Gmail’dagi fayllaringizni topish uchun qulay kengaytma – Dittach

  •   DiMaX
  •  4051
  •  24.11.2017 14:30

Gmail’dagi fayllaringizni topish uchun qulay kengaytma – Dittach

Googlening pochta xizmati – Gmail’dan foydalanasizmi? Mazkur xizmat orqali fayllar oldi-berdi qilasizmi? Unda Chrome brauzeri uchun ishlab chiqilgan Dittach kengaytmasi sizga ma’qul kelishi aniq.

Gmail-pochtangiz orqali qachonlardir o‘zingiz kimgadir yuborgan, yoki birov sizga jo‘natgan turli fayllarni topishda qiyinchilik bo‘lyaptimi? Dittach sizga Google pochta qutingizdagi kerakli fayllaringizni topib beradi.

O‘QING: Google Chrome uchun eng kerakli kengaytmalar

To‘g‘ri, Gmail’ning o‘zida ham xatlarga biriktirib jo‘natilgan yoki qabul qilingan tirkama fayllarni izlash uchun maxsus filtr mavjud. Ammo, agarda pochta qutingizda elektron maktublar ko‘r bo‘lsa, Google ular orasidan kerakli faylni topib berishi mushkul kechadi. Bepul Dittach kengaytmasi esa ayni shu jarayonni soddalashtirish, tezlashtirish va osonlashtirish uchun maxsus ishlab chiqilgan.

Mazkur kengaytmani Chrome brauzeringizga o‘rnatib olganingizdan keyin, unga o‘zingizning Gmail pochtangizga bog‘lanishi uchun (login va parol orqali) ruxsat berishingiz lozim bo‘ladi. Keyin pochtangiz sahifasini ochganingizda o‘zgarishni darrov payqaysiz – o‘ng tomonda, xatlar orqali biriktirib jo‘natilgan va qabul qilingan barcha fayllarni ko‘rsatuvchi panel paydo bo‘ladi.

Dittach hujjatlar, audio va video singari ko‘p fayl turlari bilan ishlay oladi. Shuningdek, qidiruvni yanada tezlashtirish uchun kengaytmada formatlar filtri ham mavjud.

Kengaytma yana Gmail qidiruv paneli bilan o‘zaro aloqadorlikda ishlay oladi. Agarda o‘sha panelga qidiruv so‘rovini yozsangiz, ekran o‘rtasida shu so‘rovga mos keluvchi xatni, o‘ng panelda esa unga muvofiq keladigan faylni ko‘rasiz.

Biror hujjat fayli sizga juda zarur bo‘lib qolsa, ammo uning nomini va kim yuborganini eslay olmasangiz, Dittach kengaytmasi juda qo‘l keladi. Shuningdek, u fayllarni ko‘rsatganida, qabul qilingan sanasini ham aks ettiradi.

Faqat bittagina cheklov mavjud – kengaytma bir kunda qarab chiqishi mumkin bo‘lgan tirkama fayllar sonini Google cheklab qo‘yadi. Shuning uchun, agarda Gmail orqali oldi-berdi qilgan fayllaringiz ko‘p bo‘lsa, Dittach sizning pochtangizdagi ularning barchasini ko‘rib chiqib, aks ettirguniga qadar biroz kutishga to‘g‘ri keladi. Ammo uning taqdim etadigan qulayliklari shu kutishingizga arziydi.

O‘QING: Google Chrome’ni 10 karra tezroq ishlashga majbur qilamiz

Bepul Dittach kengaytmasini Chrome brauzeringizga o‘rnatib olish uchun, mana bu havola orqali ilovalar do‘koniga o‘tishingiz kerak bo‘ladi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!