Google ta’qibidan qanday qutulish mumkin?

  •   DiMaX
  •  2053
  •  28.02.2017 15:01

Google ta’qibidan qanday qutulish mumkin?

Google akkaunti deyarli har birimizda bor – turli dasturlarni olishda, pochta va boshqa servislar uchun undan foydalanamiz. Ammo bir qarashda beminnat ko‘makchidek ko‘ringan Google aslida bizning har bir harakatimizni – xarid va qidiruvlar tarixi, nimalarga qiziqishimizni muntazam kuzatib, shaxsiy ma’lumotlarimizni to‘plab borishini ko‘pchiligimiz o‘ylab ham ko‘rmaymiz. Kimdir bunga ahamiyat berib o‘tirmaydi, ammo yana birovlarga Google’ning shaxsiy hayotini bunchalik kavlashtiraverishi ma’qul kelmaydi. Shu bois, istovchilarga mazkur tizimning kuzatuvlaridan imkon qadar xoli bo‘lish sirlarini o‘rgatmoqchimiz.

Nazorat ostida

Shunday qilib, Google siz haqingizda aynan nimalarni biladi? Buni aniqlash oson: akkauntingiz sozlamalaridagi o‘z harakatlaringizni ko‘rsatuvchi maxsus sahifaga («Moi deystviya») kirasiz. U yerdagi vaqt shkalasida o‘zingiz kirgan saytlar, qidiruv so‘rovlari, YouTube’da ko‘rgan videolaringiz va hatto ishlatgan Android-ilovalaringiz ham aks etadi. Masalan, quyidagi rasmda yuzerning 300 dan oshiq harakatini Google qayd etib qo‘yganini ko‘rishimiz mumkin:

Google’da yana bir shunga o‘xshash servis ham bor, bu – Google Maps bo‘lib,  u geolokatsiyani kuzatadi. Unda ro‘yxatdan o‘tgach, butun dunyo bo‘ylab qayerlarga borganingizni ko‘rishingiz mumkin. Bu kabi ma’lumotlarni kompaniya qancha vaqtga bo‘lsayam saqlab qo‘yaveradi, uning serverlari katta, imkoniyatlari keng. Ammo o‘zingiz borgan joylar tarixini tozalashingiz oson – xaritaning pastki qismidagi «Otklyuchit istoriyu» tugmachasini bossangiz bas.

Nega kuzatadi?

Xo‘sh, Google qanday qilib va, asosiysi – nega biz haqimizda shuncha ma’lumotni to‘plab boradi? Aksariyat web-servislar uchun bitta aksioma amal qiladi: agar siz xizmat uchun haq to‘lamasangiz, o‘zingiz tovarga aylanasiz. Foydalanuvchilarni turli yo‘llar bilan «sotish» mumkin, ammo Google masalasiga kelganda, uning usuli o‘ta siyqa. Bu kompaniya sizning ta’bingiz, boradigan joylaringiz, qiziqishlaringizga ko‘ra shaxsga yo‘naltirilgan reklama joylashtiruvchilardan haq oladi. Shu tariqa, Google siz haqingizda qancha ko‘p ma’lumot to‘plasa, sizni qiziqtiruvchi reklamalarni shuncha aniqlik bilan tanlab joylashtiradi va shu reklamani beruvchilardan shuncha ko‘p pul oladi.

Siz haqingizdagi ma’lumotlar kompaniyaga turli yo‘llar bilan keladi, ammo eng katta qismi Android-qurilmalar va Chrome brauzeri orqali to‘planadi. (Smartfoningizni birinchi yoqqaningizdagi va Chrome’ni o‘rnatganingizdagi ko‘rsatilgan litsenziya bitimini o‘qiganmidingiz o‘zi?)

Ammo, hatto siz bu mahsulotlardan foydalanmagan taqdirda ham, siz haqingizda ma’lumot yig‘ishning yana ko‘plab usullari bor. Eng keng tarqalganlardan biri – cookie fayllar; ular odatda brauzerdagi sessiyalarni boshqarish va web-resurslarda avtorizatsiya – qayddan o‘tish uchun ishlatiladi. Google’ning istalgan bir servisi sahifasini bir martagina ochsangiz bas – kompyuteringizda cookie-fayl saqlanib qoladi. Uning yordamida kompaniya, o‘zining servislaridagi barcha harakatlaringiz aynan mana shu kompyuteringizdan amalga oshirilganini bilib oladi. Ha, ishonavering, to siz brauzeringizdagi cookie-fayllarni tozalaguningizcha u ma’lumotni olib ulguradi. Bunaqa kuzatuvdan sizni inkognito rejimi ham, maxsus brauzerlar ham qutqara olmaydi. Chunki har qanday brauzer ham istalgan saytga murojaat etganida, o‘sha saytga o‘zining yadrosi (dvijok), qurilmaning operatsion tizimi va boshqa ma’lumotlarni uzatadi. Bu ma’lumotlar jamlanib, o‘ziga xos «barmoq izi»ni hosil qiladiki, har bir foydalanuvchining shunaqa «iz»i o‘ziga xos bo‘ladi.

