Galaxy S8: mobil texnologiyadagi so‘nggi 12 innovatsiya

Galaxy S8: mobil texnologiyadagi so‘nggi 12 innovatsiya

29 mart kuni rasman taqdim qilingan Samsung Galaxy S8 va S8 Plus flagman smartfonlari xususida deyarli barcha ma’lumotlar ma’lum qilindi. Yilning eng peshqadam ilg‘or smartfoni bo‘lishi kutilayotgan Galaxy S8 xususida quyida 12 ta muhim innovatsion yangilikni eslatib o‘tmoqchimiz. S8 va S8 Plus’dagi farq ularning o‘lchami va akkumulyator sig‘imida.

Endi smartfonni blokirovkadan chiqarish uchun unga qiyofani tutsa bo‘ldi. U o‘z egasini taniydi. Qolaversa, ko‘zning rangdor pardasini skaner qiluvchi sensorning borligi ham ahamiyatli. Bu tizim juda tez va aniq ishlashi bilan kechaning o‘zidayoq barchaning diqqatini tortgan. Qolgan muhim jihatlar xususida.

  1. “Chetidan – chetigacha ekran”li dizayn

Samsung’ning fikricha, 5,8 va 6,2 dyuym displeylarning romsiz dizayni smartfonlardagi bosh innovatsiyadir. Galaxy S8 ekran tomonlarining nisbati 18,5:9’ga tengligi bilan “kelajak smartfoni”, deya aytilmoqda. Ekran yanada cho‘zilgan va old panelni deyarli to‘liq egallab turibdi. To‘g‘ri, undan bir oz kichkina LG G6 ekrani tomonlarining nisbati 18:9’ga teng. Biroq, ko‘pchilikning fikricha, Samsung flagmanining jozibadorligi yuqoriroq. Boisi, LG smartfonida ekran yonlarida ramka mavjud va ekran ham tekis. Samsung esa bu galgi “bayroqdor”larida avvalgi Galaxy S7 edge’nikidan silliqroq bukik ekrandan foydalangan. Endi har ikkala talqindagi S8 shunday bukik ekranlarga ega bo‘ladi.

  1. Ekranning piksellar sig‘imini tanlash mumkin

Galaxy S8’ning Super AMOLED matritsasining piksellar sig‘imi 1440x2960 belgiga teng, 4K sig‘imli. Ammo, menyuda uni 2220x1080, hattoki 1480x720 pikselli qilsa ham bo‘ladi. Ilovalar elementlari ham ekranda shunga ko‘ra aks etadi. Bu funksiya quvvatni tejash uchun joriy qilingan. Shu orqali 3000 (S8 Plus’da 3500) mA soat tok sig‘imiga ega akkumulyator 2,5 kun mobaynida ishlaydi.

  1. Korpus yanada cho‘zildi

Hali bunday o‘lchamdagi smartfondan foydalanishga ko‘z ham, qo‘l ham o‘rganmagan. Ekran atrofi ramkadan xoli bo‘lgani tufayli interfeys elementlaridan foydalanishga moslashish uchun vaqt kerak, shuningdek bu cho‘zinchoq smartfonni bir qo‘lda boshqarish imkonsiz. Galaxy S8 155 gramm, Galaxy S8+ esa 173 gramm vaznga ega. iPhone 7 smartfoni 20 gramm yengilroq bo‘lsa ham, ekran masalasida koreyalik raqibiga mag‘lub bo‘ladi.

  1. Ilg‘or protsessorlar

Quvvat tejashda nom qozongan Qualcomm Snapdragon 835 protsessoriga ega smartfonlar faqatgina AQShda sotiladi. Qolgan mamlakatlarda sotuvga chiqadigan Galaxy S8 kompaniyaning shaxsiy Exynos 8895 chipida ishlaydi. Umuman olganda, bu – yaxshi ham, yomon ham emas. Ularning har ikkalasi 8 yadroli bo‘lib, ishlash tezligi 10 nanometrli texnik jarayonni tashkil etadi. Qualcomm Snapdragon 835’dagi ilk 4 yadroning chastota tezligi 2,35 gigagers va qolgan 4 yadroniki 1,7 gigagers. Exynos’da esa 4 ta yadro 2,35 gigagers va qolgan 4 tasi 1,9 gigagers tezligida ishlaydi.

  1. Kuchli, ammo bir ob’yektivli kamera

Old kamera 8 megapikselli, orqa kamera — 12 MP. Dual Pixel texnologiyasi yorug‘lik past joyda va kichik ob’yektlarni sifatli suratga olishda yordam beradi.

Optik yaqinlashtirish, keng burchak ostida suratga olish imkonini beradigan qo‘sh ob’yektivli bosh kameralar urf bo‘layotgan bir paytda, koreyaliklarning bir modulli bosh kamerasi kutilmagan yangilik bo‘ldi. Afsuski, S8’da tasvir sifatini yo‘qotmasdan turib, uni yaqinlashtirish imkonsiz.

Lekin, xuddi shunday dizayndagi S7/S7 edge’ga ham bir modulli bosh kamera “yilning eng yaxshi smartfoni” yoki “eng yaxshi kamerafoni” bo‘lishlariga xalaqit qilmadi. Samsung  bu gal ham yaxshi surat oladigan kameraga urg‘u bergan. Kameralarning yorug‘likni qabul qiluvchi priborlari hajmi F1.7 bo‘lgan, qo‘sh-pikselli matritsaga ega moduldan foydalangan. Bu yerda kompaniyaning kamera ilovasi ham aniq-tiniq surat olinishida muhim o‘rin tutadi.

