Galaxy Note 7 fabletlari chaqirib olinmoqda

Galaxy Note 7 fabletlari chaqirib olinmoqda

Samsung kompaniyasi o‘zining so‘nggi taqdim qilingan Galaxy Note 7 smartfonini jahon miqyosida chaqirib olmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, gadjetni quvvatlash chog‘ida ommaviy ravishda yonib ketish holatlari kuzatilmoqda.
Ekspertlar tomonidan jahon bozorining yetakchi ishlab chiqaruvchisi hisoblanmish Samsung Electronics’ning eng ilg‘or flagmanining qaytib yig‘ishtirib olinishi kompaniya sha’niga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi aytilmoqda.
Note 7 bir oy avval taqdim qilingan va shu davrda ko‘pchilik iste’molchilar tomonidan bildirilgan shikoyatlar so‘nggi kunlarda uning savdosining tushib ketishiga sabab bo‘lgan. Kompaniya ham qurilmaning quvvatlash tizimida jiddiy nosozlik aniqlanganini qayd etmoqda.
Bugungi kunga qadar jahon smartfon bozorida jami 2.5 million dona Galaxy Note 7 sotilgan va ularning barchasi qayta ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Janubiy koreyalik Yonhap yangiliklar agentligining ma’lum qilishicha shu kungacha jahon miqyosida Galaxy Note 7’ning yonib ketishi bilan bog‘liq 5 ta holat qayd etilgan.
Samsung kompaniyasi esa 35 ta shunday baxtsiz hodisa sodir bo‘lganini ma’lum qilgan. Kompaniya hali sotuvga chiqarilmagan shu modeldagi fabletlarning 24 donasida shunday muammo aniqlangan.
Chaqirib olingan smartfonlarni tuzatib, egalariga yuborish uchun 2 hafta vaqt kerak bo‘ladi.

Samsung 2016 yilning aprel-iyun oylaridagi smartfon savdosi bo‘yicha jahon bozorida yetakchilik qilmoqda. Uning savdosining 22%ga ko‘tarilishi Galaxy S7’ning muvaffaqiyatli sotilgani bilan bog‘liq. IDC konsalting va marketing tahlil kompaniyasining fikricha, Galaxy Note 7 keyingi yarim yillikda uning bozordagi peshqadaliligini ta’minlashi kerak. Ammo, 7 sentyabr kuni uning raqibi hisoblanmish APPLE tomonidan o‘tkaziladigan yangi smartfon taqdimoti arafasida bu u qadar ham xosiyatli voqea emas.