Galaxy S22+ hamda S22 Ultra'ning 45 vattda quvvat olishi yolg‘onmi?

Galaxy S22+ hamda S22 Ultra'ning 45 vattda quvvat olishi yolg‘onmi?

Samsung kompaniyasi bu yilgi Galaxy S22+ hamda S22 Ultra smartfonlarining quvvatlanish imkoniyatini oshirdi. S22 modeli 25 vatt bilan cheklangan bo‘lsa, katta modellar 45 vattda zaryad olishi mumkin. 

O‘QING: Xiaomi 12 Ultra yangi Snapdragon chipi bilan jihozlanadi: bu Snapdragon 8 Gen1 emas 

Oxirgi yillarda smartfon ishlab chiqarishda tezkor quvvatlash texnologiyasining o‘rni oshib bormoqda. Hattoki hozirda o‘rta toifadagi smartfonlar ham 65 vattlik quvvatlash texnologiyasiga ega bo‘lmoqda. 

Xiaomi hamda vivo kabi kompaniyalarning flagmanlari esa 100-120 vattda quvvat olmoqda. Agar buni hisobga oladigan bo‘lsak, yangi Samsung flagmanlarining 45 vattda quvvat olishi olamshumul voqea emas. Boz ustiga bu faqat marketing uchun qilingan bo‘lsa. 

Xo‘sh, ushbu ikki qurilma qanday kuchlanishda quvvat oladi? GSMArena sayti tadqiqotchilari ikki smartfonni orginal 45 hamda 25 vattlik Samsung quvvatlagichlari, shuningdek, 65 vattlik uchinchi tomon quvvatlagichi bilan zaryadlab ko‘rishdi. 

Shuni ta’kidlash kerakki, ikkita Samsung zaryadlovchi qurilmasi quvvat yetkazib berish (PD) va dasturlashtiriladigan quvvat manbai (PPS) standartlarini qo‘llab-quvvatlaydi, uchinchi tomon quvvatlagichi esa faqat PD sertifikatiga ega. Xo‘sh, natijalar qanday bo‘ldi? 

Galaxy S22+ modeli 25 vattlik quvvatlagich bilan yarim soat vaqt davomida 62%, 45 vattlik bilan esa 64% quvvat to‘pladi. 

Galaxy S22 Ultra esa 25 vattlik quvvatlagich bilan 61%, 45 vattlik bilan 60% quvvat oldi. 65 vattlik uchinchi tomon quvvatlagichi bilan esa 65% quvvat to‘pladi. 

Skrinshot: GSMArena

25 vattlik quvvatlagich bilan 0% dan to‘liq quvvatlanish uchun S22+ modeli 1 soat 2 daqiqa vaqt sarflagan bo‘lsa, 45 vattlik quvvatlagich bilan 1 soat 1 daqiqa vaqt sarfladi. 

Xuddi shu jarayon S22 Ultra modelida o‘tkazilganda ushbu smartfon 25 vattlik quvvatlagich bilan to‘liq quvvatlanish uchun 1 soat 4 daqiqa, 45 vattlik bilan 59 daqiqa, 65 vattlik uchinchi tomon quvvatlagichi bilan esa 1 soat 2 daqiqa vaqt sarfladi. 

Skrinshot: GSMArena

Bu nimani anglatadi? Xo‘sh, garchi Samsung ikki qurilmaning quvvatlanish tezligini oshirgan bo‘lsa ham, smartfonlarning 45 vattlik orginal Samsung quvvatlagichi bilan quvvat olgan vaqt jarayoni 25 vattdagi quvvatlagichnikidan deyarli farq qilmaydi. 

Bundan ham yomoni, 2019 yilda Galaxy Note10+ bilan xuddi shunday holatda yuz bergan edi. Shundan so‘ng kompaniya Note20 Ultra'dan 45 vatt quvvatlash texnologiyasini olib tashladi. Uni endi S22+ va S22 Ultra modellariga qaytarib, xatolardan to‘g‘ri saboq chiqarganini ko‘rsatmoqchi. Afsuski, yana bir bor texnik xususiyatlar varaqasi haqiqiy hayotdagi odatiy foydalanish xususiyatlariga mos kelmadi. 

Foto: GSMArena

Bundan ikkita xulosaga kelish mumkin. Birinchisi, garchi quvvatlanish tezligi oshgan bo‘lsa ham, Galaxy S22 va S22 Ultra avvalgi modellar kabi to‘lqi quvvatlanish uchun bir soatdan ko‘p vaqt sarflaydi. 

Ikkinchisi esa 45 vattlik quvvatlagichni 50 dollar evaziga sotib olishdan ko‘ra, 20 dollarga 25 vattlik quvvatlash adapterini olgan yaxshiroq. Chunki ushbu ikki quvvatlagich bilan to‘liq quvvatlanish uchun smartfonlar deyarli bir xil vaqt sarflaydi. 

O‘QING: Oppo Find X5 Pro smartfoniga oid yangi ma’lumotlar sizdirildi 

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.