GIST Tech-I-2019 innovatsion loyihalar tanlovida yurtimiz vakiliga ovoz bering!

  •   DiMaX
  •  434
  •  08.02.2019 13:53

GIST Tech-I-2019 innovatsion loyihalar tanlovida yurtimiz vakiliga ovoz bering!

O‘zbekistonlik ixtirochilarning loyihasi muhim xalqaro tanlovda yarim finalga o‘tgan. Bu to‘g‘rida Innovatsion rivojlanish vazirligi sayti xabar bermoqda.

O‘QING: Eng innovatsion mamlakatlar reytingi bilan tanishing

AQSh Davlat departamenti tomonidan e’lon qilingan «Ilm-fan va texnologiyalar sohasida global innovatsiyalar, texnologik g‘oyalar», ya’ni GIST Tech-I-2019 tanlovi iqtisodiyoti rivojlanayotgan mamlakatlarning ilmiy va texnologik tadbirkorlari uchun har yili o‘tkaziladi. Tanlovda ishtirok etish istagidagi innovatorlar o‘z g‘oya va startaplarini onlayn rejimida yuboradi, so‘ngra ularning arizalari ekspertlar tomonidan tekshirilib, finalchilarni aniqlash uchun umumiy ovozga qo‘yiladi.

GIST tashabbusi AQSh Davlat departamenti tomonidan tashkillashtirilgan bo‘lsa, Tech-I tanlovi esa Ilm-fanga ko‘mak ko‘rsatuvchi Amerika uyushmasi (AAAS) tomonidan o‘tkaziladi.

GIST Tech-I qisqa prezentatsiyalar – pitching bo‘yicha global musobaqa bo‘lib, butun dunyodagi yosh olimlarning innovatsiyalarini saralash, o‘qitish va rag‘batlantirishni o‘z ichiga oladi. GIST Tech-I tashabbusi doirasida yosh innovatorlarga mamlakat iqtisodiyoti va taraqqiyoti muammolariga yechim topadigan korxonalarni yaratish imkoni beriladi.

Yarimfinalchilar tarmoqda o‘z video-teglarini joylashtirganlaridan so‘ng endi ular uchun ovoz qoldirish mumkin. Ovoz berish yo‘li bilan 24 nafar finalchilar tanlab olinib, ular Bahraynda bo‘lib o‘tadigan Tadbirkorlar xalqaro kongressi-2019 (GEC)da o‘z loyihalarini namoyish etish uchun yo‘llanma olishadi. Butun xarajatlar tashkilotchilar tomonidan qoplanadi.

GIST Tech-I g‘oliblari o‘z korxonalarini ochish uchun start kapitalini qo‘lga kiritishadi.

Bizning hamyurtlarimiz ham qayta tiklanadigan energetika yo‘nalishida erkin oqimli kichik GES barpo etish bo‘yicha grantga ariza topshirishdi va mazkur loyiha tanlov yarim finaliga o‘tdi. Ayni paytda internet orqali ovoz berish bosqichi davom etmoqda. Eng ko‘p ovoz to‘plagan loyihalar finalga chiqadi.

O‘zbekistonlik ixtirochilarning loyihasi uchun ovoz bermoqchi bo‘lsangiz:

- http://www.gistnetwork.org/content/vote havolasi orqali o‘ting;

- Saytda ro‘yxatdan o‘ting (faqat bir marta);

- German Treshchalov ERG deb yozilgan loyihani toping;

- Video ostida «Vote» tugmasini bosgan holda loyihaga ovoz bering;

- «Vote»ni bosgandan so‘ng tizim ovozingizni hisobga olganiga amin bo‘ling;

- 2019 yilning 1 martigacha har 24 soatda bir marta qayta-qayta ovoz berish mumkin.

O‘QING: Innovatsion rivojlanish vazirligi nimalarni qoyillatdi? Hammasiga javob berdi!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.