Galaxy S20'larda Samsung oshkor qilmagan jihat bor ekan

Galaxy S20'larda Samsung oshkor qilmagan jihat bor ekan

Samsung'ning S20 triosiga kompaniya smartfonlari orasida birinchi bo‘lib 120Hz yangilanish chastotasiga ega ekran o‘rnatilganidan xabardorsiz. Yuqori yangilanish chastotasiga ega boshqa qurilmalardan farqli, S20'larda o‘rtacha chastota mavjud emas, ya’ni faqatgina 60 va 120Hz mavjud. Ammo, aslida ham shundaymikan?

Ma’lum bo‘lishicha, koreyslarning fevralda taqdim qilingan ushbu flagmanlari 96Hz yangilanish chastotasiga ham ega ekan. Bu haqda Samsung hech qayerda rasmiy ma’lumot bergan emasdi.

96Hz chastotani ADB orqali faollashtirish mumkin, biroq XDA forumi a’zosi SatySatsZB osonroq yechim o‘ylab topdi: u yaratgan ilovani bu yerdan yuklab olishingiz mumkin. Ushbu dastur o‘rnatilganidan so‘ng, S20'ngiz holatlar satrida 96Hz yoki 120Hz chastotani faollashtirish tugmachasi paydo bo‘ladi:E’tibor bering, 96Hz'da ham xuddi 120Hz'dagi kabi faqat 1080p+ ekran rezolyusiyasi qo‘llab-quvvatlanadi. Yangilanish chastotasi o‘zgarganini TestUFO orqali tekshirishingiz mumkin. Taxminimizcha, 96Hz rejimi yoqilganida quvvat sarfi kamayadi, lekin bu hozircha sinovdan o‘tkazib, tasdiqlanmagan.

Mutaxassislar sinovlaridan ma’lum bo‘lishicha, Galaxy S20 Ultra va S20+ larda 1440p/60Hz o‘rniga 1080p/120Hz yoqilganida akkumulyator zaryadi 10 soat kamroqqa yetadi, Galaxy S20'da esa 7 soat kamroq.

Yana bir jihatga ham e’tibor berish ahamiyatli. Reddit foydalanuvchilarining ba’zilari ushbu norasmiy chastota yoqilganida qurilmalarning Exynos'li variantida muammo yuzaga kelganini yozmoqda, ba’zilar esa hammasi joyidaligini aytmoqda. Nima bo‘lgan taqdirda ham, norasmiy funksiyalardan foydalanish smartfoningizni xavf ostiga qo‘yishini unutmang.

O‘QING: Galaxy S20 Ultra tannarxi hisoblandi – Samsung uni necha baravar qimmatga sotyapti?