Google Earth ikkita ajoyib funksiya bilan kuchaytirildi

  •   DiMaX
  •  3045
  •  26.06.2018 10:37

Google Earth ikkita ajoyib funksiya bilan kuchaytirildi

«Qidiruv giganti» taqdim etgan zo‘r loyihalardan biri – Google Earth servisidir. U foydalanuvchilarga Yer sayyorasining deyarli istalgan burchagini «yuqoridan» ko‘rish imkonini beradi. Shuningdek, bu servisda sayyoramizdagi kerakli hududlar va ob’yektlar haqida ma’lumot olish, ularning suratlarini tomosha qilish kabi bir qator qo‘shimcha funksiyalar mavjud.

O‘QING: Google Earth’da katta yangilanish: virtual sayohatlar va sifatli uch o‘lchamli xaritalar

Kuni kecha – 2018 yilning 25 iyunida Google Earth servisiga ikkita yangi jihoz qo‘shildi. Ulardan birinchisining yordamida endi Yer yuzidagi muayyan ob’yektlar orasidagi masofani o‘lchash mumkin. Buning uchun sayyoramiz xaritasidagi ikkita nuqtani belgilash kifoya. Masalan, quyidagi skrinshotda Toshkent shahri markazi va Chirchiq shahri orasidagi masofa ko‘rsatilgan:

Loyihaga joriy etilgan ikkinchi yangilik esa Yer yuzasidagi maydonlar bilan bog‘liq. Ya’ni, endi o‘zingizni qiziqtirgan biror ob’yekt yoki hudud maydonini Google Earth orqali o‘lchash imkoni bor. Bunda istasangiz xarita yuzasida standart shakldagi hududni, xohlasangiz – o‘zingiz belgilab olgan qing‘ir-qiyshiq chegara orasidagi maydonni o‘lchashingiz mumkin. Shu tariqa, noodatiy shaklda qurilgan me’moriy obidaning, xiyobon, ko‘l, shahar yoki hatto mamlakatning maydonini o‘lchamini olish imkoni mavjud.

Google Earth’dagi yangi jihoz allaqachon uning Android-qurilmalar uchun taqdim etilgan ilovasiga qo‘shilgan, uni mana bu havola orqali yuklab olishingiz mumkin. Mazkur dasturning iOS-versiyasi uchun bu yangilik yaqin orada tatbiq etilishi kutilayotir. Kompyuterda esa Google Earth’ning yangi funksiyalaridan Google Chrome brauzeri orqali foydalanish imkoni bor – buning uchun https://earth.google.com/web manziliga kirsangiz yetarli.

O‘QING: Maps.Me xaritalariga internetsiz ishlovchi tayyor yo‘nalishlar kiritildi