Galaxy S9/S9+ : superflagmanlarning siri!

Galaxy S9/S9+ : superflagmanlarning siri!

Samsung kompaniyasi shu yilning fevralida taqdim qilgan Samsung Galaxy S9 va S9+ flagmanlari eng yaxshi kamera, sun’iy aql texnologiyasiga hamda kuchli himoyalangan tizimga ega bo‘lgani bilan avvalgi flagmanlardan ajralib turadi. 2018 yilning egizak flagmanlari bir-birlaridan o‘lchamlari, kameralari hamda xotira sig‘imlari bilan ajralib turadilar. Samsung Galaxy S9+ modeli 6 gigabaytli tezkor xotiraga ega bo‘lgan bo‘lsa, Galaxy S9 — 4 gigabaytli tezkor xotira bilan ta’minlangan. Galaxy S9+ bosh kamerasi esa qo‘sh ekani bilan o‘ziga xos: 12+12 Mp; Galaxy S9 — bir dona, 12 megapikselli kamera modeliga ega bo‘lgan.

Dizayn, kamera, animoji texnologiyalari – bular bari o‘ziga xos va yangilik. Shu bilan birga, korpusda o‘rin olgan kuchli protsessorning nimalarga qodirligi barcha uchun qiziq.

Kirish

Samsung kompaniyasi 2017 yilda o‘zining smartfon turkumlarini qayta tartiblashga kirishdi. "Chegarasiz displey"li S8 modeli bilan kompaniya raqibi Apple'ga qarshi ayovsiz kurash boshladi. Samsung harakatlari natijasida 2017 yil kompaniya uchun omadli keldi. 321 mln dona smartfon sotgan koreyalik brend jahon smartfon bozoridagi gadjetlarning 20,9 foiziga egalik qildi va peshqadam bo‘ldi. bu natijada Samsung flagmanlarining yuqori savdosi alohida o‘ringa ega bo‘lgan.

Kompaniya so‘nggi yillarda smartfonlaridagi dizayn hamda kamera texnologiyasiga katta sarmoya kiritmoqda. Galaxy S7 Edge va S8 modellari ana shu harakatlar natijasida ommalashdi. Samsung Galaxy S9 flagmani ham takomillashgan dizayn va kamera texnologiyasining mevasi. S9/S9+ flagmanlar bozoridagi raqobatni yanada kuchaytirdi.

Xaridorlar uchun S9/S9+ modellari bir qarashda S8/S8+ modellarining bir oz o‘zgargan talqinlari bo‘lib ko‘rinishi mumkin.

Dizayn, o‘lcham va boshqaruv elementlari

Samsung kompaniyasining bu flagmanlariga xos dizayn ehtimol yoqar yoki yo‘q. Biroq, aytish kerakki, bu dizayn o‘ziga xos va muqobili yo‘q. Qayrilma yonli telefonlar bugungi kunning trendi bo‘ldi.

Raqobatchi dizayn yechimi bo‘lmagani uchun ham Samsung yangicha dizaynni ishlab chiqishni ma’qul ko‘rmadi. Tashqi tomondan S9/S9+ modellari Note 8 shakliga o‘xshab ketadi. Faqat ulardagi korpus bir oz to‘g‘ri burchakli.

Avvalgi avlod devayslarida o‘rnatilgan barmoq izi skanerining noqulayligi bartaraf qilingan va bu gal orqa panel markazi, bosh kamera ostiga joylashtirilgan. Xatolar ustida ishlash ana shunday bo‘ladi.

IP68 himoya guvohnomasi smartfonni suv va tomchi ta’siridan to‘liq himoya qiladi. Stereodinamiklar – bu jihat apparatning muhim o‘ziga xosligi bo‘lib, avvalgi avlod smartfonlarida bunday texnologiya joriy qilinmagan edi. AKG (bu brend Samsung kompaniyasiga qarashli) karnaylaridan taraladigan ovoz S8 modelinikidan baland, ovoz sifati yuqori. Ovozning tiniqligi va stereo sifatini darrov payqash mumkin.

Smartfonlar ergonomikasi, ya’ni korpus shakldorligi saqlab qolingan hamda telefon apparati qo‘lda yaxshi joylashadi. 

S9 hamda S8 old panellaridagi o‘zgarishlar yuqori bo‘lmasa ham, farqlar bor. Ko‘z skanerining tuynugi ko‘rinmas qilingan.

