Galaxy J5 (2016): Muhim jihatlari

Smartfonni bir kaftda tutib foydalanuvchilar uchun 5,2 dyuymli gadjetda  maxsus rejim o‘rnatilgan. Bosh menyu tugmasini 3 marta ketma-ket bosish orqali ekranni 4 marotabagacha kattalashtirish va o‘ng yoki chapga harakatlantirish mumkin.

Shuningdek, mobil aloqa vositasida akselerometr, oraliq-masofa sensorlari, foto va video tahrirlash, hujjatni ko‘rish funksiyalari joriy qilingan.

Samsung Galaxy J5 (2016): Narx-navo

asaxiy.uz internet do‘konida Samsung Galaxy J5 (2015), ya’ni smartfonning eski talqini 1,088,000 so‘mdan, yangi talqini esa 1,504,000 so‘mdan sotilmoqda. 14 iyul holatida “Malika” savdo markazida eski talqin Galaxy J5 1,000,000 so‘mdan sotilmoqda.

Samsung Galaxy J5 (2016): Xulosa

Samsung Galaxy J5 fotosuratga olishni xush ko‘radiganlar auditoriyasi uchun ayni muddao. Ayniqsa, selfi ishqibozlari uchun. Shuningdek, uzoq vaqt quvvat haqida qayg‘urishni istamaydiganlar ham undan foydalanishsa, xursand bo‘lishadi. Smartfon tizimi ham barqaror ishlaydi. 5,2 superAmoled ekran ham “o‘rta daraja” gadjet uchun yuqori sifat belgisidir.

Doimgidek, tanlov yana o‘zingizning qo‘lingizda. Bozoringizni bersin!

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

www.asaxiy.uz 1,492,250 сўм Sotib olish

 Afzalligi

 Kamchiligi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!