Hindistonlik milliarder: barchaga tekin 4G

Hindistonlik milliarder: barchaga tekin 4G

Hindistonning eng boy kishisi hisoblanadigan Mukesh Ambani 5 sentyabr kuni Reliance Jio nomli 4G tarmoqda xizmat ko‘rsatadigan operatorni ishga tushirdi. Loyihaga milliarder tomonidan 20 mlrd AQSh dollari miqdorida sarmoya sarflangan. Mamlakatning 80% hududini qoplagan 4G tarmoq 5 sentyabrdan e’tiboran o‘z faoliyatini boshlagan. Eng qizig‘i, istagan abonent ushbu operator tarmog‘i xizmatlaridan yil oxirigacha bepul foydalanishi mumkin. Keyinchalik esa mobil internet uchun oylik to‘lov bor-yo‘g‘i 149 rupiyni (2,25 dollar) tashkil qiladi. Bu haqda CNN nashri xabar bergan.

Ambani mazkur operator orqali hindistonliklar hayotini “raqamlashtirishga” va’da bergan. CNN ma’lumotiga ko‘ra, Hindistondagi beshta yoshdan faqat bittasi internetdan foydalana olarkan, juda ham kam qoplamdagi Wi-Fi tarmoqlari mavjud, qishloq hududlarida esa mobil tarmoqning ishlashi qoniqarli emas. Milliarder aynan mana shu sabablar tufayli mazkur loyihaga qo‘l urgan.

Haqiqatan ham, shu kungacha Hindiston aholisining ko‘pligi va foydali investitsiya sharoiti bilan gigant kompaniyalarning diqqatini tortib kelmoqda. Masalan, Google mamlakatdagi vokzallar bo‘ylab tekin Wi-Fi tarmoqlarini tashkillashtirgan, Facebook esa servisning tekin versiyasini ishga tushirishga harakat qilgan.

Ma’lum qilinishicha, Reliance Jio butun mamlakat bo‘ylab 100 000 dan ortiq telekommunikatsiya antennalarini o‘rnatib chiqqan. Ambanining aytishicha, mobil operator ayni paytda 18 000 ta shahar va 200 000 ta qishloqlarni tarmoq qoplami bilan ta’minlagan.

Albatta, bunday shiddatli kompaniyaning telekommunikatsiya bozorida paydo bo‘lishi Hindistondagi boshqa mobil operatorlarni shoshirib qo‘ydi. Ular o‘z mijozlarini saqlab qolish uchun tarif rejalarini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘lishdi. Misol uchun Airtel 3G va 4G xizmatlari uchun tariflar narxini 80%ga arzonlashtirgan, Vodafone esa tarif rejasiga kiritilgan internet hajmini 70%ga ko‘paytirgan.

Bugun Dehli shahrida o‘tkazilgan  mobil internet sinovlarida Reliance Jio’ning yuklab olish tezligi 21 megabit/soniyani qayd etgan. Shubhasiz, bunday yirik sarmoya kiritilgan kompaniya butun Hindiston hududida sifatli aloqani ta’minlamay qolmaydi. Eng asosiysi, operator tariflari juda arzon narxda abonentlarga taklif qilinmoqda.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.