Displey

Note 8, S8/S8+ "istarasi" yangi flagmanlarda takrorlangan. Ekran quvvatni tejash texnologiyasiga, ostki yoritish tizimining moslashuvchanligi, suratni tahlil qila olishi hamda yangi avlod vakili ekani bilan avvalgi ekranlardan ajralib turadi. Foydalanuvchilar tilidan aytganda, bu smartfon sanoatidagi eng yaxshi ekranlardan biri.

S9 modelida ekran diagonali  – 5.8 dyuym, yuqori apparatda esa – 6.2 dyuym. Avvalgi avlod kabi matritsa SuperAMOLED hamda piksellar sig‘imi QHD+. Displey o‘lchami esa 18.5:9 nisbatli. Apparatning orqa va old panellarida ikkita RGB-datchik bo‘lib, ular ekranning avtomatik ravishda yorug‘likka ega bo‘lishini ta’minlaydilar.

Displeyni qo‘lda qo‘lqop kiygan holatdayam boshqarish mumkin. Buning uchun mazkur funksiyani sozlamalar orqali yoqish kerak.

Ekran quyosh ostida ham aniq-ravshan ko‘rinadi va surat yorqinligini yo‘qotmaydi.

AlwaysOn Display rejimida ekranda soat, surat yoki ogohlantirishlar muntazam aks etib turadi. Raqiblar hozircha bunday ilg‘or jihatni o‘zlashtira olganlari yo‘q.

Ekranning piksellar sig‘imini o‘zgartirish ham mumkin. Misol uchun, QHD+ sig‘imni FHD+ qilish mumkin. Shunda ham ekrandagi farqni ko‘rish qiyin. Biroq QHD+ sig‘im, ayniqsa VR-shlemdan foydalanganda qo‘l keladi.

Akkumulyator

Bu masalada hech nima o‘zgarmagan, flagmanlarga bu gal ham 3000 hamda 3500 mA soat tok sig‘imiga ega Li-Ion batareyalar o‘rnatilgan. Android 8.0 Oreo tizimida ishlaydigan flagmanlar uchun bunday elektr sig‘imi ayni muddao. Tezkor quvvatlash smartfonlarni 70 va 80 minut ichida to‘liq quvvatlsh imkonini beradi. Shu bilan birga, ularni simsiz ham tezkor quvvatlash mumkin.

Yangi va ilg‘or chipseta evaziga S9/S9+ modellarining to‘liq quvvat bilan ishlash vaqti oshgan. Ekrandan 4-6 soat faol foydalangan taqdirda, to‘liq quvvat bilan flaganmanlardan o‘rtacha bir sutka bemalol foydalanish mumkin.

Qolaversa, smartfonlarning LTE tarmog‘idagi faoliyati uchun sarf qilinadigan quvvat hajmi ham ancha kamaygan. Misol uchun, S8+ modelida 1 gigabaytli ma’lumotni yuborish uchun 7% quvvat sarf qilingan bo‘lsa, S9+ batareyasidan buning uchun bor-yo‘g‘i 4% tok ketdi.

Funksiyalar orasida quvvatni tejash rejimlari ham bor.

Xotira, chipset hamda samaradorlik

S9 modelining boshlang‘ich talqinida 4 gigabaytli tezkor xotira mavjud. Doimiy xotira sig‘imi esa 64 gigabaytli. Qo‘shimcha bo‘lmacha 400 gigabaytgacha bo‘lgan xotira kartasini qo‘llab-quvvatlaydi.

S9+ esa 6 gigabaytli tezkor hamda 64 gigabaytli doimiy xotiraga ega bo‘lgan. Har bir modelda 128 va 256 gigabaytli doimiy xotira talqinlari ham mavjud.

AQSh va Xitoyda flagmanlarning Snapdragon 845 chipsetiga ega talqinlari sotiladi. Bu flagmanlarga qadar hech bir smartfon bu ilg‘or chipga ega bo‘lmagan edi. Qualcomm ma’lum qilishicha, ilg‘orlik misli ko‘rilmagan darajada oshgan.