Foydalanuvchilar harakatlarini kuzatishning boshqa, yanada ayyorona usullari ham bor. Tarmoqda butkul anonim bo‘lib qolish va «ko‘zi o‘tkir» Google nazariga tushmaslik – o‘ta qiyin, ammo siz o‘zingizni ta’qib qilishlarini imkon qadar kamaytirishingiz mumkin.

Qulaylik afzalmi yoki maxfiylik?

Dunyo faqat oq va qora ranglardan iborat bo‘lmaganidek, yirik kompaniyalar tomonidan sizning shaxsiy ma’lumotlaringiz to‘plab borilishi ham butkul salbiy holat emas.

Kishilar haqidagi ma’lumotlar Google’ga o‘z servislarini muntazam yaxshilab borishi uchun kerak bo‘ladi. Nafaqat umuman hamma uchun, balki biror hududdagi, yoshdagi foydalanuvchilar uchun, hatto har bir shaxs uchun (jumladan, aynan siz uchun ham) Google o‘z xizmatlarini moslashtirib, yaxshilab boradi. Bu haqda kompaniyaning o‘zi «Maxfiylik» («Konfidensialnost») sahifasida batafsil ma’lumot bergan. Masalan, sizning navigatsiyada joylashuvingiz va yo‘ldagi harakat tezligingiz haqidagi ko‘rsatkichlarni olishi tufayli Google yo‘llardagi tirbandlikni aniqroq baholay oladi. Qidiruv so‘rovlaringiz xususidagi ma’lumotlar esa qidiruv tizimining yanada «aqlli»roq bo‘lishiga va so‘rovlarni avtomatik yakunlash uchun yanada mosroq variantlarni taklif etishiga xizmat qiladi. YouTube’dagi faolligingiz bo‘lsa kompaniyaga aynan sizga mos tavsiyalar berishda ko‘maklashadi.

Shu yerda Google siz haqingizdagi ma’lumotlar himoyasi haqida so‘z yuritadi: kompaniyaning ta’kidlashicha, barcha ma’lumotlar ishonchli tarzda shifrlanadi va xavfsiz joyda saqlanadi. Bunga ishonmaslikka asosimiz ham yo‘q; zero, foydalanuvchilar ma’lumotlarining yirik miqdorda sizib chiqishi korporatsiyaning biznesiga katta zarba bo‘lar edi.

Yana bir jihatiga e’tibor qaratamiz: garchi biror mamlakatning hukumati yoki maxsus xizmatlari Google bazasidagi shaxsiy ma’lumotlarga bemalol kira olmasa-da, korporatsiya baribir sud qarorlari va huquqni muhofaza etuvchi idoralarning rasmiy so‘rovlari oldida ojiz.

Masalan, 2016 yilning birinchi yarmida Rossiya hukumati foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini berishni talab qilib Google’ga 237 ta so‘rov yuborgan. Kompaniya ulardan atigi yetti foizini bajargan bo‘lsa-da, bu kabi talabnomalar soni o‘sishda davom etayotir. O‘z-o‘zidan ayonki, boshqa yirik kompaniyalar, jumladan, Facebook va Microsoft ham shunaqa so‘rovlar oladi va ulardagi talablarni qisman bajaradi.

Xo‘sh, ma’lumotlarimizni yashiramizmi endi?

Demak, ta’qibdan xavfsirashingizga asos bor-yo‘qligidan qat’i nazar, o‘z akkauntingizdagi maxfiylik sozlamalarini tekshirib ko‘rsangiz zarar qilmaydi. Albatta, siz taqdim etayotgan ma’lumotdan voz kechishdan Google manfaatdor emas, shu bois ham ta’qibni o‘chiruvchi barcha tugmachalar akkaunt sozlamalarining eng «kuchuk topmas» burchaklariga yashirib qo‘yilgan.

Harakatlar tarixini o‘chirish. Ishni, albatta, «Harakatlarni kuzatib borish», ya’ni «Otslejivaniye deystviy» sahifasidan boshlagan ma’qul. Bu yerda siz ilovalardagi harakatlaringizni hamda web-qidiruvlar, YouTube’dagi so‘rovlar, ovozli qidiruv, shuningdek joylashuvlar tarixini yozib borish funksiyasini o‘chirib qo‘yishingiz mumkin. Bularning har birini o‘chirishga uringaningizda, Google sizni bu niyatingizdan qaytarishga urinadi; ammo siz unga quloq solib o‘tirmasdan, hammasini o‘chirib chiqavering.

