Galaxy J5 2017: Tabiatan bashang! Pulingizga achinmaysiz!

Galaxy J5 2017: Tabiatan bashang! Pulingizga achinmaysiz!

Samsung flagmanlari tan olinganiga ancha bo‘lgan. Ayniqsa, so‘nggi avlod "Galaxy S"lari nafaqat muvaffaqiyatli dizayni, balki peshqadam texnologik jihatlari, shuningdek dasturiy ta’minot platformasi bilan ham tillarga tushgan.  Qolaversa, kompaniya hamyonga qulay turkumni ham tashlab qo‘ygani yo‘q. Kuchli "Galaxy A" turkumi "J" turkumi so‘nggi yillarda eng yaxshi sotilayotgan smartfonlar toifasiga kirgan. Galaxy J5 2017 ham ommabop gadjetlar qatoridan o‘rin egalladi.

Dizayn

E’tiborni tortadigan jozibador smartfon yaratish — muvaffaqiyatning yarmi. Aftidan, Samsung dizaynerlari mana shunday tamoyil asosida fikrlaydilar. 2016 yilda metall romlar bilan cheklangan Galaxy J5 modeli 2017 yilda to‘liq metall korpusga jam qilingan. Dizayn ham endi ko‘zga yaqinroq.

Smartfon ko‘rinishidan hozirgi "Galaxy A" hamda 2016 yilga mansub S7 modellariga o‘xshab ketadi. Orqa panelda antenna uchun plastik uloqlar, korpusga qapishgan kamerani ko‘ramiz.

Ergonomik, ya’ni shakldorlik nuqtai nazaridan smartfon yoqimli va qo‘lga olganda yurak "jiz" qiladi. Xususan, uning korpus ranglari darrov o‘ziga jalb qiladi. Ayniqsa, och ko‘k rangli korpus ko‘pchilik uchun ma’qul. Uni «yomg‘irli osmon» rang deb aytishadi. Yorug‘ xonada bu rangdagi korpus kulrang bo‘lib ham ko‘rinishi mumkin. Qora-kulrang, qora, tilla rang talqinlar ham mavjud.

Elementlarning korpus bo‘ylab joylashuvi 2016 yilgi J5 Prime'ni eslatib yuboradi — dinamik korpusning o‘ng tomonidan, o‘chirib-yoqish tugmasi ustida joylashgan. Bu dizaynda yangicha yechim va hozircha to‘g‘ri qaror deb qabul qilingan. Har xil vaziyatlarda foydalanish uchun qulay.

Samsung Galaxy J5 2017'ning avvalgi yilgi modellardan farqli jihatlari ham bor. Misol uchun, mexanik bosh tugma yonidagi sensor klavishlar ostki yoritish chiroqlaridan mahrum bo‘lgan.

Tatbiq qilingan qulay funksiyalar qatorida Home tugmasini 2 marta chertish orqali kamerani ishga tushirishni aytish mumkin. Avvalgi yilgi modellardan farqli ravishda, bosh tugmada barmoq izi skaneri ham o‘rnatilgan. Galaxy J5 2016'da skaner yo‘q.

Shuningdek, xotira 3 tagacha barmoq izi skanerini eslab qola oladi. Bir tarafdan bu qulay va ko‘proq barmoq bilan foydalanish imkonini beradi.  

 

Ekran

Samsung'ning aksariyat smartfonlarida bo‘lgani kabi, bu devaysda ham SuperAMOLED displeydan foydalanilgan. Oldingi yilgi model ham xuddi shunday ekran bilan ta’minlangan. Va, bu ekran ko‘pchilikni o‘ziga tortib turishi -- bor gap. Bu yilgi modelda diagonal va piksel sig‘imida o‘zgarish yo‘q — 5,2 dyuym, 1280 ga 720 piksel sig‘imli.

Ostki yoritish darajasini 6 dan 350 kd/m² gacha ko‘tirsh mumkin. Ekranda mutolaa rejimi ham mavjud. Quyosh nuri ostida ham ekranni sozlab beruvchi rejim  bor. Sozlamalarda rang-tus uzatishning 4 ta rejimi taklif qilinadi. Ekrandagi oq tus darajasini mustaqil sozlash ham mumkin. Qolaversa, ko‘k tusni pasaytiradigan filtr ham bor.

Displey bilan bog‘liq kamchiliklar sirasiga piksellar sig‘imining pastligini aytish mumkin. Diqqat bilan qaralsa, ba’zi piksellar kichik to‘rtburchaklar shaklida ko‘zga tashlanadi. Biroq, yorqin va to‘yingan rang uzatish, kontrast o‘z ishini qiladi. Quyosh ostida ham ekrandan bemalol foydalanish mumkin.

Umuman olganda, Samsung Galaxy J5 2017'ning ekrani yaxshi va Full HD matritsali raqiblari bilan solishtirganda, yomon emas. AMOLED ekran bo‘lsa ham, smartfonda Always on Display, ya’ni ba’zi ma’lumotlar aks etib turadigan "muntazam faol ekran" funksiyasining yo‘qligi taassufli.