Jahon miqyosida tanilgan AnTuTu benchmarki natijalariga ko‘ra, Exynos 9810 chipiga ega Samsung Galaxy S9 modeli 241470 ball to‘plagan. Samsung Galaxy S9 Plus modeli smartfonlarning samarali ishlashini baholaydigan AnTuTu benchmarkida 265,267 ball to‘plagan. Samsung Galaxy S8 smartfoni 205,284 ball to‘plagan edi.

Bu flagmanlar hozirda sayyoramizdagi eng samarali ishlaydigan mobil aloqa vositalaridan sanaladilar. Ma’lumotlarni 10 nanometrli texnik jarayonda qayta ishlaydigan Qualcomm Snapdragon 845 chipi Android smartfonlar uchun eng zo‘ri.

 

Aloqa imkoniyatlari

Smartfonlarning ilg‘or LTE cat.18 tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlashi mobil operatorlarga bog‘liq. USB 3.1 (Type C), Bluetooth 5.0, aptX ovoz texnologiyalari diqqatga sazovor.

Simsiz interfeys sifatida takomillashgan va yangi algoritmlarga ega bo‘lgan Wi-Fi tarmog‘ini aytish mumkin. 

Bluetooth 5.0 standartining Bluetooth 4.2’dan asosiy farqlari – ma’lumot uzatish tezligining ikki karra hamda Low Energy (LE) rejimida amal qilish radiusining to‘rt karra yuqoriligi hisoblanadi. Bulardan tashqari, Bluetooth 5.0’da bitta modulga bir vaqtning o‘zida amalga oshirish mumkin bo‘lgan ulanishlar soni sakkiz karraga oshirilgan.

Umuman olganda, smarftonlar LTE , Wi-Fi (802.11 a/b/g/n/ac), Bluetooth 5.0, ANT+, NFC, GPS+GLONASS kabi tarmoqlarda ishlaydi.

Kamera

Samsung Galaxy S9 hamda S9 Plus flagmanlari taqdim etilishi bilan ekspertlar uning o‘ziga xos jihatlarini, xususan kamerasini sinovdan o‘tkazib ko‘rishdi. Boisi, kamera "bayroqdor"ning muhim jihatlaridan biri.

Flagmanlarda suratni qayta ishlash uchun yangi sensor chipi o‘rnatilgan. Samsung Galaxy S9 va S9 Plus korpusida suratni qayta ishlashga mo‘ljallangan yangi protsessor o‘rnatilgan. Bu chip bir soniyada suratga olingan 12 ta kadrni qayta ishlab, har biridan eng yaxshi jihatlarini olib, ulardan yaxlit surat hosil qiladi. Natijada, surat yorqin aks etadi.

Mexanik diafragma

Bu texnologiya Samsung’ning (va kamerafon sanoatining) muhim yangiligi ekani aytilmoqda. Gap shundaki, Galaxy S9 va S9 Plus kameralarida o‘rnatilgan mexanik apertura, ya’ni yorug‘likni taqsimlaydigan moslama hali biror flagmanda kuzatilmagan.

Surat olish jarayonida 3 omilning o‘rni yuqori:

- ISO (sensorlarning sezgirligi);

- kamera modulining tezkorligi (kamera sensorining yorug‘likka ta’sirchanligi);

- apertura, ya’ni yorug‘lik taqsimlovchi moslamaning yorug‘likni qamrab olishdagi mahorati. Bularning har biri so‘nggi natijaga muhim ta’sir ko‘rsatadi.

Agar ISO darajasi oshib ketsa, suratda "shovqin" ko‘payadi. Agar kamera modulining tezkorligi past bo‘lsa, tasvir xira bo‘ladi yoki apertura hajmi keragidan katta bo‘lsa, tasvirdagi aniqlik yo‘qoladi.

Aksariyat smarftonlar ISO darajasini va kamera modulining ochilib-yopilishini nazorat qila olishadi. Biroq, hali biror smartfonda yorug‘lik moslamasini boshqarish imkoni yo‘q edi. Samsung Galaxy S9 modellari ana shu imkonsizlikka barham berdi. Buni kompaniya "qo‘sh apertura texnologiyasi" deb nomlagan.