Maxfiylik parametrlarini sozlang. Oldingi sozlamalarni biryoqli qilib olgach, «Maxfiylik sozlamalarini tekshirish» («Proverka nastroyek konfidensialnosti») yordamchisini ishga tushirsangiz bo‘ladi. Muayyan ketma-ketlikdagi bir necha qadamni bosib o‘tib, o‘zingiz haqingizdagi qanaqa ma’lumotlar internetda qidiruvda chiqishi, qaysilari esa chiqmasligini tanlay olasiz. Masalan, siz YouTube’dagi harakatlaringiz boshqa foydalanuvchilarga ko‘rinish-ko‘rinmasligini sozlashingiz yoki Google akkauntingizni unga bog‘langan telefon raqamingiz orqali izlash imkoniyatini o‘chirib qo‘yishingiz mumkin.

Shaxsga yo‘naltirilgan reklamani o‘chiring. Mana, nihoyat, eng muhimiga ham yetib keldik – Google reklamasi sozlamalari! Shu havola orqali o‘tib, o‘zingizga qaysi mavzulardagi reklamalar yo‘naltirilayotganligini ko‘rasiz. Ular ro‘yxati avtomatik tarzda, Google akkauntingizdagi harakatlaringiz asosida tuzilgan. To‘g‘ri, ortiqcha reklamalar boshingizni qotirmasligi uchun, siz bu ro‘yxatdan keraksizlarini o‘chirishingiz, yangilarini qo‘shishingiz mumkin. Lekin, agarda reklamani tanlashda shaxsiy ma’lumotlaringizdan foydalanishlarini istamasangiz, personalizatsiyani umuman o‘chirib qo‘yganingiz ham yaxshi. Ko‘rinib turibdiki, bunda reklama baribir butkul daf bo‘lmaydi, faqat uni saralashda endi Google sizning yashash joyingizgagina qaraydi.

 

Sahifani eng pastigacha varaqlab, «Nastroit reklamu, kotoraya vidna posle vixoda iz akkaunta» degan tugmachani topasiz. Uni bosganingizdan keyin shunga o‘xshash sozlamalar aks ettirilgan sahifa ochiladi, ammo bular endi sal boshqacharoq: inkognito rejimida ishlaganingiz, boshqa saytlarga kirishingiz, avtorizatsiyadan o‘tmagan holda Google servislaridan foydalanishingiz kabi holatlardagi reklama sozlamalari. Ha, noto‘g‘ri tushunmadingiz – hatto  Google servislaridan umuman foydalanmasangiz ham, baribir u sizni ta’qib etaveradi! Buning uchun uning reklamasi mavjud bo‘lgan millionlab saytlardan birortasiga bittagina «bosh suqib» qo‘yishingiz kifoya.

Bo‘ldimi endi?

Allaqachon anglab yetgan bo‘lsangiz kerak – hali bu bilan tugagani yo‘q. Hammasi sizning maqsadingizga bog‘liq. Agarda siz shaxsga yo‘naltirilgan reklamaga qarshi bo‘lmasangiz, shunchaki o‘zingiz haqingizda boshqalar ko‘p ma’lumot bilishlarini istamasangiz, u holda yuqorida keltirilgan tavsiyalar yetarli.

Ammo yanada ko‘proq anonimlikni ta’minlash uchun yangi Google akkaunti ochishingiz yoki undan butkul voz kechib, maxsus himoya vositalaridan foydalana boshlashingiz lozim. Gap VPN-servislar, anonimayzerlar va Tor singari maxsus brauzerlar xususida ketyapti. Masalan, Disconnected kompaniyasi nomiga yarasha ish qilib, Android tizimi uchun shu nomdagi ilovani taklif etadi. Bu dastur ta’qibdan xavfsiramasdan internetdan ma’lumot qidirish imkonini beradi. Yana, u saytlarda sizning qiziqishlaringizni tahlil qilib boruvchi modullar bor-yo‘qligini ham tekshiradi. Albatta, bu ilovadan smartfoningizdagi istalgan brauzer bilan qulay foydalana olishingiz uchun haq to‘lashingizga to‘g‘ri keladi.

O‘zingiz tushunib olganingizdek, zamonaviy internetda anonim qolish tobora qiyinlashib borayotir. Har bir sayt, o‘zi yoki vositachilar orqali, siz haqingizda imkon qadar ko‘proq ma’lumot olishga urinadi. Shunday ekan, qadamingizni o‘ylab bosavering!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.