Google 40 tilni biladigan Pixel Buds'ni taqdim qildi

Google 40 tilni biladigan Pixel Buds'ni taqdim qildi

Kuni kecha AQSh da o‘tgan Google taqdimotida Pixel 2 va Pixel 2 XL bilan birga, Pixel Buds audio-quloqchinlari ham taqdim qilindi. Taqdimot chog‘ida bu quloqchin ingliz tili foydalanuvchisiga shvedsiyalik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri suhbat qurishi mumkinligi ko‘rsatib berildi. Ya’ni, har kim o‘z tilida gapiradi, gadjet esa ularning fikrlarini kerakli tilga tarjima qilib beradi.

Hozircha Pixel Buds oz emas, naq 40 tilni biladi hamda uning tarjimonlik qobiliyatiga namoyishdayoq ko‘pchilik qoyil qoldi.

Google Pixel Buds'dagi bu muhim innovatsiya -- uning Google Assistant ovozli yordamchisini qo‘llab-quvvatlashi bilan bog‘liq. Quloqchinlar bevosita smartfonga ulanadi. Google Assistant foydalanuvchiga rejalashtirilgan ishlarni eslatishi, kirish xatlarini o‘qib berishi mumkin. Gadjet Android 7.0 Nougat va undan yuqori tizimlarida ishlaydigan Android smartfonlar bilan o‘zaro ulanadi.

Google Pixel Buds simsiz audio-quloqchin bo‘lib, musiqa tinglash, manzilga yetib olishda yo‘nalish ko‘rsatish, qo‘ng‘iroqni amalga oshirish va boshqa qator vazifalarni amalga oshiradi.

Bir juft quloqchinlar mato bilan qoplangan o‘tkazgich yordamida ulangan. Undagi tok sig‘imi 120 mA soat bo‘lgan akkumulyator devaysning 5 soat uzluksiz ishlashini ta’minlaydi. Shuningdek, quloqchin qadog‘idagi 620 mA soat sig‘imli qo‘shimcha poverbank orqali bu audio-aksessuarda 24 soat musiqa tinglash mumkin.

Google Pixel Buds qora, oq va moviy rangli korpuslarda ishlab chiqarilmoqda. U bozorga shu yilning noyabrida 159 AQSh dollaridan chiqariladi.