Google Maps’ning yengil talqini – Maps Go’ni istalgan Android-qurilmaga o‘rnatamiz

  •   DiMaX
  •  1707
  •  18.12.2017 15:51

Google Maps’ning yengil talqini – Maps Go’ni istalgan Android-qurilmaga o‘rnatamiz

Google kompaniyasi kuchsiz smartfonlar uchun yaqinda Android Oreo’ning yengillashtirilgan talqini – Android Go operatsion tizimini talqin etgan edi. Bu tizim uchun ilovalarning ham yengil versiyalari ishlab chiqila boshladi; ular tizim resurslarini kam talab qilishi, internet tezligi past bo‘lganida ham ishlay olishi va tezroq ishlashi bilan ajralib turadi.

O‘QING: Google Calendar hodisalarini endi Google Maps bilan integratsiya qilish mumkin

Shulardan biri – Maps Go xarita ilovasi bo‘lib, u allaqachon Google Play do‘koniga chiqarilgan va mana bu havola orqali uni yuklab olish mumkin. Biroq to‘laqonli Android operatsion tizimiga ega bo‘lgan smartfoningizga aslida uni o‘rnatib bo‘lmaydi, chunki bu talqin Android Go tizimidagi qurilmalar uchun ishlab chiqilgan.

Shunday bo‘lsa-da, Android Police sayti xodimlari mana shu cheklovni aylanib o‘tib, istalgan Android-qurilmaga yengil Maps Go xaritasini o‘rnatish imkonini topishdi. Gap shundaki, bu yangi ilova Progressive Web App texnologiyasi bo‘yicha ishlab chiqilgan, ya’ni, u maxsus mobil qurilmalar uchun moslangan veb-ilova shaklidadir.

Xullas, yengil xarita ilovasi – Maps Go’ni o‘z gadjetingizga o‘rnatish uchun, avval mana bu (https://www.google.com/maps?force=qVTs2FOxxTmHHo79-pwa&source=mlapk) ilovani nusxalab olasiz, keyin esa uni qurilmangizdagi Google Chrome brauzeringizda ochasiz. Shundan keyin brauzerning bosh menyusini ochib, «Asosiy ekranga qo‘shish» («Dobavit na glavniy ekran») bandini tanlaysiz. Natijada devaysingizning ish stolida Maps Go belgichasi paydo bo‘ladi.

Maps Go ilovasi ham imkoniyatlariga ko‘ra to‘laqonli versiyadan uncha farq qilmaydi. Unda ham xaritalarni ko‘rish, ob’yektlarni izlash, yo‘nalishlarni belgilash, o‘z joylashuv o‘rningiz koordinatlarini do‘stlarga ulashish mumkin. Hatto uning ustunligi mavjud – oddiy versiyadan ko‘ra tezroq ishlaydi, ammo buning uchun yetarli tezlikdagi internetga ulanishingiz lozim.

Yengillashtirilgan Maps Go ilovasi barcha foydalanuvchilarga, jumladan, xotirasi kichik, har bir megabayt xotirasi hisobli bo‘lgan smartfonlar egalariga ham qo‘l keladi. Hatto uning sozlamalari orqali o‘zbek tilini ham belgilab olish mumkin.

O‘QING: Istalgan saytdan o‘zingiz veb-ilova yasashingiz mumkin!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.