Hakkerlar tanlovda Apple, Microsoft va boshqa taniqli tizimlarni buzib tashlashdi

Hakkerlar tanlovda Apple, Microsoft va boshqa taniqli tizimlarni buzib tashlashdi

An’anaviy Pwn2Own nomli hakkerlar o‘rtasidagi tanlovning 2017 yilgi musobaqalarida kanadalik Vankuver jamoasi yuzlab odamlar guvohligida Microsoft’ning Windows va Apple’ning MacOS operatsion tizimlarini buzib kirishga muvaffaq bo‘ldilar. Bu to‘g‘rida TechWorm nashri xabar tarqatgan.

Musobaqaning ilk kunida jamoa MacOS tizimining “ojiz nuqta”si orqali tizimga kirib, qurilmadagi ma’lumotlarni olishga erishgan. Jamoa mutaxassislari buning uchun 10 ming dollarga ega bo‘lishdi. Shuningdek, Chaitin Security Research Lab komandasi ham MacOS tizimining himoyasini buza olgani uchun shuncha mablag‘ bilan taqdirlangan.

Windows operatsion tizimini buzishga muvaffaq bo‘lgan 360 Security hamda Team Sniper jamoasining har biriga 15 ming dollardan mukofot puli berilgan.Umuman olganda, bu musobaqa mablag‘ fondi bir million dollarni tashkil etadi.

Shu bilan birga, Team Sniper va Sword Team jamoalari Microsoft Edge brauzeri tizimini buza olishgani uchun 55 ming dollardan pul olishgan. Chaitin Security jamoasi esa Mozilla Firefox brauzerining, 360 Security Safari brauzerining axborot xurujlariga ojiz nuqtasini aniqlashgani uchun 35 ming dollardan pul olishgan.

Pwn2Own — 2007 yildan boshlab jahondagi eng kuchli hakkerlar ishtirokida o‘tkaziladigan CanSecWest axborot xavfsizligi anjumani doirasidagi xalqaro turnir. Uning qoidalariga ko‘ra, ishtirokchilar belgilangan vaqt mobaynida muayyan qurilma va dasturning himoya tizimining ojiz joyini aniqlab, tizimga kirishlari kerak bo‘ladi. Natijada, bu dastur ishlab chiqaruvchisi o‘z mahsulotining virus va kiber hujumlarga ojiz bo‘lgan jihatlarini bilib oladi.