Galaxy Note 9: taqdimot, narx, jihat va savdoga chiqadigan kun

Galaxy Note 9: taqdimot, narx, jihat va savdoga chiqadigan kun

So‘nggi oylarda jamoatchilik e’tiboriga Oppo Find X, Vivo NEX, Xiaomi Mi 8 Explorer Edition, LG G7, Sony Xperia XZ2 Premium va boshqa ko‘plab flagmanlarga oid insayderlik xabarlari muntazam taqdim qilindi. E’tiborli tomoni - bu xabarlarning aksari amalda o‘z isbotini topdi.

Ayni paytda esa Samsung Galaxy Note 9 fabletiga oid turli ma’lumotlar to‘xtovsiz tarqalmoqda. Jumladan, 11 iyul kuni flagmanning savdoga chiqarilish kuni ma’lum bo‘ldi.

Koreyaning nufuzli ETNews resursiga ko‘ra, Samsung Galaxy Note 9 smartfoni 2018 yilning 24 avgust kuni sotuvga chiqariladi. Aynan shu kuni ilk xaridorlar uni qo‘llariga olib ko‘rishlari mumkin. Fabletning 9 avgustda taqdim qilinishi kutilmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, Samsung Galaxy Note 9 smartfoni 6,4 dyuymli, 2960 ga 1440 pikselli (QHD+) hamda tomonlari nisbati 18,5:9 o‘lchamli Super AMOLED ekranga, 12 megapikselli 2 ta sensordan iborat bosh kameraga, 6 GB hajmidagi tezkor hamda 64 gigabayt (boshlang‘ich talqin) doimiy xotiraga, USB Type-C porti hamda 3,5 mm hajmidagi audio tuynukka ega bo‘ladi.

8 yadroli hamda chastota intervali 2,7 GGs.li Exynos 9810 protsessori bilan uning samaradorligi Samsung Galaxy S9 hamda S9+ flagmanlarnikidan farq qilmaydi.

Shuningdek sig‘imi 4000 mA soat bo‘lgan va Fast Charge texnologiyasi bo‘yicha tezkor quvvat oluvchi akkumulyator batareyasiga ega bo‘ladi. Note 8 bilan taqqoslab ko‘rganda, yangi fablet korpusi 0.2 mm qalin va 1.3 mm kengroq bo‘ladi. Buning bosh sababi - akkumulyator.

Shu bilan birga, flagmanning 8 gigabaytli tezkor hamda 256 gigabaytli doimiy xotiraga ega talqini ham AQSh va Xitoyda sotiladi.

Mazkur telefon apparati qadoqdayoq Android 8.1 Oreo operatsion tizimida ishlaydi va Project Treble funksiyasi doirasida dasturiy yangilanishlarni zudlik bilan olib turadi.

Galaxy Note 9 modelida ikkita SIM-kartadan foydalanish uchun microSD bo‘lmachasini "qurbon" qilish kerak bo‘ladi. Yoki ushbu bo‘lmachaga sig‘imi 512 GB bo‘lgan xotira kartasini joylsha mumkin.

Note 9 fabletiga xos muhim yangiliklar:

Bir oz yirik, ya’ni 6.4 dyuymli ekran (6.3 dyuymdan kattaroq) yonidagi hoshiyalar yanada yupqalashadi;

Tezkor Snapdragon 845/Exynos 9810 protsessori;

Sig‘imdor, ya’ni 4000 mA soat sig‘imli akkumulyator;

Simsiz tezkor quvvatlash texnologiyasi;

Yanada takomillashgan S Pen stilusi endi Bluetooth texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi;

Smartfonda Bixby 2.0 aqlli yordamchi tizimi joriy qilinadi.

Kutilganidek bo‘lmaydi. Ya’ni Note 9 modeli "Samsung Galaxy" oilasida barmoq izi skaneriga ega ilk devays bo‘lmaydi. Bu skaner orqa paneldan, kamera sensori ostidan joy oladi.

Samsung'ning "ISOCELL Plus" texnologiyasi kameraning yorug‘likka ta’sirchanligini 15% ga oshiradi. Sesnor yorug‘likni ko‘proq qamrab olishi hisobiga, suratlar aniq-tiniq chiqadi.

Narx

Amazon do‘konida ayni paytda 2017 yilga mansub Note 8 fableti $594 dollardan sotilmoqda. Note 9 modelining savdoning ilk davrida 1100 AQSh dollaridan sotilishi kutilmoqda.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!