Gionee M6S Plus taqdim qilindi: 6 Gb “operativka”, 6020 mAs akkumulyator!

Gionee M6S Plus taqdim qilindi: 6 Gb “operativka”, 6020 mAs akkumulyator!

2002 yilda asos solingan Xitoyning Gionee kompaniyasi mana, bir necha yildirki, smartfon bozorida o‘zining o‘rnini topishga harakat qilib kelmoqda. Uning gadjetlari yaxshi jihatlarga boy bo‘lishi barobarida, aksariyat xitoylik smartfonlardan farqli ravishda qimmat. Jumladan, Gionee M6S Plus ham bundan mustasno emas.

Gionee M6S Plus — metall korpusli, o‘rta darajali protsessorga ega hamda bosh maqsadi foydalanuvchining ma’lumotlarini himoya qilishga mo‘ljallangan smartfon.

Gionee M6S Plus devaysidagi 6 dyuymli Super AMOLED displey Full HD, ya’ni 1920x1080 pikselni qamrab oladi. Undagi 8 yadroli protsessor — Snapdragon 653 2016 yilda Qualcomm tomonidan taqdim etilgan bo‘lib, 1.97 GGs chastota tezligida faoliyat ko‘rsatadi.

Gionee M6S Plus uchun 6 gigabaytli tezkor xotira, shuningdek 64/256 Gb.li doimiy xotira tanlangan. Gadjetdagi bosh kamera 12 MP hamda fazali avtofokus funksiyasiga ega, ob’yektni suratga olish tezligi 0,03 sekundni tashkil qiladi. Yorug‘lik qamroqi uchun f/1.9 standartidagi apertura o‘rnatilgan. Bosh kameraning piksel hajmi 1,4μm. Old kamera sig‘imi — 8 MP.

Gionee M6S Plus’da barmoq izlari skaneri, ma’lumotlarni shifrlash orqali ularning himoyasini ta’minlaydigan maxsus protsessor mavjud. O‘ziga xos jihati shundaki, smartfon ma’lumotlarni operatsion tizim doirasida emas, ya’ni muayyan ilovada emas, ushbu maxsus elektron chipda shifrlaydi. Bu esa ma’lumotlarning yuqori darajadagi xavfsizligini ta’minlaydi.

Gionee M6S Plus zavoddan Android 6.0’ning o‘zlashtirilgan Amigo OS operatsion tizimi boshqaruvida chiqarilmoqda. U aloqa tarmog‘ining 4G LTE tarmog‘ida ham ishlaydi. Yana bir o‘ziga xos jihati — uning akkumulyator sig‘imi 6020 mA soat va Quick Charge 3.0 tezkor quvvatlash, quvvat sarflashni boshqarishning aqlli tizimi bilan ta’minlangan.

Gionee M6S Plus’ning 6/64 Gb talqini $508, yuqori — 256 Gb modifikatsiyasi esa $624 dollardan sotuvga chiqariladi.