Apparat platformasi va samaradorlik

J5 2016 modeli Qualcomm Snapdragon 410 platformasida ishlagan bo‘lsa, 2017 yilgi model birmuncha ilg‘or — 8 yadroli Samsung Exynos Octa 7870 chipida faoliyat ko‘rsatadi. Bu chip "J7 2016" smartfonida ham tatbiq qilingan. Tezkor va doimiy xotira sig‘imi o‘zgarmagan — 2 va 16 GB.

Smartfonda 2 ta NanoSIM kartalar va 1 ta xotira kartasi uchun alohida bo‘lmachalarning mavjudligi foydalanuvchiga taskin beradi.

Exynos 7870 protsessori 8 yadrodan biorat va uning chastota tezligi 1.6 GGs.gacha ko‘tariladi. Telefonda Mali-T830  grafik protsessori o‘rnatilgan.

Exynos 7870 protsessori Galaxy J7 2015’dagi 7580 modelining takomillashgan talqini hisoblanadi. Yangi protsessor 14 nanometrli texnik jarayonga asoslangan. Samsung vakillari ma’lum qilganlaridek, protsessor chindan ham energo-tejamkorligi bilan ajralib turadi.  Hozircha Galaxy J5 (2017) hamda Galaxy J7 (2016) ilg‘or Exynos 7870 “elektron yuragi”ga ega yagona smartfonlar.

Mali-T830 MP2 videokartasi esa hamyonbop smartfonlarda keng tatbiq etilayotgan grafik-tasvir protsessoridir. Bu avvalgi modelda tatbiq etilgan videokartadan bir oz kuchliroq.

Benchmark testlarida Samsung J5 (2017) samaradorlikda o‘zining "xitoylik" raqiblari bo‘lmish Asus ZenFone 3, Huawei Honor 8 Lite, Nokia 5'dan past ball to‘plagan.

Speedtest testida ma’lumotlar uzatish tezligi sekundiga 11,33 megabit. Bu J3'dan 2 barobar yuqori degani. iPhone 7 Plus'da bu ko‘rsatkich 13,44 megabit. Ko‘rinib turibdiki, ma’lumot uzatishda muammo yo‘q.

Kommunikatsiya imkoniyatlari va dasturiy ta’minot

J5 2017'da 2 diapazonli Wi-Fi modullari, barmoq izlari skaneri, NFC moduli, MST kabi standartlar mavjud. Bu orqali kompaniya J5 2017 imkoniyati Galaxy'ning "A" va "S" turkumlaridan qolishmasligini isbotlagan.

Smartfon Android 7.0 operatsion tizimi boshqaruvida faoliyat ko‘rsatadi. Buni 2018 yil boshida keyingi avlod -- "Oreo"ga yangilash mumkin bo‘ladi.

Quvvatdorlik

Akkumulyatorning tok sig‘imi 3000 mA soat — 2016 yilgi modeldan 100 mA soat kam degani. Lekin, aytish kerakki, Exynos platformasi 14 nanometrli texnik jarayonda ishlaydi. Shu jihatdan u kamroq quvvat sarf qiladi. Natijada, Samsung Galaxy J5 (2017) to‘liq quvvat bilan "ajdodi"ga qaraganda uzog‘roq faoliyat ko‘rsatadi. 

Misol uchun, 3G-internet, o‘yin va surat olganda, musiqa tinglab, video tomosha qilganda, ya’ni o‘ta faol foydalanganda, Galaxy J5 (2017)'ning to‘liq quvvati unga 1.5-2 kunga yetadi.

Kameralar

Samsung Galaxy J5 2017'da 2 ta, har biri 13 megapikselli bosh va old kameralar o‘rnatilgan. Ularning har ikkalasi fotochaqnoq bilan ta’minlangan. Ular FullHD aniqligidagi video tasvirga oladilar. Bosh kamerada yorug‘lik taqsimotiga mas’ul diafragma f/1.7, old modulda — f/1.9. Ya’ni, yomon emas.

Avtofokus faqat bosh kamerada mavjud. Kamera interfeysi an’anaviy ko‘rinishda. Yorug‘lik yaxshi bo‘lsa, har ikkala kamera yaxshi suratga oladi. Quyidagi suratlarga qarab, kamera imkoniyatiga o‘zingiz baho bering.

Xulosa

Samsung Galaxy J5 (2017) uzoqqa yetadigan quvvatdorligi, nafis  dizayni, HD bo‘lsa ham, Full HD ekranlar bilan deyarli raqobat qilishi, o‘rta darajali protsessori bilan diqqatga sazovor.

2017 yilning 22 noyabr holatida "Malika"da Galaxy J5 (2017) 1 845 000 so‘mdan sotilmoqda. Undan bir oz yuqori talqinga mansub Galaxy J7 (2017)'ning narxi esa 2 132 000 so‘m. Galaxy J7 Full HD ekrani, chang va tomchidan himoyalangan ekrani bilan o‘ziga xos.

Galaxy J5 (2017) bozorda ASUS ZenFone 3, Honor 8 Lite, Nokia 5  yoki Huawei Nova smartfonlari bilan raqobatga kirishadi. Ulardan yagona ustunligi sifatida uning Samsung devaysi ekanini aytish mumkin.

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

Terashop.uz UZS 1 379 000.00 Sotib olish

 Afzalligi

 Kamchiligi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.