Bosh kameraning kadrlarni qayta ishlash algoritmi takomillashgani bois, suratlarning yuqori aniqlikda aks etishi aytilmoqda. Misol uchun, kamera har gal 3 ta kadr oladi va ulardagi eng yaxshi jihatlarni birlashtirib, omixta kadrni taqdim qiladi. U Galaxy S7’ning kamerasidan tez ishlaydi. Old kamera yanada ilg‘orlashgan — 8 Mp! U keng burchak ostida surat oladi. Shuningdek, avtofokus tizimiga ham ega.

  1. Barmoq izlari skanerining joylashuvi “g‘alati”

Ekran “chetidan – chetigacha” dizaynda tugmalardan xoli ishlangani evaziga, barmoq izlari skaneriga orqa paneldan joy ajratildi. Uning korpus markazi emas, kamera yoniga joylashtirilgani g‘alatiroq. Natijada, foydalanuvchi barmog‘ini to‘g‘ridan-to‘g‘ri skanerga qo‘yishini uchun avval panelga ko‘z tashlashga majbur. Ammo, mavjud qoidalarni kimdir chetalb o‘tishi ham kerak. Ayniqsa, bu peshqadam kompaniyalarga yarashadi.

  1. IP68 standarti smartfon korpusidan suv hamda changni o‘tkazmaydi

Bu turdagi chidamli korpus ijodkorining yangi smartfonlari ham dam olish paytlari cho‘milish havzalarida suratga olishni, yomg‘ir ostida ham suhbat qurishni xush ko‘rganlar uchun ayni muddao. Galaxy S7 va yangi A-seriyasidagi smartfonlarning bu jihatlariga hozircha ommaviy tarzda norozilik kuzatilmayapti. Demak, yangi gadjetlardagi bu jihat ham o‘zini oqlaydi.

  1. Xotira maydoni

Galaxy S8 devaysi 64 GB doimiy xotira bilan ta’minlandi. Bu avvalgiga nisbatan 2 barobar ko‘p degani. Operativ xotira sig‘imi esa 4 gigabaytni tashkil qiladi. Bugungi kunda 6-8 GB “operativka” o‘rnatib, xaridorlarning diqqatini tortishga urinayotgan kompaniyalar ham bor. Ammo, ekspertlarning fikricha, hozirgi davrda smartfon yaxshi ishlashi uchun undagi 4 GB tezkor xotira kifoya qiladi va bundan ortig‘i shunchaki marketing siyosatidir. Gibrid bo‘lmachaga 1 dona SIM-karta yoki xotira fleshkasi o‘rnatish mumkin.

  1. Bixby – “tugmacha”li yordamchi

Bugunga qadar Siri, Alex kabi virtual yordamchilarni bilardik. Galaxy S8’da Samsung o‘zining ilk ovozli yordamchisi bo‘lgan Bixby’ni tatbiq qildi. Uni chaqirish uchun korpus o‘ng biqinidagi maxsus tugmachani bosish kerak. U bilan ingliz tilida suhbatlashish, maslahat so‘rash, ma’lumot olish, ma’lumot-tavsiya so‘rash, unga eslatmalarni aytish mumkin. Ishlashiga ko‘ra, u Apple’ning Siri yordamchisini eslatadi. Shuningdek, Google assistent kabi, Bixby ham buyruqni tushunadi, qo‘shimcha topshiriqlarni bajaradi. Samsung keyinchalik Bixby’ni  internet buyumlar va “aqlli uy”ga ulab, foydalanuvchiga masofadan turib turli qurilmalarni boshqarish, xavfsizlik yoki biror jarayonni nazorat qilish imkonini berish rejasida.

  1. Noodatiy ranglar

Bugun kutilmagan ranglar ham smartfon savdosiga ijobiy ta’sir o‘tkazmoqda. Misol uchun, Huawei yaqinda namoyish qilgan P10’ning o‘ziga xos yashil va ko‘k rangli talqini, Apple’dan qizil rangli  iPhone 7. Samsung ham yangi flagmanini marjon rang, ko‘k, kulrang-siren, arktik-oq rangli talqinlarda ishlab chiqaradi. Jumladan, S8 21 apreldan boshlab 5 ta rangli: tim qora (Midnight Black), kumush (Arctic Silver), tilla (Maple Gold), ko‘k (Coral Blue) va siren rangli (Orchid Gray) korpusda sotuvga chiqadi.

  1. Narx-navo: kutilganidan arzon

Samsung Galaxy S8 va S8 Plus’ning xalqaro bozorda 970 hamda 1065 AQSh dollaridan sotilishi kutilmoqda. 5.7 dyuymli LG G6 bilan solishtirib ko‘rilganida (915 dollar), yangi protsessor, zamonaviy kamera uchun bu adolatli narx.

  1. Qo‘shimcha aksessuarlar

Taqdimotning aksariyat qismi flagmanlar uchun ishlab chiqarilgan Gear VR virtual voqelik shlemi hamda uning bir qo‘lda boshqarish mukin bo‘lgan jajji pultiga bag‘ishlandi.

Shuningdek, Gear 360 kamerasi 4K sig‘imli tasvirni 360⁰  gradusda yozib oladi. Samsung DeX dok-stansiyasi yordamida esa smartfonga HDMI-monitor, klaviatura va sichqoncha ulab, uni personal kompyuterga aylantirish mumkin.

 

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.