Bunda apertura moslamasi surat olinayotgan sharoitdan kelib chiqib f/1.5 va f/2.4 oralig‘idagi standartni mustaqil belgilaydi. Natijada, yorug‘lik past sharoitda ham ISO me’yorida bo‘lib, surat yaxshi chiqadi. Agar foydalanuvchi yorug‘lik yaxshi sharoitda fokusni kattalashtirib, keng burchakli surat olish istagida bo‘lsa, kamera aperturasi avtomatik ravishda f/2.4 standartiga sozlanadi. Va, yorqin surat muhrlanadi.

Quyidagi suratlarda mazkur texnologiya imkoniyatlari aks etgan tasvirlarga baho bering.

Yuqoridagi suratlarda ko‘rinib turibdiki, Samsung'ning yangi smartfonlari "shovqin"dan ancha xoli. Selfi suratlarda bu kamchilik bir oz sezilishi mumkin. Galaxy S9 Plus nimalarga qodir ekaniga tez orada guvoh bo‘lamiz.

Super slow motion

Samsung Galaxy S9 smartfonlari kamerasidagi "DRAM" texnologiyasi sekundiga 960 kadrni muhrlash imkonini beradi. Bunday imkoniyat hali biror smartfonda yo‘q. Shuningdek, bu texnologiya yordamida olinayotgan tasvir foniga musiqani avtomatik ravishda ham qo‘yish mumkin.

Galaxy S9+ bosh kamerasi qo‘sh: 12+12 Mp; Galaxy S9 — bir dona, 12 megapikselli kamera moduliga ega bo‘lgan. Smartfonlarning selfi kamerasi iPhone X'ning old kamerasi bilan bellasha olmaydi. Sababi, bu flagmanlarda odmigina avvalgi 8 megapikselli modul tanlangan. Plus model S9'ga qaraganda yaxshi suratga oladi va tasvir sifatini saqlagan holda 2 karralik optik yaqinlashtirish funksiyasi bilan ta’minlangan.

Qo‘shimcha ...

Qolaversa, flagmanlarda joriy qilingan AR-emoji funksiyasi foydalanuvchining qiyofasidan kelib chiqib shaxsiy emojilarni yaratish imkonini beradi. iOS operatsion tizimida Animoji funksiyasi taqdim etilgach, Samsung bundan ilhom olib AR-emoji, ya’ni sun’iy voqelik emojilarini yaratish texnologiyasini ishlab chiqqan. Natijada, old kamera foydalanuvchining kayfiyatini o‘zining qiyofasiga yaqin bo‘lgan aksda ifodalab beradi. Bu qiyofalarning kiyimi va boshqa jihatlarini o‘zgartirish mumkin.

Ma’lum qilinishcha, Samsung Galaxy S9 va S9+ flagmanlarida tatbiq qilingan yuz-qiyofani tekshirish skaneri ishlashi va xavfsizligiga ko‘ra iPhone X smartfonida joriy qilingan skanerdan ancha ilg‘or.

S9 kamerasi belgilarni tarjima qilish va bumlar haqida ma’lumot berish funksiyasiga ham ega bo‘lgan. Siz kamerani biror buyumga qaratsangiz, smartfon sizga uni tarjima qilib beradi. Hozircha kamera Google Translate oqrali 54 ta tilga tarjima qila oladi.

Facial recognition - qiyofani tanish

Samsung avval ham, birinchi bo‘lib Galaxy smartfonlariga qiyofani tanish skanerini tatbiq qilgan bo‘lsa ham, iPhone X’dan so‘ng bu texnologiyani rivojlantirishdagi raqobat yanada kuchaydi.

"Sun’iy aql"ga asoslangan qiyofa va ko‘zning rangdor pardasini yoki barmoq izini skanerlash tizimi smartfon tizimini kuchli himoya bilan ta’minlaydi.

Narx-navo 

Smartfonlar qora, ko‘k, siyoh rang va kulrang korpuslarda ishlab chiqariladi. Ular 16 martdan boshlab sotuvga chiqarildi. S9 modeli $720 hamda S9+ $840 dollar bahosida sotilishi aytilgan edi.

Bugungi Samsung Galaxy S9 yurtimizda o‘rtacha 5 289 000 so‘mdan, Samsung Galaxy S9+ (64 GB) modeli esa 6 109 000 so‘mdan sotilmoqda.

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

Terashop.uz UZS 4 209 000.00 Sotib olish
Terashop.uz UZS 4 885 000.00 Sotib olish
Terashop.uz UZS 6 340 000.00 Sotib olish

 Afzalligi

 Kamchiligi